O‘zbekiston | 16:41 / 26.04.2022
31406
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimligi barchani o‘ynatadigan topshiriq berdi

“Andijon polkasi oyligi” e’lon qilinishi munosabati bilan, viloyatdagi barcha korxona va tashkilotlarning rahbarlariga mehnat jamoasining Andijon polkasiga raqs tushishini ta’minlash va bu haqda hokimlikka fotohisobot berib borish topshirig‘i berildi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida o‘tkazilgan hokimlik soatida Andijon polkasi yaratilganining 100 yilligi va “Andijon polkasi” xalq ansambli tuzilganining 65 yilligini nishonlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Topshiriqqa binoan, 25 apreldan boshlab viloyatdagi barcha tashkilot, muassasa va idora rahbarlari, barcha darajadagi ta’lim muassasalari, umuman viloyat hududida joylashgan va “o‘zini haqiqiy andijonlikman deb bilganlar” butun jamoasi, hamkasblari bilan har kuni Andijon polkasi raqsiga tushishni odat tusiga kiritishlari lozim.

Ushbu topshiriq va viloyatda “Andijon polkasi oyligi” e’lon qilingani haqida viloyat hokimi o‘rinbosari Azizxon Maksumov 25 aprelda imzolagan, viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga yuborilgan xabarnomada ma’lum qilingan.

Xabarnomada, shuningdek, Andijon shahridagi barcha jamoat transporti, savdo do‘konlari, bozorlar, mehmonxonalar, avto va temiryo‘l vokzallari hamda odamlar gavjum bo‘lgan boshqa joylarda Andijon polkasiga bag‘ishlangan chellenjlar va fleshmoblar tashkil qilish zarurligi belgilangan.

Barcha tashkilot, muassasa va idoralar “Andijon polkasi oyligi” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar yuzasidan har hafta juma kuni fotoalbom va yozma axborotni viloyat hokimligining turizm kotibiyatiga taqdim etishi belgilangan.

Andijonda ushbu topshiriqni ijro etishga darhol kirishgan tashkilotlar bor. Turli davlat tashkiloti, idoralari va o‘quv dargohlari Andijon polkasini jo‘r bo‘lib ijro etishga kirishishgan. Masalan, Andijon tumanida:

Andijon polkasi Shahrixon tumanidagi 15-bog‘cha tarbiyalanuvchilari va tarbiyachilari talqinida:

Bo‘ston tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari Andijon polkasi sadolari ostida gimnastika jarayonini o‘tkazishgan:

Qo‘rg‘ontepa tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi ishchi xodimlarining ijrosi:

Andijon avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi xodimlarining chellenji:

“Muruvvat uyi” mehnat jamoasi tomonidan ijro etilgan raqs:

Qo‘rg‘ontepa tumani Pedagogika kolleji talabalarining chiqishi:

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida (avvalgi Qurilish kolleji) ijro etilgan polka:

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi tibbiyot texnikumi talabalari polka sadolari ostida gimnastrada jarayonini o‘tkazdilar:

Albatta, viloyat rahbariyatining Andijon polkasi yubileyini nishonlash haqidagi tashabbusi yaxshi g‘oya. Lekin gap uni qanday qilib amalga oshirishda. Masalan, hozir tadbirbozlik, ma’muriy buyruqbozlik ko‘rinishida berilgan topshiriqdan so‘ng chiroyli tadbir qanday xunuk ko‘rinish olganini ko‘pchilik foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda qayd etib turishibdi.

Ushbu raqslar tanlovini chiroyli tanlov tarzida, yoshlar va korxonalar kesimida o‘tkazish mumkin edi. Zero, Andijon polkasini Andijonning o‘zida ham hamma chiroyli ijro etib bera olmaydi. Yoppa andijonliklar emas, eng mohir raqqos va raqqoslarning ijrosida yanada jozibali ko‘rinar edi.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Mavzuga oid