O‘zbekiston iqtisodiyotining 30 foizdan ortig‘i norasmiy iqtisodiyotni tashkil etadi
Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotida norasmiy iqtisodiyot ko‘lami YaIMga nisbatan 32 foizni tashkil qiladi. Davlat statistika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Dilshod Xolmurodov AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi. U Kun.uz muxbiri savoliga javob berar ekan, O‘zbekistonda “kuzatilmaydigan iqtisodiyot”ning birinchi turi bo‘yicha statistika yuritilishini bildirdi.
Dilshod Xolmurodov jurnalistning O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ko‘lami qanday, degan savoliga quyidagicha javob berdi.
“Xalqaro statistika amaliyotida “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” degan ibora ishlatiladi. Bu 3ga bo‘linadi. Birinchisi, “norasmiy iqtisodiyot”, deb yuritiladi. Bunda uy xo‘jaliklari o‘zi va bozor uchun mahsulot ishlab chiqarishi, yetishtirishi. Keyingisi “yashirin iqtisodiyot”. Soliqdan, sanitariya va sertifikatlashga doir muayyan talablarni aylanib o‘tish uchun, asosan, yirik ishlab chiqarish sub'yektlari tomonidan yo‘l qo‘yiladi. Uchinchisi, bu “noqonuniy”, ya'ni qonunchilikda taqiqlangan faoliyat turlaridir.
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi 3ta yo‘nalish bo‘yicha “norasmiy iqtisodiyot” qismida statistik baholash yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida norasmiy iqtisodiyot ko‘lami YaIMga nisbatan 31-32 foizni tashkil qiladi.
Statistika bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqishda ham “yashirin iqtisodiyot”ga doir masala kiritilgan. Qo‘mita Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda “yashirin iqtisodiyot”ni statistik baholash usullarini ishlab chiqmoqda. Bu yil oxirigacha tajriba tariqasida bir viloyat kesimida jahonda qabul qilingan usullardan foydalangan holda dastlabki statistik amaliyotlar o‘tkazilsa, kelasi, 2021 yildan “yashirin iqtisodiyot” ko‘lamiga ham baho berib boriladi”, - dedi Dilshod Xolmurodov.
Jurnalist, shuningdek, aholini ro‘yxatga olish, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish va Statistika qo‘mitasini va uning hududiy boshqarmalarini jihozlash ishlariga qancha mablag‘ sarflanishi belgilanganiga ham qiziqdi.
Davlat statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayevning bildirishicha, 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish ishlariga 100 mln dollardan ko‘proq mablag‘ sarflanishi hisob-kitob qilinmoqda.
Qo‘mita raisining iqtisodiy statistika bo‘yicha o‘rinbosari A'zam Ikromov esa, aholini ro‘yxatga olish amaliyoti yakunlanganidan so‘ng, 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilishini bildirar ekan, hozircha, bu amaliyotga qancha mablag‘ sarflanishi xususida aniq bir ma'lumot berishga vaqtli ekanini qayd etdi.
Qo‘mita raisining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zohidjon Ziyoyev jurnalist savoliga javob berar ekan, qo‘mita va uning hududiy boshqarma va bo‘limlarini yangi axborot texnologiyalari bilan ta'minlash, yangi serverlar xarid qilish maqsadiga 14 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilanganini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
11:28 / 20.11.2024
Hukumat investitsiya kompleksi iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushiradi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
19:18 / 05.11.2024