Jahon | 09:14
1619
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Putin va Bushning NATO haqidagi suhbatini maxfiylikdan chiqardi

E’lon qilingan stenogrammadan ma’lum bo‘lishicha, RF prezidenti Rossiyani alyansga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Suhbatda Rossiyaning dunyodagi o‘rni va G‘arb bilan munosabatlar muhokama qilingan.

Foto: AP

AQSh Milliy xavfsizlik arxivi 2001 yilda RF prezidenti Vladimir Putin va o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Jorj Bush-kichik o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar stenogrammasini maxfiylikdan chiqardi. Hujjatdan ko‘rinishicha, Putin suhbat chog‘ida Rossiyani NATOga qabul qilishni so‘ragan va Moskva o‘zini alyansdan “chetlatilgan” deb his qilishi haqida aytgan.

Bush esa javoban Rossiyani G‘arbning bir qismi deb bilishini va uni dushman sifatida ko‘rmasligini aytgan. Shuningdek, u 50 yildan keyin dunyo uchun jiddiy chaqiriq sifatida Xitoy paydo bo‘lishi mumkinligini ham qayd etgan. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya manfaatlari G‘arb bilan bog‘liq, mamlakatning o‘zi ham qonun ustuvorligi, tadbirkorlik va matbuot erkinligi kabi jihatlarda G‘arbga o‘xshashi kerak.

Putin Rossiya uchun uni dushman emas deb tan olishning o‘zi muhim ekanini ta’kidlagan. U o‘z mamlakati Yevropaga mansub va AQSh kabi ko‘p millatli ekanini aytgan. Uning fikricha, Bushning “50 yildan keyingi kelajak” haqidagi gapi muhim bo‘lib, u Rossiya va AQShni ittifoqchi sifatida tasavvur qilishi mumkinligini bildirgan.

RF prezidenti, shuningdek, 1954 yilda Sovet Ittifoqi NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berganini ham eslatgan. Putin ta’kidlashicha, XX asr o‘rtalarda alyans tomonidan rad etish uchun aytilgan sabablar 2000-yillar boshiga kelib bartaraf etilgan. Shu nuqtai nazardan u Rossiya NATO a’zosi bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmagan. “Ehtimol, Rossiya (NATO) a’zosi bo‘lishi mumkin”, — degan Putin.

Putin alohida ravishda Sovet Ittifoqi parchalanishi haqida o‘z talqinini bayon qilgan. Uning fikricha, aynan SSSRning “yaxshi irodasi” jahon tartibotini o‘zgartirgan, Rossiya esa, Putin so‘zlariga ko‘ra, “minglab kvadrat kilometr” hududdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan. Bu kontekstda u Ukraina, Qozog‘iston va Kavkazni tilga olgan. Putin, shuningdek, Rossiya jamiyatining salmoqli qismi — elitalarni ham qo‘shgan holda katta o‘zgarishlardan o‘zini “aldangandek” his qilishini aytgan, uning ta’biricha, bu o‘zgarishlar “odamlar foydalanib ulgura olmaydigan darajada ko‘p erkinlik” olib kelgan.

2025 yil oktyabr oyi boshida Putin “Valday” klubi yig‘inida Rossiya NATOga ikki marta kirishga uringanini aytgan edi — 1954 yilda va 2000 yilda. U o‘sha chiqishida kichik Jorj Bush bilan bo‘lgan suhbatni eslatmagan.

Shu nutqida Putin agar NATO Rossiya chegaralariga yaqinlashmaganida va agar Ukraina “haqiqiy suverenitet”ni saqlab qolganida, Ukrainaga qarshi urushning oldini olish mumkin edi, degan tezisni yana takrorlagan. U shu kabi dalillarni 2022 yil fevral oyida keng ko‘lamli hujum boshlanganini e’lon qilar ekan, keltirgan va maqsadlardan biri NATO kengayishiga qarshi turish ekanini aytgan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin NATOga Finlandiya va Shvetsiya qo‘shildi. Natijada Rossiyaning NATO bilan chegarasi uzunligi ikki baravardan ko‘proq — taxminan 1,3 ming kilometrga oshdi. Helsinki va Stokholm ariza topshirganidan keyin Putin Moskva ularning alyansga kirishini tahdid deb hisoblamasligini aytib, shunday degan: “Istashsa — marhamat”.

Mavzuga oid