Jahon | 22:51 / 18.10.2023
29015
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qullikka tushib qolgan 60 nafar o‘zbekistonlik ozod qilindi 

Ular Chimkent shahridagi g‘isht zavodida majburan ushlab turilgan va ishlatilgan. 

Olmaota va Chimkent shaharlarining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari mahalliy aholi orasida mehnat qulligida qolgan 60 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosini ozod qildi. Bu haqda Polisia.kz xabar berdi. 

Politsiya qullikka tushib qolgan xorijliklar haqida Aqto‘beda yashovchi 23 yoshli o‘zbekistonlik yigitning singlisidan bilib olgan. 14 oktyabr kuni u huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan bog‘lanib, akasi Olmaotada o‘g‘irlab ketilganini aytgan. 

Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘g‘irlab ketilgan shaxs Chimkentdagi g‘isht zavodida ishlab yurganini aniqlagan. U ishdan bo‘shamoqchi bo‘lganida, ish beruvchilar pasportini qaytarib berishdan va ish haqini to‘lashdan bosh tortgan. Yigit qochib, yordam so‘rab O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilish uchun Olmaotaga borgan. 

«Xabar kelib tushgach, Olmaota Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi va Auezov tuman IIB xodimlari Chimkentga jo‘nab ketishdi, u yerda uch nafar «ish beruvchi» qo‘lga olindi. Ularga ayblov qo‘yildi. Gumonlanuvchilarning boshqa ehtimoliy jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda», deyiladi politsiya xabarida. 

Fabrika hududi tintuv qilinganida, tezkor xodimlar 60 nafardan ortiq xorijlik ishchilarni aniqlagan, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, zavod egalari xorijliklarni ishga taklif qilgan va yetib kelishi bilan ularning hujjatlarini olib qo‘ygan. Maosh bermasdan ishlatib, vaqti-vaqti bilan kaltaklab, o‘lim bilan qo‘rqitib turishgan. 

G‘isht zavodi egalariga nisbatan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid