Jahon | 17:22 / 02.05.2016
6155
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Xitoy AQShga bosim o‘tkazmoqda

Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzodlar orasida yetakchi bo‘lib turgan Donald Tramp Xitoy savdo siyosatini tanqid qildi. Bu haqda CNN agentligiga tayanib RIA Novosti xabar berdi.

“Biz Xitoyga mamlakatimizni zo‘rlashda davom etishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, deya ma'lum qildi Tramp Indianadagi saylovoldi mitingida. 

CNN telekanalining aniqlik kiritishicha, “zo‘rlash” so‘zi ostida Tramp xalqaro savdoda Xitoyning AQShdan ilg‘orlab ketishini tushunadi. 

Milliarder Xitoyni valyuta manipulyatsiyalarida ko‘p marta ayblagan. Uningcha, aynan valyuta qallobliklari tufayli Xitoy eksport mahsulotlari jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lib bormoqda. 

Siyosatchining fikri bo‘yicha, bu Amerika kompaniyalari va ularning hamkorlariga ziyon yetkazmoqda. 

Indianada chiqish qilar ekan, Tramp ushbu vaziyatni o‘zgartirishga so‘z berdi. “Biz bu holatni o‘zgartiramiz. Bizda hamma kartalar bor, shuning unutmang”, degan u. 

Tramp, shuningdek, Xitoydan emas, “haddan ziyod mas'uliyatsiz amerikalik liderlardan” g‘azabda ekanini qo‘shimcha qilgan.