Jamiyat | 16:45
4773
5 daqiqa o‘qiladi

Ikki asr avval ogohlantirilgan xavf: orzularni umringiz evaziga sotib olasiz / 5 daqiqa

Dunyoda har bir istakning bahosi, badali bo‘lishi haqida eshitganmisiz? Aytaylik, xohishlaringiz evaziga umringiz qisqarib borishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Onore de Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” romani mana shunday savollarga javob beradi. Asar inson tabiati, orzu, nafs va hayot qiymati haqida bahs yuritadi. “5 daqiqa”ning bugungi sonida biz orzular badali, insonning chegara bilmas istaklari to‘g‘risida gaplashamiz.

“Sag‘ri teri tilsimi”ning asosiy qahramonlaridan biri Rafael de Valenten ismli yosh yigit. U aslzoda tabaqaga mansub, o‘qimishli, orzularga berilgan, ta’sirchan inson. Lekin orzuning kattaligi hamma vaqt ham insonni qutqarmaydi. Rafael hayotda o‘zi istagan mavqega erisha olmaydi, moliyaviy qiyinchiliklarga botadi, ruhan sinadi va oxir-oqibat hayotdan butunlay ko‘ngli soviydi.

Shunday ruhiy tushkunlik paytida Rafael Parijdagi antiqa buyumlar do‘koniga kirib qoladi. Do‘kon egasi yigitga sehrli xususiyatga ega bo‘lgan sag‘ri terisini ko‘rsatadi. Bu teri g‘oyat g‘ayrioddiy kuchga ega bo‘lib, u har qanday istakni amalga oshiradi. Lekin bu mukofot tekinga berilmaydi. Har bir bajarilgan istak bilan teri biroz kichrayadi, teri kichraygan sari istak egasining ham umri qisqaradi.

Teri — shunchaki sehrli narsa emas. U inson hayoti, vaqti, quvvati va taqdirining ramziga aylanadi. Rafael boshida bu ogohlantirishni jiddiy qabul qilmaydi. Chunki umidsiz, qashshoq va ruhan singan odam uchun tez boyish, tezroq baxtli bo‘lish imkoniyati o‘lim xavfidan ham kuchliroq tuyuladi. Shuning uchun u terini qabul qiladi va istak bildirishni boshlaydi.

***

Rafaelning istaklari asosan boylik, mavqe, huzur-halovat va muhabbat atrofida aylanadi. U qashshoqlikdan qutulishni, jamiyatda tanilishni, hayotning lazzatlarini tatib ko‘rishni xohlaydi. Uning hayoti bir lahzada o‘zgaradi: kechagina hech kim bo‘lmagan yigit birdan imkoniyatlar, pul va ta’sir doirasiga kirib boradi.

Biroq Rafael har gal teri kichrayganini ko‘rganida, o‘zi ham o‘limga yaqinlashayotganini his qiladi. Shunday qilib, orzu insonni qutqaruvchi kuchdan halokat quroliga aylanadi.

Rafael ma’lum bir nuqtadan keyin istak qilishdan qo‘rqa boshlaydi. U hayotdan rohat olish o‘rniga, har bir qadamda o‘z umrining qolgan qismini hisoblab yashaydi. Hatto qalbida tug‘ilgan tabiiy xohish ham uni dahshatga sola boshlaydi. Chunki u biladiki, istak bu faqat xohish emas, balki umrdan uzilgan bir bo‘lakdir.

Yigitning hayotida turli ayol obrazlari orqali ikki xil olam namoyon bo‘ladi. Bir tomonda tashqi go‘zallik, havoyi havas, jamiyatning yaltiroq, ammo ichi bo‘sh muhiti turadi. Ikkinchi tomonda esa samimiyat, qalb pokligi, insonga inson sifatida mehr qo‘ya olish qobiliyati namoyon bo‘ladi. Balzak shu orqali insonni halokatga olib boradigan faqat pul yoki hirs emasligini, ba’zan noto‘g‘ri tanlangan muhabbat va soxta hissiyotlar ham uni botqoqqa tortiishi mumkinligini ko‘rsatadi.

“Sag‘ri teri tilsimi”ni ochig‘i, ko‘pchiligimiz orzu qilib ko‘rganmiz. Qaniydi orzularni ro‘yobga chiqaruvchi bir kuch bo‘lsa-yu, barcha istaklaringga erisha qolsang. Biroq istaklar yangi istaklarni chaqiradi, inson to‘xtashni unutib qo‘yadi.

Bugun ham ko‘pchiligimiz tez boyishni, tanilishni, muvaffaqiyatga erishishni istaymiz. Ijtimoiy tarmoqlar, reklama, doimiy raqobat odamni shunday kayfiyatga soladiki, u go‘yo bir umr orzularni amalga oshirish uchun yugurishi kerakdek. Pul, nufuz, qulaylik, e’tibor — bularning bari zamonaviy insoniyatning yangi sag‘ri terisiga aylangan.

Rafael terini kattalashtirish yoki uning ta’sirini yo‘q qilish uchun turli yo‘llarni qidiradi. Ammo hech kim bu sirli kuchni yengolmaydi. Inson taqdirida shunday chegaralar borki, ularni boylik, ilm va hokimiyat bilan ham yengib bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, insonning haqiqiy muammosi imkoniyat yo‘qligida emas, balki mavjud imkoniyatni qanday ishlatishida. Agar orzu hayotdan ustun qo‘yilsa, orzu halokatga aylanadi. Agar nafs aqldan ustun kelsa, inson o‘z qo‘li bilan o‘zini yo‘q qiladi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid