O‘zbekiston | 19:05 / 20.08.2020
14378
3 daqiqa o‘qiladi

«MISiS»ning Olmaliqdagi filialida kirish imtihonlari boshlandi – fotoreportaj

Yangi o‘quv yilida Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining Olmaliq shahridagi filialiga 250 nafar talaba qabul qilinadi.

20 avgust kuni Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS» Olmaliq filialida kirish imtihonlari boshlandi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligining axborot xizmati.

«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJga qarashli «Metallurg» sport majmuasining stadionida o‘tkazilayotgan imtihonlar 20-22 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining Olmaliq filialiga 1309 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Qayd etilishicha, imtihonlar «Matematika», «Fizika», «Informatika» («Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish» ta'lim yo‘nalishi uchun) va «Rus tili» fanlaridan yozma ravishda o‘tkazilmoqda. Jarayon shaffof va obektiv o‘tishini ta'minlash maqsadida filialning professor-o‘qituvchilari, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning Yoshlar ittifoqi vakillaridan iborat kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Imtihondan avval «Metallurg» stadionining kirish joylariga dezinfeksiya tunellari, videokuzatuv uskunalari, yoritish moslamalari o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda O‘zbekistonda test sinovlari stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazilishi tasdiqlangan.

«Toshkent viloyatidagi umumta'lim maktablari hamda kasb-hunar kollejlarining 52 mingdan ziyod bitiruvchilaridan qariyb 40 ming nafari oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan.

Viloyatdagi mavjud 5 ta oliy ta'lim muassasalariga 2020–2021-o‘quv yili uchun 7825 nafar (4 650 nafari kunduzgi, 2 725 nafari sirtqi va 450 nafari kechki ta'lim uchun hujjat topshirgan) talaba qabul qilish rejasi belgilangan. Shuningdek, bu yil xotin-qizlar uchun ham alohida grantlar ajratildi.

Shunga asosan viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga viloyat bo‘yicha jami 1714 nafar xotin-qiz hujjat topshirgan bo‘lib, komissiya tomonidan hujjatlar nizom asosida o‘rganilgan va ularning 1142 nafariga tavsiyalar berildi», deya Toshkent viloyati hokimining matbuot kotibi Behzod Qobulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid