Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Ko‘cha bezorisi: xarobadan chiqqan bosqinchi qanday qilib Rossiya prezidenti bo‘ldi"
Britaniyaning Daily Mirror nashri RF prezidenti Vladimir Putinning og‘ir bolaligi haqida "Ko‘cha bezorisi: xarobadan chiqqan bosqinchi qanday qilib Rossiya prezidenti bo‘ldi" nomli maqolasini chop etdi.
Nashr muxbiri Endi Layns Peterburgda bo‘lg‘usi siyosatchi voyaga yetgan uyni topishga muvaffaq bo‘ldi va uning uzoq tanishi bilan muloqot qildi. Jurnalist Putinning "ko‘chalarda bandalar kezib, shafqatsiz ziddiyatlar oddiy hol bo‘lgan, bolalar esa ochlikdan o‘layotgan bir davrda" dunyoga kelganini ta'kidlagan.
"Bunday nochor sharoitda yashagan odamning bir kun kelib dunyoning eng badavlat va qudratli kishilaridan biriga aylanishiga ishonish qiyin", - deydi Daily Mirror muxbiri.
Britaniyalik muxbir Putinning ismini oshkor qilishni istamagan do‘stini topdi. U Daily Mirror'ga og‘ir sharoitlarda kechgan hayot qanday qilib bo‘lg‘usi prezidentning tabiatini charxlagani to‘g‘risida so‘zlab bergan.
"U shu ko‘chalarda yashashni o‘rgangan. Bu ayovsiz maktab edi - unda faqat eng kuchlilargina omon qolishi mumkin edi. Bu unga hamma narsaning iloji borligiga ishonish imkonini berdi", - deydi Putinning do‘sti.
Nashrning aniqlashicha, Putin yashagan kommunal kvartirada kalamushlar juda ko‘p bo‘lgan va ularni o‘ldirish yosh Volodyaning zimmasiga yuklatilgan.
"Men Putinning "hech qachon kalamushni burchakka taqama" deb aytganini ko‘p marta eshitganman, - deydi Putinning tanishi.
Xorij jurnalisti Vladimir Putin yashagan kvartiraga kirmoqchi bo‘ldi, biroq bunga ruxsat berishmadi.
"Prezidentning to‘rtinchi qavatdagi sobiq uyi hozirda boshqa oila tomonidan band qilingan. Biz eshikni muloyim taqillatdik va Putin o‘sgan xonani ko‘rishga ruxsat so‘radik. Bizga "yo‘q" degan javob berildi, keyin esa qarg‘ishga o‘tildi va biz ketdik", - deydi muxbir.
Prezidentning yana bir uzoq yillik tanishi muxbirga Putinning maktab yillari haqida so‘zlab berdi.
"Bu juda shafqatsiz joy edi, Putin yoshlik paytida yomon bola bo‘lgan. U yoshlardan iborat bandaga qo‘shilgan va bu oson bo‘lmagan. Bu juda-juda yomon tuman bo‘lgan va bu yerda jinoiy guruhlar ko‘p bo‘lgan", - deydi uning maktabdoshi.
Nashr versiyasiga ko‘ra, banda rahbari qo‘lga olinganidan keyin Putinga aql kirib, sport bilan shug‘ullanishni boshlagan - avval boks bilan, keyin esa dzyudo va sambo. 18 yoshida u Peterburg chempioni bo‘lgan.
"Uning otasi dengizchi bo‘lgan va urushgacha suv osti kemalarida xizmat qilgan. Keyin esa u Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga (KGB) ishga o‘tgan. Urushdan omon chiqqan askarlar orasida Putinning otasi ham bo‘lgan.
U jiddiy jarohat olgan va Peterburgga qaytganida zavodda past maosh to‘lanadigan ish bilan ta'minlashgan.
Uning onasi bir necha joyda ishlagan, ayolning bajaradigan ishlari asosan xona tozalash bilan bog‘liq edi. Aytishlaricha, bu qiyin davr bo‘lgan, lekin onasi o‘z ishini yaxshi ko‘rgan", - deydi Putinning tanishi.
Britaniya tabloidining yozishicha, Putin bo‘lg‘usi kasbini o‘smirlik chog‘idayoq tanlagan: aynan o‘shanda u josus bo‘lishga qaror qilgan. Prezidentning tanishlaridan birining aytishicha, "yosh Volodya" har kuni shahar parkida "KGB belgilarini" tekshirgan.
"Qo‘shnilardan biri parkdagi o‘rindiqqa saqich yopishtirib, uning ustidan kulmoqchi bo‘lgan. U buni xuddi KGB uchun maxfiy paroldek bajargan va Putin bunga ishongan", - deydi uning uzoq yillik tanishi.
Daily Mirror'da ta'kidlanishicha, bo‘lg‘usi prezident Germaniyadagi KGB rezidenturasidagi faoliyati va Berlin devori qulashidan so‘ng o‘z karerasini tugallash haqida o‘ylagan. Bu uning 40 yoshida taksi haydovchisi bo‘lmoqchi bo‘lganligi kabi barchaga ma'lum fakt. Biroq nashrga ko‘ra, Putinning yuqori mansabdagi amaldorlar bilan tanishuvi uning karerasini keskin o‘zgartirib yuborgan.
"O‘zining kalamushlarcha ayyorligidan foydalanib, o‘n yildan keyin bu inson Rossiya prezidenti bo‘ldi", - deya ta'kidlaydi nashr muxbiri.
Mavzuga oid
23:06 / 26.12.2025
Rojdestvoda o‘lim tilagi: toqatsizlik nafratga aylandi
21:44 / 26.12.2025
«Rossiya Ukraina, Qozog‘iston va Kavkazni berib yuborgan». AQSh Putin va Bushning muzokaralari rasshifrovkasini maxfiylikdan chiqardi
22:56 / 25.12.2025
Zelenskiy Putinga o‘lim tilayotganiga ishora qildi va Rossiyani «xudosizlik»da aybladi
21:54 / 25.12.2025