Jahon | 21:15 / 24.11.2024
5832
18 daqiqa o‘qiladi

 “Yopiq hujjat yana yopiq tarzda qabul qilinmasligi kerak” - tashqi siyosat konsepsiyasi haqida ekspertlar bilan suhbat

O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi e’lon qilindi. Xo‘sh, bu o‘zi qanday konsepsiya, uning amaldagi tahririda qanaqa asosiy tamoyillar belgilangan? Hujjatni yangilashda nimalarga e’tibor qaratish zarur? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabimov va Farhod Karimovga murojaat qildi.

Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining yangilanishi haqida yangi saylangan Qonunchilik palatasining 20 noyabr kungi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish – o‘ta muhim vazifa. Bu maqsadda avvalo tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarur, deb hisoblayman”, – dedi davlat rahbari.

Suhbatimizni tashqi siyosat konsepsiyasi o‘zi nima, degan savoldan boshlasak.

Farhod Tolipov: Bu – biz qanday tashqi siyosatni belgilaymiz, degan savolga javob beruvchi hujjat. Amaliy tomondan izohlasak, bu hujjat – davlatning tashqi siyosiy harakatlari, qadamlari qanday tamoyillarga asoslangan holda olib boriladi, degan savolga javob beradi. Ya’ni bu davlat dunyoni qanday ko‘ryapti? Har xil davlatlar dunyoni, qo‘shnilarni, buyuk davlatlarni turlicha ko‘radi va o‘zining ularga nisbatan bo‘lgan munosabatini ham turlicha belgilaydi.

U yoki bu davlat xalqaro munosabatlar tizimini qanday tasavvur qilishi konsepsiyaning asosi bo‘ladi. Konsepsiyada davlat qaysi tamoyillarga asoslanib tashqi siyosat yuritishi, qaysi harakatlarni amalga oshirishi mumkin-u, qaysi harakatlarni amalga oshirmasligi haqidagi yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, ko‘plab davlatlar o‘z tashqi siyosat konsepsiyasiga qadriyatlarni ham kiritadi. O‘zbekiston ham yangi tahrirda qabul qilinadigan o‘z konsepsiyasida muayyan qadriyatlar tizimini eks ettirishi mumkin.

Farhod Karimov: Qo‘shimcha qilish mumkinki, tashqi siyosat konsepsiyasi boshqa davlatlar uchun qo‘llanma hamdir. Bir davlat ikkinchisi bilan munosabat o‘rnatishda, takliflar berishda, xalqaro loyihalarga jalb qilishda uning konsepsiyasiga qaraydi. Ya’ni har bir davlat boshqa bir mamlakat bilan munosabatga kirishish uchun uning tashqi siyosat bo‘yicha yo‘nalishlari, tamoyillari va strategiyasini o‘rganishi kerak, bunda ular uchun eng asosiy qo‘llanma bu – o‘sha davlatning tashqi siyosiy konsepsiyasi hisoblanadi.

O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi sizga qanchalik tanish?

Kamoliddin Rabbimov: Hammaga ma’lumki, O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi yopiq hujjat hisoblanadi. Odatda, dunyo davlatlari o‘zining tashqi siyosatini ichkaridagi ekspertlarga, diplomatlarga, siyosiy hamjamiyatga va tashqi dunyoga bildirish uchun buni ochiq hujjat sifatida chop etadi. Lekin O‘zbekiston negadir hali-hanuz tashqi siyosiy konsepsiyasini yopiq hujjat maqomida saqlab kelmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston tashqi siyosiy konsepsiyasi rasman ommaviy axborot vositalarida chop etilmagan va uning maqomi – yopiq hujjat. Lekin O‘zbekistonning mudofaa doktrinasi yoki xavfsizlikka taalluqli boshqa ayrim hujjatlari ochiq. Tashqi siyosiy konsepsiyasi esa yopiq hujjat. Bu juda qiziq holat va o‘ylaymanki, O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ma’lum bir zo‘riqishlar yoki ma’lum muammoli nuqtalar, simptomlar borligini bildiradi. Ya’ni biz shunday tashqi siyosat yurityapmizki, o‘zimizning ichki ehtiyojlarimizni qarashlarimizda baralla ayta olmayapmiz va shuning uchun hujjatni jamoatchilik uchun ham, tashqi dunyo uchun ham yopib qo‘yganmiz. Mening nazarimda bu nihoyatda noto‘g‘ri.

O‘zbekistonning amaldagi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi dunyodagi mavjud vaziyatga qanchalik mos tushadi?

Farhod Tolipov: Tashqi siyosiy konsepsiya yopiq bo‘lishiga qaramay, qabul qilinayotgan qarorlar, tashqi siyosatda qo‘yilayotgan qadamlar, berilayotgan bayonotlar va amalga oshirilayotgan harakatlardan kelib chiqib, tashqi siyosiy konsepsiyaning mazmunini bilib olishimiz, hatto konsepsiyaning amaliyotga qanchalik to‘g‘ri tatbiq etilishini ham tahlil qilishimiz mumkin. Masalan, hozir dunyoda o‘zgaruvchan geosiyosat yuritilmoqda. Biz bu vaziyatda neytral davlat emasmiz. “Neytral” so‘zi OAVda, rasmiy bayonotlarda keng foydalanilmoqda, ya’ni O‘zbekistonning pozitsiyasi neytrallik deb baholanmoqda. Lekin biz rasman neytral davlat emasmiz. O‘zbekiston o‘zini butun dunyoga neytral davlat ekanini e’lon qilmagan. Masalan, Turkmaniston, Shveytsariya, yoki avvalroq Shvetsiya, Finlandiya kabi mamlakatlar rasman neytral maqomni olgan.

Yana bir misol. Ko‘pincha rasmiy bayonotlarda ham, ochiq hujjatlarda ham O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalish bo‘ladi deb e’lon qilingan. Biroq Markaziy Osiyo miqyosidagi maslahatlashuv uchrashuvlar yiliga bir marta bo‘ladi. Markaziy Osiyo davlatlarining har biriga oliy darajadagi tashriflar ham yiliga bir marta bo‘lishi mumkin. Lekin, taqqoslash uchun, Rossiyaga yil davomida ko‘p marta rasmiy va norasmiy tashriflar tashkil etiladi.

Bu konsepsiyani yopiq tarzda saqlashdan maqsad nima?

Farhod Tolipov: Bu haqiqatan ham biroz aql bovar qilmaydigan holat. O‘ylashimcha, yopishdan ko‘ra davlat boshqa davlatlarga, xalqaro hamjamiyatga bong urib, konsepsiyani ko‘rsatishi kerak. Biz qanday siyosat yuritayotganimizni, tashqi siyosatimizni noto‘g‘ri tushunmasligi, xalqaro hamjamiyat noto‘g‘ri talqin qilmasligi, mish-mishlarga asos bermasligi uchun ham biz mana bunday konsepsiyani qabul qilganmiz va shunga uyg‘un ravishda harakat qilamiz deb ko‘rsatishimiz kerak.

Farhod Karimov: Men O‘zbekiston tashqi siyosiy masalalardagi pozitsiyasini yashirishi yoki mavhum saqlashi haqidagi fikrlarga qo‘shilmayman. Chunki O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilda e’lon qilingan “Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi ustuvor yo‘nalishi ham tashqi siyosatga qaratilgan edi. U yerda ustuvor maqsadlar va masalalar ko‘tarilgan. Shuningdek, 2022 yildagi “Taraqqiyot strategiyasi”da ham, 2030 yilga mo‘ljallangan strategiyada ham tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarimiz va maqsadlarimiz ochib berilgan. Ya’ni u yerda hech qanday masala yopib qo‘yilmagan: qaysi mintaqalar bilan ishlaymiz, qaysi mintaqalar ustuvorligi bayon etilgan.

Tashqi siyosiy konsepsiyamizdagi asosiy prinsiplardan tashqari boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmagan bo‘lishi mumkin, ya’ni ommaga ochiq emas, lekin umumiy faoliyat va maqsadlar yozma ravishda hujjatlarda bor. Qolaversa, xorijiy davlatlarga tashqi siyosat bo‘yicha hujjatlar taqdim etilgan va u yerda bir qancha bandlar ochib berilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi doimiy ravishda o‘zining siyosiy pozitsiyalarini aniq bildirib keladi. BMTning oxirgi sammitida ham bu borada O‘zbekistonning pozitsiyalari ochiq aytildi.

Hozirgi kunda har qanday siyosiy hujjat jarayonga ta’sir qilishi kerak. Jarayon esa bugun rivojlanib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, konsepsiyamizning o‘zgarmas qismlarini, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona aloqalarni saqlash va barcha uchun bir xil tashqi siyosatni amalga oshirish kabi prinsiplar asosida saqlab qolish kerak.

Bugun global kuchlarning muvozanati o‘zgarayotgan davrni boshdan kechiryapmiz. Shunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlariga o‘ziga xos talablar bo‘ladi. Shuning uchun O‘zbekistonning tashqi siyosiy konsepsiyasi bu chaqiriqlarga javob berishi lozim. Agar davlat biror provokatsiyaga uchrasa, buning og‘ir oqibatlarini boshdan kechirishi mumkin. Buni Yaqin Sharqda ko‘ryapmiz, davlatlarni provokatsiyalar orqali turli xil mojarolarga tortishga urinilmoqda. Shunday sharoitda boshqa davlatlar bir davlatni harakat yoki harakatsizlikda ayblamasligi uchun davlat o‘z pozitsiyasini bugungi siyosiy reallikdan kelib chiqib, hujjatlarda aniq belgilashi kerak.

Bundan tashqari, iqlim o‘zgarib bormoqda, iqlim xavfsizligi yoki suv resurslaridan foydalanish masalalari ham bor. Bu jarayon Markaziy Osiyoda keskinlashmoqda. Bu borada ham qo‘shni davlatlar bilan kelishib olishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor, biz haliyam 1992 yildagi (Markaziy Osiyoda suv resurslarini taqsimlash to‘g‘risidagi – tahr.) Olmaota kelishuvlari bilan yuribmiz. Bu borada pozitsiyamiz qanday bo‘ladi? Bu borada o‘ziga xos prinsiplarni shakllantirishimiz kerak. Qo‘shnilar bilan kelishgan holda, ular bilan ziddiyatga bormaslik uchun prinsiplarimiz mushtarak bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyot davrida yashayapmiz, raqamli diplomatik davrda yashayapmiz. Bu chaqiriqlar tashqi siyosatdagi prinsiplarga jiddiy ta’sir qiladi. Biz bu axborot va raqamli iqtisodiyot makonida qanday pozitsiyada turamiz? Masalan, dunyo bo‘ylab ayrim davlatlar sanksiyalarga tushmoqda, biz esa bu sanksiyalardan o‘zimizni asrashimiz kerak, lekin geografik joylashuvimiz sababli bu oson bo‘lmayapti. Shunday sharoitda qanday siyosat yuritishimiz borasidagi tamoyillar tashqi siyosat konsepsiyamizda aks etishi va ular rivojlantirilishi kerak.

Kamoliddin Rabbimov: Mening nazarimda, har bitta davlat o‘zining tashqi siyosiy konsepsiyasini taxminan har 5 yilda geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib o‘zgartirib turadi. Masalan, 2000 yillarning o‘rtalariga qadar O‘zbekiston geosiyosatda G‘arbga oriyentir olgan davlat edi. 2002 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan strategik sheriklik to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi. 11 sentabr voqealaridan keyin O‘zbekistonda AQShning harbiy bazasi ochilgan.

2005 yilga kelib, ma’lum voqea-hodisalardan keyin O‘zbekistonning qarashi mutlaqo o‘zgardi. Bugungi kunda O‘zbekistonning asosiy pozitsiyasi – mana shu qudratli davlatlar, ya’ni qudratlar o‘rtasidagi geosiyosiy katta tirashuvlarda u yoki bu tarafda bo‘lmaslik. Bu nafaqat O‘zbekistonga xos, balki butun Markaziy Osiyoga xos bo‘lgan holat. Misol uchun, 1990-2000-yillarda Markaziy Osiyo geosiyosiy nuqtayi nazardan ikkiga bo‘lingan edi. Ba’zi bir davlatlar o‘ta Rossiyaga yaqin yoki Rossiyaning “komandasi”da bo‘lgan, boshqalari, jumladan, O‘zbekiston esa Rossiyaga qarshi yoki muqobil ravishda G‘arbga oriyentir olgan davlatlar sirasiga kirgan.

Bugungi kunda Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida Markaziy Osiyo va MDH hududida yangi geosiyosiy kontekst shakllandi. Rossiyaning xatti-harakatlari butun MDH va Markaziy Osiyo davlatlarni to‘liq qo‘rqitdi deyishimiz mumkin. Mening nazarimda, O‘zbekiston tashqi siyosiy konsepsiyasi yopiqroq bo‘lishining asosiy sabablaridan yoki motivlardan biri – mana shu Rossiyaga nisbatan ehtiyotkorlik, deb o‘ylayman. Chunki bizning barcha hujjatlarimizda, jumladan, Konstitutsiyada ham, Mudofaa doktrinasida ham davlatlarning hududiy yaxlitligi markaziy qadriyat hisoblanadi. Mana shu fokusdan qaraganimizda, O‘zbekiston Ukraina-Rossiya urushida kim tarafda ekani to‘la-to‘kis ma’lum, ya’ni bu yerda hech qanday ikkilanish uchun joy qoldirilmaydi.

Qolaversa, butun Markaziy Osiyo davlatlari ham takrorladiki, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi – hamma davlatlar uchun fundamental qadriyatdir. Chunki agar bu qadriyatlarga shubha bo‘lsa, hamma davlatlarning chegaralari beqaror bo‘lib qoladi. Qolaversa, biz yaqinda mustaqil bo‘lib chiqqan va o‘sha yangi shakllangan chegaralar qotishi uchun ma’lum bir muddat kerak bo‘lgan davlatlar hisoblanamiz. Shu sababli yangi geosiyosiy kontekstda O‘zbekistonning tashqi siyosiy konsepsiyasida ushbu yuqorida aytilgan qadriyatlar urg‘ulanishi kerak. Va urg‘ulangan deb o‘ylayman.

Tashqi siyosiy bosimlardan cho‘chish bo‘lishi bu – tabiiy. Ba’zi masalalar bor, biz G‘arbga yoqmasligimiz mumkin. Masalan, Falastin masalasi bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasi kristallashdi. Ya’ni biz 1967 yilgi chegaralarda Falastin davlati bo‘lishi kerak degan qat’iy pozitsiyadagi davlatlardanmiz. Bu bilan, aytaylik, Isroilga yoki Amerika Qo‘shma Shtatlariga yoqmasligimiz aniq. Yana ba’zi masalalar borki, xuddi shunday Rossiyaga yoqmasligimiz mumkin.

Biz qadriyatlarga oriyentir olishimiz kerak. O‘z pozitsiyamizni kuchli geosiyosiy kampaniyaga aylantirishimiz shart emas, lekin mana shu tamoyillarni aytishdan va eslatishdan hamda mana shu pozitsiyada turishdan charchamasligimiz kerak.

Konsepsiya tahrirlansa, amaldagi bandlardan qaysilari o‘zgarmasligi yoki qanday bandlar kiritilishini tavsiya qilgan bo‘lar edingiz?

Farhod Tolipov: Bu savolning biroz mavhum tomoni bor: bizda konsepsiyaning to‘liq matni mavjud emas. Ishonchim komilki, amaldagi konsepsiya to‘liq ochiqlanishi kerak. Shundagina biz undagi bandlarga to‘g‘ri baho bera olamiz.

Ikkinchidan, tashqi siyosiy konsepsiyani kim qabul qilayotgani, kimga bunday vakolatlar berilgani, kimda shunday ekspertiza bor degan savollarni qo‘ysak. Bunda faqat Tashqi ishlar vazirligi ishlab chiqyaptimiz yoki boshqa qandaydir tarmoqlar, ekspertlar ham jalb etilganmi? Chunki jamoatchilik orasida bu sohani Tashqi ishlar vazirligidan kam bilmaydigan, TIVga maslahat ham bera oladigan ekspertlar talaygina. Ularga qanchalik murojaat qilinyapti? Ular qanchalik o‘z ekspertizalari bilan hissa qo‘shyapti? Axir tashqi siyosat mukammal bo‘lishi, O‘zbekistonning manfaatlarini himoya qiluvchi hujjat qabul qilinishidan hammamiz manfaatdormiz.

Yoki, yopiq hujjat yopiq tarzda qabul qilinyaptimi? Ya’ni hujjatni qandaydir tor guruhning o‘zigina ishlab chiqyaptimi, deb ham savol qo‘yishimiz kerak. Albatta, bu hujjatni hozir olimlar, ekspertlarni jalb qilgan holda, keng davrada o‘tirib – bu bir kunlik ish emas – puxta ishlab chiqish kerak.

Endi konkret bandlariga o‘tadigan bo‘lsak. Amaldagi konsepsiyaning ayrim ochiq bandlari ham biroz ziddiyatli tuyuladi. Masalan, O‘zbekiston harbiy bloklarga qo‘shilmaydi, o‘z hududida boshqa davlatlarning harbiy bazalari joylashishiga ruxsat bermaydi, kabi jumlalar bor. Bu bandlar qanday asoslar bilan kiritilgan? Biz bloklarga qo‘shilmaymiz, deyish jozibador bo‘lib eshitilishi mumkin, lekin savolni teskari berib ko‘raylik: balki qo‘shilgan ma’quldir? Men buni hozir qo‘shilish kerak degan ma’noda aytmayapman; biz qanday qilib bu xulosaga keldik, bu bandning milliy manfaatlarga mos ekanini qayerdan bilamiz?

Biz qanday tashqi siyosat olib boramiz, desa, barcha darajadagi rahbarlar “milliy manfaatlarimizga tayangan holda” deydi. Lekin har bir davlatda siyosiy kuchlar bor. Har bir siyosiy kuchdan “milliy manfaatimiz nimadan iborat?” deb so‘rasangiz, ular bir-biriga zid javob berishi mumkin. Misol uchun, ba’zi siyosiy odamlardan so‘rasangiz, Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lishimiz kerak, deydi. Hatto Ukraina urushida Rossiya tarafini oladiganlar ham bor. Boshqa siyosiy kuchlar esa boshqacharoq javob beradi.

Agar turli kuchlar turlicha javob berayotgan bo‘lsa, masalan, harbiy bloklarga kirish maqsadga muvofiqmikin yoki yo‘qmi degan masalalarda javoblarni asoslab berish ham kerak.

Konsepsiya turli noaniq, mavhum tushunchalardan xolis, aniqroq bo‘lishi ham kerak. Ko‘pincha “mo‘tadil”, “vazmin”, “muvozanatli” siyosat yuritishimiz aytiladi. Masalan, “mo‘ta’dil” yoki “muvozanatli” so‘zining o‘rniga, “agar kerak bo‘lsa, qat’iyatli” degan so‘zni ishlatsak bo‘lmaydimi? Nima, biz qora bilan oqni ajrata olmaymizmi, zulm bilan yaxshilikni ajrata olmaymizmi, jinoyatchi bilan jabrdiydani ajrata olmaymizmi biz aralashmaymiz, mo‘tadilmiz desak? Unda qadriyat qayerda qoladi? Ma’naviyat qayerda qoladi?

Yo‘q, biz vazminmiz, deyish aslida – haqiqatdan qochish, ma’naviyatdan qochish, qadriyatlardan qochish. O‘zbekiston o‘zini hurmat qilgan katta davlat ekan, Markaziy Osiyodagi kalit davlat ekan, shunga mos ravishda achchiq haqiqatdan qochmagan holda, “biz neytralmiz” deb xalqaro sahnadagi murakkab jarayonlarga ko‘z yummasdan, “biz aralashmaymiz” emas, yaxshi ma’noda “aralashamiz” deydigan siyosatni yurgizish O‘zbekistonga yarashadi.

Suhbat bilan to‘liq shaklda video orqali tanishishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid