Jahon | 20:58 / 14.05.2026
2896
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Turkiya dronlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish maydoniga aylanadi

Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida ANKA uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Foto: akorda.kz

Hujjat 14 may kuni Ostonada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida va prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan muzokaralardan so‘ng imzolandi, deb yozdi Forbes Kazakhstan.

ANKA bo‘yicha kelishuv ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha almashilgan hujjatlar to‘plamidan joy oldi. Turkiyaning Anadolu agentligi, shuningdek, Erdo‘g‘an va Toqayev huzurida 13 ta shartnoma, jumladan, ANKA dronlarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi hujjat imzolanganini yozdi.

Loyiha tafsilotlari, jumladan, investitsiyalar hajmi, korxonaning joylashuvi, ishga tushirish muddatlari va ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan qurilmalar soni e’lon qilingan xabarlarda oshkor etilmagan. Avvalroq, 2022 yilda Qozog‘iston Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vazirligi Kazakhstan Engineering shu’ba korxonasi negizida Qozog‘iston Qurolli Kuchlari ehtiyojlari uchun texnologiyalarni uzatish va xodimlarni o‘qitish bilan ANKA zarba beruvchi dronlarini yig‘ish va texnik xizmat ko‘rsatish liniyasi tashkil etilishi kerakligi haqida xabar bergan edi.

ANKA ishlab chiqaruvchisi Turkiyaning Turkish Aerospace Industries yoki TUSAŞ kompaniyasi hisoblanadi. Avvalroq Qozog‘iston ushbu dronlarning birinchi xorijiy ishlab chiqarish bazasi bo‘lishi kerakligi, hamkorlik esa qo‘shma ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va texnologiyalarni uzatishni o‘z ichiga olishi haqida xabar berilgan edi.

Qozog‘iston hukumat portali ma’lumotlariga ko‘ra, ANKA razvedka-zarba beruvchi dron toifasiga kiradi, maksimal uchish og‘irligi 1700 kg, foydali yuk 350 kg gacha, havoda 30 soatgacha tura oladi va 9 ming metr balandlikka ko‘tarila oladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid