Sport | 08:36 / 07.09.2021
29278
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Paralimpiada qahramonlari kutib olindi va taqdirlandi

Tokio Paralimpiadasida 19ta medal qo‘lga kiritgan O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali tarzda kutib olindi.

Toshkent xalqaro aeroportida delegatsiya a'zolariga zar choponlar kiydirildi. U yerda sportchilar jurnalistlarga intervyu berib, o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Bronza medalini qo‘lga kiritgan para-dzyudochi Sharif Xalilov hayajonda ekanligini yashirmadi:

Sharif Xalilov

«Juda hayajondamiz. Kichik mashaqqatimiz uchun bunchalik e'tibor bo‘ladi, deb o‘ylamagandik.

Bronza uchun kurashda braziliyalik raqib bilan kechgan bellashuv ancha qiziqarli o‘tdi. Jang yakuniga 5 soniya qolganida ham yutqazayotgandim. Alloh o‘zi kuch berdi. Shuningdek, prezidentimizning bizni qo‘llab-quvvatlab aytgan gaplari motivatsiya bo‘ldi».

Paralimpiya chempioniga aylangan para-taekvondochi Guljanoy Naimova g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaganini ta'kidladi:

Guljanoy Naimova

«Turnir startida sinovlarga duch keldik: bir necha sportchilarimiz koronavirusga chalindi. Ularga dalda berib turdik. Bir-birimizni qo‘llab-quvvatladik.

Jangga chiqib borar ekanman, barchaga bergan va'dalarim, ota-onamning ishonchi ko‘z oldimga keldi. Biroz ortga chekinish ham bo‘ldi, chunki Paralimpiadaga kuchli sportchilar keladi. Ammo delegatsiya a'zolarining ruhiy ko‘magi bilan g‘alabaga erishdim va ayollar o‘rtasida Olimpiada/Paralimpiada tarixida g‘olib bo‘lgan ilk o‘zbek sportchisiga aylandim».

Yana bir chempion, para-yengil atletikachi Boburjon Omonov Parijda ham yuqori natijalarga erishishni jiddiy maqsad qilgan:

Boburjon Omonov

«Raqiblar kuchli edi: Olimpiada va jahon chempionlari bilan bellashdim. Nasib qilsa, Parijdagi Paralimpiadada ham rekordlar qayd etib, oltin medal olishga harakat qilaman».

Para-dzyudoda sovrindorlar safidan o‘rin olgan Nafisa Sheripboyeva bronza medalini O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishladi:

Nafisa Sheripboyeva

«Hamyurtlarimning qo‘llab-quvvatlashini his qilib turdim. Ushbu medalni mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga, prezidentimizga, ota-onamga, murabbiylarimga bag‘ishlayman. Bu medal barchamizniki».

Shundan so‘ng jamoa a'zolari joy olgan avtobuslar «Yangi O‘zbekiston» bog‘i tomon yo‘lga tushdi. Bog‘ markazidagi monumentda o‘tgan taqdirlash marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va bosh vazir Abdulla Aripov medal egalariga Olimpiyachilarga berilgani kabi «Prezident sovg‘asi»ni topshirishdi.

Oltin medal sohiblariga 200 ming dollar, 3 xonali uy va Tahoe avtomobili; kumush medal sovrindorlariga 100 ming dollar, 2 xonali uy va Traverse avtomobili; bronza medal egalariga 50 ming dollar, 2 xonali uy va Trailblazer avtomobili topshirildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Tokio Paralimpiadasida 55ta yo‘llanma bilan ishtirok etdi. Yakunda jamoa 8ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 162 mamlakat orasida 16-o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida ham 16-pog‘onani egallagandi.

Paralimpiada-2020 g‘oliblari:

  • Uchqun Quronboyev (dzyudo, -66 kg)
  • Nozimaxon Qayumova (nayza uloqtirish)
  • Mohigul Hamdamova (disk uloqtirish)
  • Feruz Saidov (dzyudo, -73 kg)
  • Boburjon Omonov (yadro uloqtirish)
  • Husniddin Norbekov (yadro uloqtirish)
  • Safiya Burxanova (yadro uloqtirish)
  • Guljanoy Naimova (taekvondo, +58 kg)

Kumush medal sohiblari:

  • Asila Mirzayorova (uzunlikka sakrash)
  • Ro‘za Qo‘ziyeva (pauerlifting, -61 kg)
  • Parvina Samandarova (dzyudo, -57 kg)
  • Dovurxon Karomatov (dzyudo, -81 kg)
  • Nurxon Qurbonova (nayza uloqtirish)

Bronza medal sovrindorlari:

  • Islam Aslanov (100 metrga batterflay usulida suzish)
  • Elbek Sultonov (yadro uloqtirish)
  • Nafisa Sheripboyeva (dzyudo, -63 kg)
  • Sharif Xalilov (dzyudo, -100 kg)
  • Nurxon Qurbonova (yadro uloqtirish)
  • Shohsanam Toshpo‘latova (200 metrga kompleks suzish)

A'zamjon Izzatillayev tayyorladi
Tasvirchilar — Mahmud Soliyev va Azimjon Vohidov

Mavzuga oid