Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farzandlar otalarni sotdilar - evaziga baland minbarlar, martabalar va’da qilindi
O‘tmishimizda shunday bir davr bo‘lgandiki, ot izi it iziga aralashib ketgandi. Bu xalq kim qahramon, kim xoin, farqlay olmay qoldi. Shunday rasvo tizim ishladiki, odamlar o‘ziga ham ishonmay qo‘ydi. Bugun “5 daqiqa”da katta adibimiz Said Ahmadning “Sarob” hikoyasi orqali o‘sha davrga nazar tashlaymiz.
Asar voqealari lagerdagi mahbus, havaskor rassom nomidan bayon qilinadi. U yangi kelgan mahbuslar orasida bir tanish qiyofani ko‘rib qoladi. Shu paytdan boshlab hikoyada o‘tmish va hozirgi vaqt o‘rtasida voqealar ko‘prigi bog‘lanadi. Rassom bu odamni eslaydi, uning kim bo‘lganini, qanday mashhurlikka erishganini, nega butun mamlakat bolalari unga taqlid qilganini xotirlay boshlaydi. Shu orqali asar o‘quvchini bir inson taqdiri orqali butun bir davrning ruhiy manzarasiga olib kiradi.
Stalin davri siyosatida eng kuchli qurollardan biri qo‘rquv va ishonchsizlik muhiti edi. Davlat insonlarning faqat harakatini emas, balki fikrini ham nazorat qilishga urinardi. Buning uchun esa odamlarning o‘zi odamlarga qarshi qo‘yildi. “Xalq dushmani” degan atama huquqiy tushunchadan ko‘ra g‘oyaviy qurolga aylangandi.
Ana shu siyosatning eng ta’sirchan ramzlaridan biri Pavlik Morozov obrazi bo‘lgan. Maktablarda, pioner yig‘inlarida, gazeta va plakatlarda u namuna qilib ko‘rsatildi. Bolalarga davlatga sadoqat ota-onaga muhabbatdan ham ustun, degan g‘oya singdirildi. Natijada bolalar ongida sadoqat tushunchasi buzildi.
Hikoyadagi asosiy qahramon Kimsanboy ham ana shu muhit mahsuli. U bolaligida ideologik tarbiya ta’siriga tushadi. Davlat uning orzulari bilan o‘ynashadi. Mukofot, shuhrat, poytaxtga borish, dohiyni ko‘rish kabi orzular orqali uning ongini zabt etadi. Bu yerda yozuvchi bola tabiatiga xos soddalik va ishonuvchanlikni ko‘rsatadi. Bolaning maqsadi yomonlik qilish emasdi, u o‘zini yaxshi ish qilyapman, deb hisoblardi.
Natijada otasini davlatga sotadi. U bergan ma’lumotlar bilan millat ziyolilaridan biri bo‘lgan muallim “xalq dushmani”ga aylanadi.
Voqealar davomida o‘quvchi Kimsanboyning hayot yo‘lini ko‘radi. Bir vaqtlar butun jamiyat olqishlagan bola yillar o‘tib mutlaqo boshqa holatga tushib qoladi. Davlat uni dastlab qahramon qiladi, keyin esa uning taqdiriga befarq qoladi. Yillar o‘tib u ham otasi saqlanayotgan qamoqxonaga keladi.
Kimsanboyning ko‘ksiga Stalin surati tushirilgandi. “Dohiy” nafaqat onglarga, balki jismlarga ham egalik qilgandi.
Qahramonimizning qamoqxonadagi umri esa o‘sha suratni o‘chirish, boshqalardan yashirish bilan o‘tib ketadi.
Asarda ota obrazi katta ma’naviy yuk tashiydi. U bilimdon, ziyoli, tarixni yaxshi biladigan inson sifatida tasvirlanadi. U milliy merosni qadrlaydi, kitoblarni asraydi, ma’naviyatni himoya qiladi. Bu obraz orqali yozuvchi ikki dunyoqarashni qarshi qo‘yadi. Ota — madaniyat va ma’rifatga tayangan inson, o‘g‘il esa targ‘ibot ta’sirida shakllangan ong egasi. Ota va o‘g‘il o‘rtasidagi ziddiyat faqat oilaviy emas, balki ma’naviy to‘qnashuvga aylanadi. Bir tomonda tarixni anglaydigan inson, ikkinchi tomonda esa tarixni targ‘ibot orqali qabul qilgan inson gavdalanadi.
Kimsanboy o‘z qilmishlarining haqiqiy mohiyatini kech anglaydi. U hayoti davomida sodiqlik deb o‘ylagan narsa aslida uni halokatga olib kelganini tushuna boshlaydi.
Asar bejizga “Sarob” deb nomlanmagan. Sarob bu — cho‘ldagi yolg‘on manzara, yaqinlashganing sayin yo‘qoladigan umid. Qahramonning butun hayoti ana shu sarob ortidan quvishga o‘xshaydi. U ishongan ideallar, u qahramon deb bilgan timsollar, u sodiq deb hisoblagan g‘oyalar vaqt o‘tishi bilan boshqacha ma’no kasb etadi.
Xulosa
“Sarob”ni odatdagi tarixiy hikoya emas, balki jiddiy ogohlantirish degan bo‘lardim. U o‘tmish haqida so‘zlasa-da, mazmunan barcha davrlarga tegishli. Chunki har qanday davrda ham insonni aldovga ishontirish mumkin, agar u haqiqatni mustaqil izlashdan voz kechsa.
Mavzuga oid
17:30 / 28.03.2026
Odamzodni “mukammallashtirish” orzusi qanday yakunlandi? | 5 daqiqa
16:45 / 14.03.2026
Ikki asr avval ogohlantirilgan xavf: orzularni umringiz evaziga sotib olasiz / 5 daqiqa
11:30 / 07.03.2026
Dunyoning navbatdagi jarohati - urushlar barchani mag‘lub qiladi / 5 daqiqa
16:30 / 28.02.2026