Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh-Eron muzokaralari va blokada, Vengriyada yakunlangan Orban davri va Makkaga kirishda cheklovlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh—Eron muzokaralari natijasiz yakunlandi
Pokistondagi AQSh—Eron muzokaralari shanba kunidan yakshanba tongigacha davom etdi. Bu so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqtda AQSh va Eron o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri va eng yuqori darajadagi muloqot bo‘ldi.
AQSh rasmiysi so‘zlariga ko‘ra, Eron Vashingtonning uranni boyitishni to‘xtatish, yirik boyitish inshootlarini demontaj qilish va boyitilgan uranni topshirish haqidagi chaqirig‘ini rad etgan.
Shuningdek, Eron Hamas, «Hizbulloh» va husiychilarni moliyalashtirishni to‘xtatish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish haqidagi talablarni ham rad etdi.
Eron OAVlariga ko‘ra, bo‘g‘oz va Eronning yadroviy dasturi asosiy kelishmovchilik nuqtalari bo‘lib qolgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron «anglashuv memorandumi»dan bir necha qadam narida bo‘lganida «maksimalizm, shartlarning o‘zgarishi va blokada»ga duch kelmoqda.
«Nol darajadagi saboq olingan. Yaxshilik yaxshilikni, adovat esa adovatni tug‘diradi», deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp yakshanba kuni dastlab Eron muzokaralarni davom ettirishiga ishonishini aytdi va Islomoboddagi muhokamalarni «juda do‘stona» deb atadi. Biroq bir necha soat o‘tgach, AQSh prezidenti «chorasiz qolgan» Eronning muzokaralar stoliga qaytishi unga qiziq emasligini bildirdi.
Vengriyada saylovlar: Orban davri yakunlandi
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovlarida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 16 yillik boshqaruvdan so‘ng markazchi «Tisa» partiyasiga hokimiyatni boy berdi.
62 yoshli Orban iqtisodiy turg‘unlik, xalqaro yakkalanish va boylik to‘playotgan oligarxlardan charchagan mahalliy saylovchilar orasida o‘z nufuzini yo‘qotgandi. Orbanning qaqshatqich mag‘lubiyati 45 yoshli Peter Madyarga – 199 o‘rinli qonun chiqaruvchi organda mutlaq ko‘pchilik ovozni taqdim etdi.
Deyarli barcha ovozlar sanab chiqilgach, «Tisa» partiyasi 138 ta o‘rinni qo‘lga kiritishi kutilmoqda. Bu Madyarga Orbanning konstitutsiyaviy o‘zgarishlarini bekor qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘pchilik ovozdan ham ko‘proqdir.
«Biz buni uddaladik. Biz birgalikda Orban tizimini almashtirdik, Vengriyani ozod qildik va mamlakatimizni o‘zimizga qaytarib oldik», dedi Madyar.
Orbanning o‘zi esa saylovlardagi mag‘lubiyatini tan oldi va Madyarga qo‘ng‘iroq qilib, uni tabriklagan:
«Saylov natijasi biz uchun og‘riqli, lekin aniq. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hatto muxolifatda bo‘lsak ham, mamlakatga xizmat qilamiz», dedi Orban «Fides» partiyasining saylovoldi shtabida.
Yevropa yetakchilari Vengriyaning ittifoq ichidagi murosasiz roliga chek qo‘yilishiga umid qilmoqda. Bu esa Orban tomonidan to‘sib qo‘yilgan — Ukrainaga ajratilishi kerak bo‘lgan 90 milliard yevrolik kreditga yo‘l ochishi mumkin.
Orbanning ketishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni YeIdagi asosiy ittifoqchisidan mahrum qiladi. Shuningdek, G‘arbdagi o‘ng qanot doiralari, jumladan, Oq uy uchun ham kutilmagan zarba bo‘ldi.
AQSh Eron portlarini blokada qilmoqchi
AQSh Markaziy qo‘mondonligi muzokaralarda kelishuvga erishilmagach, dushanbadan boshlab Eron portlarini blokada qilishini bildirdi. AQSh blokadasi «Eron portlari va qirg‘oq hududlariga, jumladan, Arab ko‘rfazi va Ummon qo‘ltig‘idagi Eronning barcha portlariga kirayotgan yoki u yerdan chiqayotgan davlatlar kemalariga nisbatan qo‘llanadi».
AQSh harbiylarining ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Erondan boshqa davlatlar portlariga qatnayotgan kemalar harakatiga to‘sqinlik qilinmaydi.
Prezident Donald Tramp yakshanba kuni AQSh kuchlari xalqaro suvlarda Eronga boj to‘lagan har bir kemani to‘xtatishini aytgandi. «Noqonuniy boj to‘laydigan hech kim ochiq dengizdan xavfsiz o‘ta olmaydi. Bizga yoki tinch kemalarga qarata o‘t ochgan har qanday eronlik JAHANNAMGA YO‘LLANADI!» deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari eronliklar Ho‘rmuz bo‘g‘oziga tashlagan minalarni yo‘q qilishni boshlaydi.
Eron Islom inqilobi muxofizlari korpusi esa bo‘g‘ozga yaqinlashayotgan harbiy kemalar sulhning buzilishi deb hisoblanishi va ularga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi. Bu eskalatsiya xavfini yanada oshirdi.
