Jahon | 14:17
2719
10 daqiqa o‘qiladi

Trampga impichment haqida gapirayotgan demokratlar, Atlantika tubida rus josuslik kemalari va Isroil-Livan muzokaralari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Demokratlar impichment masalasini ko‘tarmoqda

9 aprel kuni AQSh Vakillar palatasidagi respublikachilar demokratlarning Eronga qarshi hujumlarni to‘xtatishga urinishini to‘sib qo‘ydi. Respublikachi kongressmen Kris Smit – bir guruh demokratlar AQSh harbiy operatsiyasini to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilishga urinishdan avval majlisni yakunladi.

Trampning maslakdoshlari bo‘lgan respublikachilar Senatda ham, Vakillar palatasida ham kichik farq bilan ko‘pchilikni tashkil etadi va deyarli bir ovozdan uning barcha siyosatlarini qo‘llab kelmoqda.

Payshanba kungi bu harakat asosan ramziy ma’noga ega. Shunga qaramay, kelasi haftada demokratlar harbiy vakolatlarni yana kun tartibiga qo‘ymoqchi.

Trampning shu hafta boshidagi «butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi» degan tahdidi demokratlar orasida xavotirni kuchaytirdi. O‘nlab demokratlar Trampni lavozimidan chetlatishga chaqirmoqda.

«Genotsid bilan tahdid qilish – bu muzokara taktikasi emas», dedi demokrat kongressmen Sara Jyeykobs.

Oq uyning bildirishicha, Trampning harakatlari qonuniy bo‘lib, cheklangan harbiy operatsiyalar orqali AQShni himoya qilish Oliy qo‘mondon sifatidagi huquqlari doirasiga kiradi.

Trampning birinchi prezidentligi davrida Vakillar palatasi uni ikki marta impichment qilgan, biroq Senatdagi respublikachilar uni oqlagan edi.

Ikkinchi muddatda has demokratlar ochiqchasiga impichment masalasini ko‘tarmoqda va Trampni o‘z vazifalaridan, hech bo‘lmaganda vaqtincha ozod qilish uchun urinmoqda.

«Impichment bu — vijdonsiz va o‘ylamasdan ish tutadigan prezidentni jilovlash uchun konstitutsiyaviy choradir», dedi demokrat kongressmen Madlen Din.

Demokratlar Trampni Eron masalasida jilovlash harakatlarini narx-navo muammosi bilan bog‘lashga harakat qilmoqda. Chunki neft va tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlar AQShda benzin va o‘g‘itlar narxining oshishiga olib keldi. Bu esa allaqachon yuqori bo‘lgan boshqa iste’mol tovarlari narxlari ustiga qo‘shildi.

Atlantika tubidagi rus kemalari

Britaniya Mudofaa vazirligi Shimoliy Atlantika okeanidagi kritik suv osti infratuzilmasi ustida zararli harakatlarni amalga oshirayotgan Rossiyaning 3 ta suv osti kemasi aniqlanganini ma’lum qildi.

Mudofaa vaziri Jon Xilining aytishicha, bir necha hafta oldin Shimoliy Atlantikaning xalqaro suvlarida Rossiyaning «Shchuka-B» toifasidagi atom suv osti kemasini aniqlagan.

Ushbu suv osti kemasi Rossiya Mudofaa vazirligining Chuqur dengiz tadqiqotlari bosh boshqarmasi tomonidan boshqariladi. Ular aynan shu hududda harakat qilayotgan ikkita dengiz kemasi uchun chalg‘ituvchi vosita vazifasini bajargani aytilmoqda.

Vazirlik suv osti kemalari kritik suv osti infratuzilmasi ustida harakatlar olib borganini bildirdi, biroq ushbu harakatlar aynan nimadan iborat ekanini aytmadi. Britaniya kuchlari rossiyaliklarga ular aniqlanganini ochiq-oydin bildirgan, shundan so‘ng Rossiya suv osti kemalari Shimoliy Atlantikaning ushbu qismini tark etgan.

Xili Rossiya prezidentiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, Britaniya kuchlari ularni ko‘rib turganidan ogohlantirdi.

«Men ushbu bayonotni Rossiyaning bu harakatini fosh qilish uchun beryapman va prezident Putinga shuni aytamanki — biz sizni ko‘rib turibmiz», dedi u. Shuningdek, vazir zarar yetkazishga qaratilgan har qanday urinish jazosiz qolmasligini va jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.

Britaniya tashqi dunyo bilan aloqa o‘rnatishda deyarli butunlay suv osti kabellariga tayanadi, mamlakat internet-trafigining 99 foizi aynan ular orqali o‘tadi.

Rossiyaning Londondagi elchixonasi Britaniya tomonining da’volarini rad etgani xabar qilinmoqda.

Isroil Livan bilan muzokaralar boshlamoqchi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan bilan imkon qadar tezroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlash bo‘yicha xukumatiga ko‘rsatma berganini aytdi.

Biroq, Isroil rasmiysiga ko‘ra, ular hozircha Livanda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilmoqchi emas.

Netanyahuning bayonoti prezident Donald Tramp va Oq uy vakili Stiv Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotlaridan so‘ng yangradi. AQShning yuqori martabali mulozimlariga ko‘ra, Oq uy Netanyahuga Livandagi zarbalarni «pasaytirishni» va muzokaralarni boshlash bo‘yicha bosim o‘tkazgan.

Axios'ning yozishicha, bu — Eron bilan kelishuvdan oldin Netanyahuga Livandagi urushni davom ettirishga «yashil chiroq» yoqqan Tramp uchun ham keskin o‘zgarish bo‘ldi.

Isroilning yuqori martabali mulozimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar kelasi hafta boshlanishini aytdi. Birinchi uchrashuv Vashingtonda bo‘lib o‘tadi. Unda Isroil va Livanning AQShdagi elchilari qatnashadi.

Livan hukumatining bu tashabbusi – urush keskinligini pasaytirish, Isroilning Janubiy Livanni uzoq vaqt bosib olishining oldini olish va «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish uchun xalqaro bosimni oshirish maqsadida ilgari surilgan.

«Hizbulloh» deputati Ali Fayyod esa payshanba kungi bayonotida guruh Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni rad etishini bildirdi. U Livan hukumati keyingi qadamlarda o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishi kerakligini aytdi.

Isroil sulhdan keyin Livan bo‘ylab yuzlab zarbalar berib, bir kunda 250dan ortiq insonlarni o‘limiga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng Eron AQSh va Isroil kelishuvni buzayotgani aytib, otashkesimni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

Sharqiy Osiyoda energiya inqirozi

Singapur rasmiylari, Erondagi urushi tufayli yuzaga kelgan energiya narxlari ko‘tarilishi bilan kurashish maqsadida davlat xizmatchilariga ofislardagi haroratni kamida 25 darajagacha ko‘tarishni buyurdi.

Osiyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri — Singapurdagi savdo markazlari, barcha avtobuslar va poyezdlar ham to‘liq konditsioner bilan jihozlangan. Ular ko‘pchiligi kechasi bilan yoniq qoldiriladi. «Har bir ko‘tarilgan daraja energiya ehtiyojini taxminan 10 foizga kamaytiradi», dedi Singapur Barqarorlik va atrof-muhit vazirligi.

Shuningdek, ishchilar va biznesga ventilyatorlarga o‘tish va yoqilg‘i sarfini kamaytirish uchun jamoat transportidan foydalanish tavsiya etilmoqda.

Fors ko‘rfazi neftiga qaram bo‘lgan Osiyoning boshqa davlatlari ham narxlari ta’sirini jilovlash yo‘llarini izlamoqda.

Neftining 98 foizini Yaqin Sharqdan import qiladigan Flippin energiyani tejash uchun davlat idoralari ish haftasini qisqartirdi, elektr va yoqilg‘i sarfini kamaytirish buyurildi.

Tailand davlat idoralari xodimlariga masofadan ishlashni joriy qilmoqda, aholidan konditsionerni 26-27°C darajada saqlash va jamoat transportidan foydalanish so‘raldi.

Energiyasining 60 foizdan ko‘prog‘ini Ko‘rfazdan import qiladigan Janubiy Koreya esa odamlarni qisqaroq dush qabul qilishga va kir yuvish mashinalaridan faqat dam olish kunlari foydalanishga undamoqda.

Melaniya Epshteyn bilan aloqadorligini rad qildi

AQSh birinchi xonimi, Donald Trampning rafiqasi Melaniya Tramp Jyeffri Epshteyn bilan aloqadorligini inkor etib, bu boradagi har qanday da’volarga «bugunoq chek qo‘yilishi kerakligini» aytdi.

Ushbu bayonotga nima turtki bo‘lgani hozircha noma’lum. Uning idorasi Epshteyn bo‘yicha bayonot berilishi haqida avvaldan biror ishora bermagandi.

Melaniya Tramp Epshteynning qurboni bo‘lmaganini, u bilan faqat 2000 yilda qisqa vaqt «yo‘llari kesishganini» aytdi. Shuningdek, Melaniya Epshteyn uni Donald Tramp bilan tanishtirganligi haqidagi mish-mishlarni rad etib, buni «obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan g‘arazli urinishlar» deb atadi.

Melaniya, shuningdek, pedofil jinoyatchining qamoqda bo‘lgan sherigi Gisleyn Maksvellni tanishini ham rad etdi. U Epshteyn hujjatlarida e’lon qilingan Maksvell bilan elektron yozishmasiga to‘xtalib, buni shunchaki «odatiy yozishma» va «odob doirasidagi javob» deb atadi.

Melaniya Tramp qonun chiqaruvchilarni «ushbu qurbonlarga Kongress oldida qasamyod ostida guvohlik berish imkoniyatini taqdim etishga» chaqirdi.

BBC nashrining yozishicha, shundan so‘ng qurbonlarning oilalari Birinchi xonimni — Epshteyn bilan bog‘liq tergov hujjatlarining hammasini e’lon qilmayotgan Tramp ma’muriyati a’zolarini himoya qilishda ayblagan. «Qurbonlar o‘z vazifalarini bajarishdi. Endi hokimiyatdagilar o‘z vazifasini bajarish vaqti keldi», deyishdi ular.

Melaniyaning Oq uydagi bayonoti AQShda Epshteyn ishi bo‘yicha tergov va hujjatlarning keyingi e’lon qilinishi bo‘yicha bahslarni qayta alanga oldirishi kutilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid