22:34 / 26.11.2022
17882

Eng zo‘r-2022. Taqdirlash marosimi va g‘oliblar bilan intervyular

26 noyabr kuni Toshkentdagi «Renessans Hall»da o‘zbek futboli va futzalidagi 2022 yilgi eng yaxshilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

O‘FA va PFL tomonidan tashkil etilgan marosimda bir qator nominatsiyalarda g‘oliblar e’lon qilindi:

«O‘zbek futboli nuroniysi» — Birodar Abduraimov

«Fidoyilik ramzi» — Anvar Oxunov («Qo‘qon-1912» stadioni suxandoni)

Feyr-pley sovrini — «Xorazm» futbol klubi

Eng yaxshi yoshlar murabbiyi — Farhod Nishonov (O‘zbekiston U-18)

Ayollar Oliy ligasi to‘purari —  Diyora Habibullayeva («So‘g‘diyona-W», 37ta gol)

Ayollar Oliy ligasida yil futbolchisi — Maftuna Shoyimova («Sevinch»)

Ayollar Oliy ligasida yil murabbiyi — Vladislav Xan («Sevinch»)

Yil hakamlari — Vadim Agishev va Roziyabonu Yusupova

Eng yaxshi yosh futbolchi — Abbos Fayzullayev («Paxtakor» va O‘zbekiston U20 jamoasi a’zosi).

Eng yaxshi futzal murabbiyi — Bahodir Ahmedov (O‘zbekiston milliy jamoasi va «Jizzax Kenteks» ustozi)

Eng yaxshi futzalchi — Husniddin Nishonov (O‘zbekiston milliy jamoasi va VMV klubi)

Pro ligada mavsumning eng yaxshi murabbiyi — Viktor Kumikov («Andijon»)

Pro ligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi — Ro‘zimboy Ahmedov («Buxoro»)

Eng yaxshi jurnalist — Xayrulla Hamidov (Sport telekanali) va Azamat Umarov (Spors.uz sayti)

Superligada yilning eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»)

Superliganing eng yaxshi futbolchisi va to‘purari – Dragan Cheran («Paxtakor»)

Superligada mavsumning eng chiroyli goli muallifi — Islom Toshpo‘latov («Surxon»)

O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi — Temur Kapadze (O‘zbekiston U-23 milliy jamoasi va «Olimpik» klubi)

O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi – Jamshid Iskanderov («Navbahor»)

Superliga-2022 ramziy jamoasi:
Darvozabon — O‘tkir Yusupov
Himoyachilar: Dilshod Saitov («Nasaf»), Husniddin Aliqulov («Nasaf»), Rustam Ashurmatov («Navbahor»), Farruh Sayfiyev («Paxtakor»)
Yarimhimoyachilar — Abdurauf Bo‘riyev («Olimpik»), Sardor Sobirxo‘jayev («Paxtakor»), Xurshid G‘iyosov («Olimpik»), Otabek Jo‘raqo‘ziyev («Olimpik»), Jamshid Iskanderov («Navbahor»)
Hujumchi — Dragan Cheran («Paxtakor»)
Murabbiy — Maksim Shatskix («Paxtakor»).

Marosimdan so‘ng g‘oliblar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Eng yaxshi futbolchi deb topilgan Jamshid Iskanderov faoliyatida ilk bor bu sovrinni qo‘lga kiritganidan xursandligini yashirmadi: «Hayajondaman. Bundan 8 yil oldin O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topilganman, endi esa mamlakatning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandim. Hissiyotlarimni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman.

To‘g‘risini aytsam, kutmagandim. Lekin yaxshi niyat bilan kelgandim. Shukr, sovrinni qo‘lga kiritdim. «Navbahor» rahbariyati, muxlislari, jamoadoshlarim va oila a’zolarimga rahmat aytaman. 

Milliy jamoaga chaqirilmaganim?  Bu — murabbiy tanlovi. Ehtimol, uning uslubiga to‘g‘ri kelmayotgandirman. Bunga e’tirozim yo‘q. Ishlashda davom etaman.

«Navbahor» bilan shartnomam tugagan. Jamoada qolish-qolmasligim masalasi tez orada hal bo‘ladi».

Eng yaxshi futzalchi Husniddin Nishonov tez orada legioner bo‘lish maqsadi borligini aytdi: «Bu yutuq ota-onam, murabbiyim Dilshod Haydarqulov va jamoadoshlarimniki ham. Hammaga rahmat. Boshqalar ham sovringa munosib edi.

Legioner bo‘lish? 2023 yilda buni maqsad qilganmiz. Takliflar bor. Murabbiylar bilan maslahatlashib, qaror qabul qilamiz».

Eng yaxshi murabbiy deb topilgan Temur Kapadze bu sovrin unga yanada kuch bag‘ishlashini ta’kidladi: «Bu sovrin meni yanada kuchli qiladi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishda motivatsiya beradi.

Oson bo‘lmadi. Bu yutuqda butun jamoaning hissasi bor.

«Olimpik»? Dastlabki mavsumdayoq 6-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Menimcha, bu yomon emas. Asosiysi tajriba to‘pladik. Kelasi yil yanada yaxshiroq natija qayd etishga harakat qilamiz».

A’zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi — Boymirza Xalilov

Mavzuga oid
Top