Jahon | 20:03 / 15.11.2022
40575
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyo aholisi 8 milliardga yetdi: Yerda odamlar soni ideal miqdorda bo‘lishi kerakmi?

BMT e’lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, 15 noyabr kuni dunyo aholisi 8 mlrd kishiga yetdi. 2023 yilda Hindiston Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning aholisi eng ko‘p mamlakatiga aylanishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Aholi soni o‘sishi to‘xtaydi yoki qisqaradi

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yer yuzida aholi soni o‘sishi kuzatilmoqda. Faqat 2020 yil pandemiya davrida dunyo aholisi o‘sish tezligi 1 foizga pasaygani qayd etilgan. 2022 yil 15 noyabr holatiga ko‘ra, dunyo aholisi 8 milliardni tashkil qilyapti.

Aholi soni ko‘payib borayotgan bir paytda tadqiqotchilar turli tahlillar o‘tkazib, 21 asr oxirida Yerda qancha odam bo‘lishi bo‘yicha o‘z taxminlarini e’lon qilib borishadi. Ulardan biri va eng asosiysi 2022 yil iyulida BMT e’lon qilgan natijalardir. Tashkilotning yangi tahlillariga ko‘ra, Yerdagi odamlar soni 2030 yilda 8,5 mlrd, 2050 yilda esa 9,7 mlrd bo‘ladi. O‘sish 2080-yillarga borib, o‘zining eng yuqori nuqtasiga chiqadi va dunyo aholisi 10,4 mlrd kishiga yetadi. Va bu miqdor 2100 yilgacha saqlanib qoladi. 

AQShdagi Vashington universiteti tomonidan olib borilgan tadqiqot esa 21 asr oxirlarida dunyo aholisi soni nafaqat o‘sishdan to‘xtashi, balki qisqara boshlashini prognoz qilmoqda.

Lancet jurnalida chop etilgan bu tadqiqotga ko‘ra, dunyo aholisi soni 2064 yilda 9,7 mlrd kishiga yetadi va asr oxiriga borib, 8,8 mlrd kishiga tushib qoladi.

Unda aytilishicha, keyingi 80 yil ichida aholi soni Yaponiya, Ispaniya va Italiyada ikki baravar, Afrikaning Sahroi Kabirdan janubi-g‘arbiy qismida esa uch baravar kamayib ketadi. 2100 yilga borib, 65 yoshdan oshgan odamlar soni 2,4 mlrd kishini, 20 yoshgacha bo‘lganlar soni esa 1,7 milliardni tashkil qiladi. Ya’ni dunyoda keksalar yoshlardan ko‘p bo‘ladi.

Qisqarish va o‘sish kutilayotgan mamlakatlar

Jahon aholisining 2022 yilgacha bo‘lgan holati ko‘p mamlakatlarda so‘nggi o‘n yilliklarda tug‘ilish sezilarli darajada pasayganini ko‘rsatgan. Bunday tendensiya asosan rivojlangan davlatlarda kuzatiladi. Masalan, Yaponiyada 2021 yilda tug‘ilishlar soni rekord darajada kam bo‘lgan va aholi sonining tabiiy qisqarishi bo‘yicha ham antirekord qayd etilgan.

O‘tgan yili mamlakatda 812 mingga yaqin chaqaloq tug‘ilgan. Bu ko‘rsatkich 1899 yildan beri eng kam tug‘ilish bo‘ldi. Bir yillik o‘lim soni qariyb 1 mln 440 mingni tashkil qildi. Bu esa mamlakat aholisi o‘sish o‘rniga kamayganini anglatadi.

Shu bilan birga, Yaponiya dunyoning eng tez qariyotgan mamlakati hamdir. Aholisining 30 foizini 65 yoshdan oshganlar tashkil qiladi. Yaponiya tug‘ilish kamayib borayotgan yagona sharq davlati emas. Janubiy Koreya, Xitoy, Tayvan, Singapurda ham tug‘ilish ko‘rsatkichlari yuqori emas.

"Hukumatlarning tug‘ilishni kamaytirishga qaratilgan harakatlari bir necha o‘n yillar davomida saqlanib qolsa, asrning ikkinchi yarmida global aholi o‘sishining sezilarli darajada sekinlashishiga olib kelishi mumkin”, – degan BMTning Iqtisodiy departamenti Aholishunoslik va ijtimoiy masalalar bo‘limi direktori Jon Vilmot.

2050 yilgacha dunyo aholisining prognoz qilinayotgan o‘sishining yarmidan ko‘pi 8 davlat hisobiga to‘g‘ri keladi. Bular Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Efiopiya, Hindiston, Nigeriya, Pokiston, Filippin va Tanzaniya Birlashgan Respublikasi.

Keksalar soni oshishi paydo qiladigan muammolar

Afrikaning ko‘pgina mamlakatlarida, shuningdek, Osiyo va Lotin Amerikasi va Karib havzasi mintaqalarida tug‘ilish qisqarishi tufayli mehnatga layoqatli 25 yoshdan 64 yoshgacha aholi ulushi ortib bormoqda. 65 va undan katta yoshdagi dunyo aholisining ulushi 2022 yildagi 10 foizdan 2050 yilda 16 foizgacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Ya’ni dunyo bo‘ylab 65 va undan katta yoshdagilar soni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar yoki 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan 2 barobar ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Rivojlangan mamlakatlar oldida aholining qarishi va kamayishi ishchi kuchi va malaka taqchilligiga olib keladi. Keksalar ko‘pligi iqtisodiy samaradorlik va innovatsiyalarni sustlashtiradi, iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni sekinlashtiradi, hukumatlar va odamlarga barqaror moliyaviy bosim o‘tkazadi. Jamiyatlarda madaniy va etnik siljishlarga olib keladi, siyosiy va etnik o‘zgarishlar, mamlakatlar harbiy kuchi kamayishi kabi muammolarni ham ko‘ndalang qo‘yadi.

BMT aholisi qarib borayotgan mamlakatlarga davlat dasturlarini keksalar sonining o‘sishiga moslashtirish, umumiy sog‘liqni saqlash va uzoq muddatli parvarish tizimlarini yaratish, ijtimoiy ta’minot, pensiya tizimlari barqarorligini oshirish kerakligini tavsiya qilgan.

Kamayish sabablari va unga qarshi choralar

Tug‘ilish kamayishi sabablari sifatida ta’lim va ish jarayonlarida ayollar ko‘pligi, homiladan saqlanish vositalari, erkaklar butun e’tiborini karera qilishga qaratib, oila haqida unutib qo‘yishayotgani sabab bo‘layotgani aytiladi.

Hozirgi kunda ayrim davlatlar aholini ko‘paytirish uchun turli mexanizmlardan foydalanmoqda. Ba’zilari ayollarga homilasini olib tashlashni cheklamoqda. Ayrim davlatlarda ayollarning huquqlarini kengaytirish va tenglikka zid bo‘lgan gender stereotiplari targ‘ib qilinmoqda. BMT esa mamlakatning demografik holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, inson huquqlarini buzuvchi aholi siyosatini qo‘llashni oqlamasligini ma’lum qilgan.

Dunyo aholisining ideal soni bo‘lishi kerakmi?

Dunyo aholisi soni doimiy o‘zgarishda bo‘lar ekan, ayrim tadqiqotchilar dunyo uchun ideal aholi soni bo‘lishi kerakmi degan savolni o‘rtaga tashlaydi. BMT esa buni butunlay rad etgan.

“Ideal aholi sonini aniqlash va unga erishish uchun har qanday urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bundan tashqari, biz avvalo ideal populyatsiya hajmini aniqlash uchun umumiy mezonlar bo‘lishiga qarshimiz.

Ikkinchidan, shunday mezonlar bo‘lgan taqdirda ham, insoniyat ideal aholi soniga qanday erishish mumkinligini bilmaydi. Chunki tug‘ilishlarni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lum davrdan keyin bu ham samara bermay qo‘yadi.

Uchinchidan, biz tug‘ilishni ko‘paytirish yo‘lini topsak ham bu vaqtinchalik yoki doimiy siyosat bo‘lishi borasida aniq qarorga kelishimizga to‘g‘ri keladi”, – deyiladi tashkilot hisobotida.

Mavzuga oid