Jahon | 18:02 / 19.12.2024
6445
2 daqiqa o‘qiladi

Qatarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan haydovchining avtomobili yo‘q qilindi

Qoidabuzarning avtomobili sud qaroriga ko‘ra musodara etilib, utilizatsiya qilindi.

Foto: MOI_Qatar/X

Qatar davlatida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan va boshqalarning hayoti va mulkini xavf ostiga qo‘yadigan tarzda turli manyovrlarni amalga oshirgan haydovchi jarimaga tortildi. Shuningdek, uning avtomobili yo‘q qilindi, deb xabar berdi Qatar Ichki ishlar vazirligi.

Idora namoyish etgan videolavhalarda haydovchi avtomobilni drift qilgani, ya’ni yo‘lda xavfli tarzda sirpantirgani ko‘rinadi.

«Haydovchi odamlar hayoti hamda davlat va xususiy mulkka xavf tug‘diruvchi tarzda ehtiyotsizlik bilan avtomobilni boshqargani uchun vakolatli idoralar tomonidan qo‘lga olindi. Qonuniy choralar ko‘rildi va avtomashinani musodara qilish to‘g‘risida sud qarori chiqarildi. Ichki ishlar departamenti hayot va mulkni himoya qilish uchun qonunlar va qoidalarni amalga oshirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi», deyiladi xabarda.

Videolavha yakunida avtomobil maxsus texnika yordamida utilizatsiya qilingani ko‘rinadi.

Xabarda haydovchi qancha miqdorda jarimaga tortilgani haqida ma’lumot berilmagan. Biroq, Qatar Yo‘l harakati qoidalarining 94-moddasida bunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchi 1 oydan 3 yilgacha qamalishi yoki 10 ming riyoldan 50 ming riyolgacha ($2700-$13700) jarimaga tortilishi belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid