O‘zbekiston | 12:04 / 17.07.2021
26731
6 daqiqa o‘qiladi

«Aqlli» hisoblagichlar «aqlsiz» baza bilan kelishmaganda: vodiyda oldindan to‘lov qilgan iste'molchilarning gazi o‘chib qolyapti

Hozirgi kunda ko‘plab tabiiy gaz iste'molchilari yangi, «aqlli» hisoblagichlardan foydalanib kelmoqda. Bu hisoblagichlar ta'minotni yaxshilashi, xususan, sun'iy qarzdorlik yuzaga kelishining oldini olishi kutilgandi. Ammo o‘rnatilganiga bir yil ham bo‘lmay «aqlli» hisoblagichlar muammo chiqarmoqda. Ayniqsa, iste'molchi tabiiy gazdan qarzdorligini uzib, keyingi iste'mol uchun pul to‘lab qo‘yganiga qaramay, hisoblagichning qayta ishga tushmasligi odamlarni sarson qilyapti.

Tahririyatga Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolardan aynan shu mazmundagi murojaatlar bo‘ldi. Iste'molchilar yangi hisoblagich bilan bog‘liq muammolar ularni qiynab yuborgani, gaz ta'minoti idorasiga qatnayverib sarson bo‘layotganlarini aytishdi.

Farg‘ona shahrida yashovchi iste'molchilardan biri shunday deydi: «10-15 kun oldin gazimiz o‘chib qoldi. 370 ming so‘m qarz bo‘lganim haqida sms keldi. «Gorgaz»ga borib tekshirtirsam, 40 ming so‘m qarz chiqarib berishdi. 20 ming so‘m ortiqchasi bilan 60 ming so‘m to‘lab qo‘ydim. Keyin ariza yozdirib olishdi, hisoblagichni suratga olib keling, deyishdi. Shunday qildim. Keyin xodimlar borib gazni yoqib berishdi.

Kuni kecha esa 300 ming so‘m qarzingiz bor, deb yana sms keldi. «Gorgaz»ga borsam, sizda qarzdorlik yo‘q, 15 ming so‘m haqqingiz bor ekan deyishdi. Nimaga bunaqa bo‘lyapti desam, bazada nosozlik bo‘layotganini aytishdi. Bugun 15 iyul kuni ertalab yana gaz o‘chib qoldi. «Gorgaz»ga borsam, u yerda to‘plangan ko‘pchilikning ham dardi shu ekan.

O‘zini muhandis deb tanishtirgan Javlon ismli yigit odamlarni qabul qilib «Harakat qilyapmiz, xonadonlarga borib, gazni yoqib berish uchun bir-ikki xodim ishlayapti xolos, ular ulgurmayapti», dedi. U yerda 50 nafarga yaqin odam shu muammodan arz qilayotgandi», deydi farg‘onalik murojaatchi.

Muammo qayerdan kelib chiqayotganiga aniqlik kiritish maqsadida «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta'minoti filiali rahbariyati bilan bog‘landik. Filial direktorining servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha o‘rinbosari Ziyodullo Fozilov noqulayliklar yuzaga kelishiga yangi tizimdagi nosozlik sabab bo‘layotganini aytdi.

«2020 yil 24 sentyabrda prezidentimizning «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori chiqqan. Unda tabiiy gaz hisobini puxta yuritish, bu borada inson omilini qisqartirib, ishlarni to‘g‘ri yo‘lga solish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xonadonlarga yangi hisoblagichlar o‘rnatish belgilangan. Biz viloyatimiz bo‘yicha 299 ming 76 ta hisoblagich o‘rnatishimiz kerak. Hozirgacha 120 mingdan oshiq hisoblagichlar o‘rnatildi va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Savolingizga keladigan bo‘lsak, yangi hisoblagich o‘rnatilgan iste'molchilarning qarzdorligi bo‘lsa-yu, u to‘lov amalga oshirsa, telefoniga 4 ta raqamdan iborat yoqish kodi boradi. O‘sha 4 ta raqamni kiritish uchun 15 ta amalni bajarish kerak bo‘ladi. Bu esa iste'molchilarga qiyinchilik tug‘dirayotgan edi. Shu bois biz aholiga qulaylik yaratish maqsadida pul to‘lagan iste'molchiga kod borib, avtomatik ravishda uchta tugmani bosish orqali gaz yonadigan tizimni joriy qilyapmiz.

Billing tizimi yangilanish arafasida turgani uchun noqulayliklar bo‘layotganini tan olamiz. Buni tez orada bartaraf etish bo‘yicha «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta'minoti filiali hamda «Hududgaz ta'minot» AJning tegishli mutaxassislari tinimsiz ishlamoqda. Shaxsan o‘zimga tanishlarimdan 10-15 kishi murojaat bilan chiqyapti. «Farg‘ona shahargaz» hududida kuniga 100-150 tadan murojaat bo‘lyapti. O‘rtada tushunmovchilik bo‘layotgani uchun mahalliy televideniye orqali tushuntirishlar beramiz. Hozirda tezkor yig‘ilish tashkil qilib, shu masala bo‘yicha gaplashdik. Buni aholiga tushuntiramiz.

Hozirda yangi billing tizimimiz ishga tushdi. Endilikda iste'molchining hisoblagichiga avtomatik ravishda kod yuboriladi. Iste'molchi 15 ta emas, 3 ta tugmani bosishi bilan gazi yonadigan bo‘ladi. Hozir aniq vaqtini aytolmayman, lekin muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etamiz. Yangilangan tizim ishga tushib, hisoblagichlar yoqilishni boshladi. Biroq tizim 100 foiz ishga tushdi, deb ayta olmayman. Bu bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berib boramiz. Iste'molchilarga noqulaylik keltirganimiz uchun uzr so‘raymiz. Hozirgi maqsadimiz aholiga qulaylik yaratishdan iborat. Shu maqsad yo‘lida hammamiz ishlayapmiz», deydi Ziyodullo Fozilov.

«Aqlli» hisoblagichlar bilan bog‘liq Andijon va Namangandan ham murojaatlar bo‘ldi. «Hududgaz» AJ iste'molchilarga yangi turdagi hisoblagich o‘rnatishdan oldin, markazlashgan bazaning mukammal ravishda, kamchiliksiz ishlashini yo‘lga qo‘yganida, bugungi kabi muammolar bo‘lmas edi. Hozircha esa «aqlli» hisoblagichlarning «aqlsizligi» iste'molchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Umid qilamiz, gaz eng kerak bo‘ladigan sovuq kunlargacha muammo bartaraf etiladi.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid