Jamiyat | 12:19 / 30.06.2017
119038
6 daqiqa o‘qiladi

FHDYo organlariga qanday hujjatlar talab etiladi?

Foto: "Kun"

Nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun FHDYo organlariga zarur bo‘lgan hujjatlar qanday? Norma.uz bu borada tavsiyalar berdi.

Nikohlanayotgan shaxslardan birining yashash joyi bo‘yicha FHDYo organlari tomonidan nikoh rasmiylashtiriladi. 

FHDYoga ariza berganda oila qurmaganligi haqida ma'lumotnoma taqdim etish shartmi?

Nikoh tuzilganligini rasmiylashtirish uchun FHDYoga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: 

•  nikoh tuzish istagida bo‘lganlarning belgilangan namuna bo‘yicha arizasi nikoh rasmiylashtirilishidan kamida bir oy muddat oldin taqdim etiladi;

•  shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar: pasport, shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma yoki harbiy xizmatchining harbiy bileti.

Muqaddam nikohda bo‘lgan shaxslar avvalgi nikoh bekor qilinganligi haqidagi hujjatlarni ham taqdim etishlari darkor.

Nikohni rasmiylashtirish uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi – EKIHning 20%i

Nikoh tuzilganligini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi arizani olishda FHDYo organlari nikoh tuzayotgan shaxslarga tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun yo‘llanmalar beriladi.

Tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi.

Tibbiy tekshiruv shifokorlar – psixiatrlar, narkologlar, dermato-venerologlar, ftiziatrlar (dispanserlar va tuman kabinetlarida) yashash joyi bo‘yicha bepul ravishda shaxslarning tibbiy muassasaga murojaat etgan kundan e'tiboran 2 haftadan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.

Nikoh qurayotgan 50 yoshdan katta shaxslarning tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi majburiy emas, ularning roziligi bilan o‘tkaziladi.

Nikohlanayotgan shaxslar ruhiy, narkologik, teri-tanosil kasalliklari, sil va OITV/OITS bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi.

Ruhiy xastaliklar bo‘yicha tekshiruvlar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yashash joyi bo‘yicha poliklinikaning psixiatr shifokori tomonidan o‘tkaziladi.

Tuman psixiatr shifokori bo‘lmagan taqdirda ruhiy tekshiruv tumanlararo yoki viloyat psixonevrologik dispanseri psixiatr shifokorlari tomonidan o‘tkaziladi.

Viloyat markazlari va Toshkent shahri aholisi hududiy viloyat yoki shahar psixonevrologik dispanserida tekshiruvdan o‘tadi.

Toshkent shahridagi 1-son shahar psixonevrologiya dispanseri Yakkasaroy, Chilonzor, Uchtepa, Olmazor, Shayxontohur tumanlariga xizmat ko‘rsatadi. Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasi, 94-uy manzilida joylashgan.

Toshkent shahridagi 2-son shahar psixonevrologiya dispanseri Mirobod, Yashnobod, Sergeli, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Bektemir tumanlariga xizmat ko‘rsatadi. Yashnobod tumani, Qorasuv ko‘chasi, 25-uy manzilida joylashgan. 

Shaxsning psixonevrologik hisobga olinmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma erkaklar uchun – pasport va harbiy bilet yoki harbiy ro‘yxatga olish guvohnomasi (45 yoshgacha),  ayollar uchun – pasport bo‘lgan taqdirda  beriladi.

Narkologik tekshiruv yashash joyi bo‘yicha narkolog shifokor tomonidan o‘tkaziladi (narkologiya dispanserida yoki tuman narkologiya kabinetida).

Toshkent shahar narkologiya dispanseri Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasi, 32-uy (sobiq 7-tug‘ruqxona) manzilida joylashgan. Pasport va yashash joyi bo‘yicha poliklinika yo‘llanmasini o‘zi bilan olish kerak.

Zaxm kasalligiga tekshiruv teri-tanosil dispanserida yoki yashash joyi bo‘yicha poliklinikada dermato-venerolog shifokor tomonidan o‘tkaziladi. U shaxsni umumqabul qilingan uslubiyat bo‘yicha tekshiradi.

Teri-tanosil dispanserlari Toshkent shahrida tumanlararo tamoyil bo‘yicha faoliyat yuritadi.

Chilonzor va Uchtepa tumanlarining teri-tanosil dispanseri Chilonzor tumani, Lutfiy ko‘chasi, 33/1 uy manzilida joylashgan. 

Olmazor va Shayxontohur tumanlarining teri-tanosil dispanseri. Manzil: Olmazor tumani, Usta Shirin 1-berk ko‘chasi, 5-uy. 

Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek teri-tanosil dispanseri. Manzil: Yunusobod tumani, 17-daha, 22-A uy.

Yakkasaroy va Sergeli teri-tanosil dispanseri. Manzil: Sergeli tumani, Yo‘ldosh-7 mavzesi, 23-uy. 

Bektemir, Mirobod va Yashnobod tumanlari teri-tanosil dispanseri. Manzil: Yashnobod tumani, Zohidov ko‘chasi, 8 uy. 

Toshkent viloyat teri-tanosil dispanseri. Manzil: Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, 2-A uy.

Sil tekshiruvini yashash joyi bo‘yicha poliklinika terapevti o‘tkazadi. Terapevt ko‘krak qafasi flyurografiya ko‘rigiga yo‘llanma beradi. Ko‘krak qafasi flyurografiyasida patologik o‘zgarishlar va kasallikning klinik o‘zgarishlari bo‘lmagan taqdirda hududiy poliklinika tekshirilgan shaxslarda sil kasalligi aniqlanmaganligi haqida ma'lumotnoma beradi.

Tekshirilayotgan shaxslarda sil xastaligi va flyurogrammalarda o‘zgarishlar borligiga shubha uyg‘onsa, ular yashash joyi bo‘yicha silga qarshi dispanserga yo‘naltirilishi darkor.

OITS/OITV tekshiruvidan o‘tish uchun yashash joyi bo‘yicha anonim kabinetga yoki OITS markazlariga murojaat etish kerak.

Tekshiruv yashash joyi bo‘yicha poliklinika yo‘llanmasi asosida tuman tibbiyot birlashmalarida o‘tkaziladi.

Shuningdek, mavjud muammolar bo‘yicha OITS markazlariga murojaat etish mumkin.

Toshkent shahar OITS markazi Shayxontohur tumani, Mannon Uyg‘ur ko‘chasi, 305-uy manzilida joylashgan.

Respublika OITS markazi. manzil: Chilonzor tumani, Farhod ko‘chasi, 16-daha, 12 uy. 

Mavzuga oid