AQSh va Isroil boshlagan olti haftalik janglar minglab odamlar o‘limiga sabab bo‘ldi, jahon iqtisodiyotini larzaga keltirdi va neft narxini keskin ko‘tardi.
Eron rasmiysi Muhammad Boqir G‘olibof tarmoqlarda Vashington atrofidagi benzin narxlari xaritasini joylashtirib, shunday izoh qoldirdi: «Hozirgi zapravka narxlaridan zavqlaning. Bu blokada bilan tez orada 4-5 dollarlik benzinni sog‘inch bilan eslaydigan bo‘lasiz».
Tramp ham Fox News'ga bergan intervyusida neft va benzin narxlari noyabr oyidagi oraliq saylovlargacha yuqori qolishi mumkinligini aytdi. Bu urush ehtimoliy siyosiy oqibatlarining noyob e’tirofidir.
G‘azoga yordam flotiliyasi yo‘lga chiqmoqda
Ispaniyaning Barselona portidan G‘azo sektoridagi aholiga humanitar yordam olib ketayotgan ikkinchi flotiliya yo‘lga chiqishni rejalashtirmoqda. Missiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — Isroil tomonidan o‘rnatilgan dengiz blokadasini yorib o‘tishdir.
Flotiliya vakili so‘zlariga ko‘ra, O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi ushbu port shahardan 39 ta qayiq chiqishi kutilmoqda. Yo‘nalish davomida ularga tibbiy buyumlar va boshqa zaruriy mahsulotlar bilan yuklangan qo‘shimcha kemalar ham qo‘shilishi ko‘zda tutilgan.
Tashkiliy qo‘mita a’zosi Tiago Avilaning ma’lum qilishicha, dengizdagi kuchli to‘lqinlar sabab kemalar dastlab boshqa portga yo‘l oladi va hafta oxirrog‘ida xalqaro suvlarga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil ham birinchi flotiliya Isroil harbiylari tomonidan to‘xtatilgan edi. O‘shanda shvetsiyalik eko-faol Greta Tunberg va 450 dan ortiq ishtirokchi hibsga olingan.
G‘azo sektoriga barcha kirish yo‘llarini nazorat qiluvchi Isroil u yerdagi 2 milliondan ortiq aholiga yordamni cheklab qo‘ygan. Oktyabr oyida erishilgan va yordam hajmini oshirish kafolatlangan sulh bitimiga qaramay, hududga yetib borayotgan mahsulotlar hamon yetarli emas.
Haitidagi tiqilinchda o‘nlab insonlar halok bo‘ldi
Shanba kuni Haitining mashhur sayyohlik maskanida yuz bergan ommaviy tiqilinch oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi.
Hodisa YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Laferer qal’asida o‘tkaziladigan Pasxa bayrami vaqtida yuz bergan. Haiti fuqaro muhofazasi rahbari Jan Anri o‘lim holatlari soni yana ortishi mumkinligidan ogohlantirdi.
19-asrga oid mazkur qal’aning asos solinganini xotirlash tadbiri keng reklama qilingach, u yerga juda ko‘p sonli talabalar va sayyohlar to‘plangan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tiqilinch obektga kirish darvozasi yaqinida boshlangan. To‘satdan boshlangan kuchli yomg‘ir odamlar orasida vahima keltirib chiqarib, vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va barcha tegishli idoralar jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun safarbar etilgan.
Makkaga kirishda cheklovlar
Saudiya Arabistoni Umumiy xavfsizlik xizmati rasmiylari muqaddas Makka shahriga kirish qoidalariga o‘zgartirish kiritdi. 2026 yil 13 apreldan kuchga kiradigan qoidalarga ko‘ra, 3 toifadan tashqari barcha uchun Makka shahriga kirishda cheklovlar o‘rnatiladi. Faqat amaldagi Haj ruxsatnomasi, Makka shahri tomonidan berilgan yashash guvohnomasi yoki Makkada ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar ushbu shaharga kira oladi.
Ushbu uch toifadan biriga kirmaydigan har qanday shaxs vizasining turi yoki sayohat maqsadidan qat’i nazar, muqaddas shaharga kiritilmaydi. Xususan, Umra vizasi egalari ham 18 aprelga qadar Saudiyani tark etishi shart.
Ushbu cheklovlarning qo‘llanishi har yilgi Haj mavsumiga tayyorgarlikning standart qismi bo‘lib, millionlab hojilar kela boshlagan bir paytda – shaharga kirishni tartibga solish va nazorat qilishga xizmat qiladi.
Haj-2026 mavsumi 25 mayda boshlanishi, Arafa kuni esa taxminan 26 mayga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
15:16
Eron yadroviy faoliyatini «muzlatish» taklifi, Isroil bilan mudofaa bitimini to‘xtatgan Italiya va Putinning yangi vakolatlari – kun dayjesti
13:41 / 14.04.2026
Yana Trampni qo‘llamagan ittifoqchilar, Estoniyada ushlangan rus josuslari va KXDRning raketa sinovlari – kun dayjesti
14:40 / 11.04.2026
Pokistonga kelgan Eron muzokarachilari, Yerga qaytgan astronavtlar va qayta ochilgan «Al-Aqso» masjidi – kun dayjesti
14:17 / 10.04.2026