O‘zbekiston | 08:10 / 07.10.2020
7663
4 daqiqa o‘qiladi

Tashqi reklama bozorida tartibsizlik. Mutasaddilar va tadbirkorlar nima deydi?

Toshkent shahri va butun respublika ko‘chalarida minglab tashqi reklama bannerlariga ko‘zimiz tushadi. Lekin ularning kim tomonidan, qanday tartibda o‘rnatilganiga, bu kabi reklama peshtaxtalarning o‘zi katta bir soha ekaniga ko‘p ham e'tibor bermaymiz.

Soha vakillarining aytishicha, tashqi reklama konstruksiyalari biznesidan ham davlat budjetiga yaxshigina soliq tushumlari tushadi.

Ayni paytda ko‘chalardagi tashqi reklama konstruksiyalarini invertizatsiya qilish, tozalash va yangilash ishlari olib borilmoqda. Soha vakillari nomidan tahririyatga yo‘llanayotgan murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayni kunlarda ushbu sohada biroz tartibsizliklar, davlat vakolatli idoralari va biznes egalari o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.

Shu munosabat bilan Kun.uz reklama konstruksiyalari egalari va ushbu sohaga mas'ul davlat tashkilotlari vakillari o‘rtasida ochiq munozara minbarini tashkil qildi va unda vujudga kelayotgan muammolar atroflicha muhokama etildi.

O‘zbekistonda reklama bozorini 1998 yilda qabul qilingan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun tartibga solib keladi. 2020 yil 20 fevralda Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori kuchga kirgach, tashqi reklama konstruksiyalarini isloh qilish boshlangan.

Tadbirkor Anvar Yo‘ldoshevning aytishicha, qarorning ko‘plab bandlari hozircha ishlamayapti.

Anvar Yo‘ldoshev

Bir necha yillardan beri reklama konstruksiyalari bilan ishlab kelayotgan Baxriddin Ismoilxo‘jayevning aytishicha, konstruksiyalar o‘rtasidagi oraliq masofa sabab qonuniy ishlayotgan reklamachilarning konstruksiyalari endilikda noqonuniyga chiqib qolmoqda.

«Sababi qonuniy o‘rnatilgan reklama konstruksiyasi oldiga noqonuniysini o‘rnatib ketishmoqda. Natijada ikkala reklama konstruksiyasi ham noqonuniyga chiqib qolmoqda», – deydi tadbirkor.

Baxriddin Ismoilxo‘jayev

Bundan tashqari, ayni vaqtda hukumat tomonidan tashqi reklama konstruksiyalarini invertizatsiyalash amalga oshirilmoqda. Bunda faqat qonuniy reklama bannerlari hisoblanib, noqonuniylariga teginilmayapti. Tadbirkorlar esa tekshirishda barcha reklama konstruksiyalari qamrab olinishini istashyapti.

Shuningdek, qaror bo‘yicha tashqi reklama konstruksiyalarining ko‘pchiligi monitorlar bo‘lishi kerakligi aytilgan.

Tadbirkor Ahmadjon Sodiqovning fikriga ko‘ra, bu birinchidan imkonsiz. Ikkinchidan, bunday qilinishi mablag‘i kam tadbirkorlarni sindirib, reklama bozorining monopollashuviga olib keladi. Shuningdek, monitorlarni o‘rnatish uchun ko‘chalar talabga javob bermasligi, fuqarolarga noqulayliklar tug‘ilishi va yo‘l harakati xavfsizligiga ham jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

Ahmadjon Sodiqov

Uchrashuvda ishtirok etgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi rahbari Elmurod Hayitmetovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror loyihasi tayyorlanish jarayonida chet el tajribasi o‘rganilgan. Shuningdek, bu qaror bilan noqonuniy reklama konstruksiyalariga chek qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi rahbari Elmurod Hayitmetov

Hayitmetov qaror loyihasini tayyorlashda reklama konstruksiyalari egalarining takliflari inobatga olinganini qo‘shimcha qildi.

Agentlik rahbarining ma'lumot berishcha, monitorlar bilan bog‘liq ishlarni Toshkent shahar hokimligi ishlab chiqqan. Bu shaharning zamonaviy va chiroyli qiyofasini ishlab chiqish uchun joriy qilinmoqda.

Ma'lumot uchun aytish lozimki, «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli qarorga ko‘ra, tashqi reklama obektlari sohasidagi munosabatlar tubdan isloh qilinib, sohaga oid qator qonun hujjatlari tasdiqlangan. O‘rnatilgan yangi tartib va qoidalar soha vakillarining e'tirozlariga sabab bo‘lgan.

Suhbatni to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid