Taksi haydovchilariga litsenziya talabi bekor bo‘ladimi? Qachondan?
Rasmiy idora vakillari yo‘nalishsiz taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan kasb egalari ro‘yxatiga kiritilishini bir necha marta ta'kidlab aytishgan. Ammo ushbu masalada hanuz o‘zgarishlar bo‘lmayapti.
2020 yilda o‘zini o‘zi band qilgan kasb egalari ro‘yxati e'lon qilingandi. Dastlab, 30ga yaqin kasb ro‘yxatga kiritilgandi, keyinroq ushbu ro‘yxatdagi kasblar soni 67taga yetkazildi.
Amalda jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha mehnat faoliyatini mustaqil amalga oshiradigan, YaTT sifatida ro‘yxatga olinmagan va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar hisoblanadi. Ushbu toifadagi kasb egalari sirasiga sartarosh, uyda repetitorlik qilish, enaga, uy xizmatchisi va boshqalar kiradi.
Soliq kodeksiga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan belgilangan miqdorda to‘langan ijtimoiy soliq summalari asosida ularning mehnat staji hisobga olinadi. Masalan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, aytaylik, o‘qituvchi yo sartarosh o‘z uyida ishini tashkil qilgan, bir yil uchun bazaviy hisoblash miqdorida (amalda 245 ming so‘m) to‘lovni bajarib, ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. To‘lov esa pensiya va staj hisoblash uchun asos bo‘la oladi.
Bu ro‘yxatga yo‘nalishsiz yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi, soddaroq aytganda – o‘z mashinasida kira bilan shug‘ullanuvchilar ham kiritilishi aytilgandi. Kirakash odam shunchaki telefon yordamida ro‘yxatdan o‘tib, 245 ming so‘m to‘lab, litsenziyasiz ishlashi mumkin bo‘ladi (aniqrog‘i, shunday bo‘lishi kerak edi).
Ammo 2020 yil 9 iyunda e'lon qilingan prezident qarorida taksi haydovchilari ro‘yxatdan tushib qoldi. Keyinroq, prezident farmonida ham nazarda tutilmadi. Bunga nima to‘sqinlik qilmoqda?
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning aytishicha, taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan kasblar ro‘yxatiga kiritilishi aniq, ammo yechimi topilmay turgan ayrim masalalar bor.
«Fuqarolarni olib yurgandan keyin, mas'uliyat sezish kerak. Biz transport vositasining qanchalik texnik talabga javob berishi, qanchalik xizmat ko‘rsatish uchun sharoit bor va hokazo masalada mas'uliyat bo‘lishi kerak. Agar har bir haydovchiga taksi qilish huquqini erkin bersak, ularning mijozlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan fuqarolarga xavf paydo qilishimiz mumkin. Ya'ni nazoratni yo‘qotamiz, kim uni boshqargan, qanaqa avtomobil, tajribasi yo sog‘ligi haqida ma'lumotga ega bo‘lmaymiz», deydi Choriyev.
Davlat Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov ham taksistlar ro‘yxatdan tushib qolayotganini shu vaj bilan izohlagandi.
«Barcha hududlarda taksichilik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar soni ko‘p, agar ularga qonuniy sharoit yaratib bersak, albatta, ularning ijtimoiy masalasi ham yechilardi. Bu joyda masalaning boshqa tomoni ham bor. Bugungi kunda yuridik shaxs sifatida aholi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi haydovchilarga qo‘yilgan talabni bajarish masalasi kelib chiqmoqda. O‘zini o‘zi band qiluvchi haydovchi aholining xavfsizligini ta'minlay oladimi? Masala haligacha kun tartibidan olinmagan», deydi u.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ham Kun.uz bilan suhbatda ushbu masala yuzasidan vazirlik pozitsiyasi haqida gapirib bergandi. Unga ko‘ra, haydovchilar yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi onlayn servis – agregatorga (masalan, Yandeks yoki MyTaxi ilovalari) ulanishi shart.
«Masalaning yechimini o‘ylaganda, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash ustuvor masala bo‘lyapti. Haydovchining sog‘ligi va mashinaning texnik ko‘rigi mutasaddilar tomonidan nazorat qilinishi lozim. Transport vazirligining taklifi bilan, taksi agregat kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qilish haqida o‘ylanmoqda. Shunda, haydovchilar maxsus o‘rnatilgan moslamalar orqali sog‘ligini avtomatik tekshiruvdan o‘tkazishi ham nazarda tutilgan», degandi u.
Moliya vaziri o‘rinbosari ko‘chalarda alkotester va ko‘z orqali inson sog‘ligini aniqlaydigan maxsus moslamalar o‘rnatilishi va haydovchilar shunday nuqtalarga kelib, vaqti-vaqti bilan moslama bilan muloqotda bo‘lishini aytib o‘tgandi.
Umumiy qilib aytganda, rasmiy idora vakillari taksi faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan kasblar ro‘yxatiga qo‘shilishida yakdil fikr bildirmoqda: bu amalga oshadi. Mehnat vaziri Nozim Husanov ham ushbu masala 2021 yilda ijobiy hal etilishiga umid bog‘lagan.
Baribir, quruq gap bilan qorin to‘ymaydi: qachon va qay tartibda taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan kasb egalari sifatida tan olinadi? Aniq javob haligacha yo‘q.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
18:50 / 29.10.2024
Toshkentda ikki talaba taksichini o‘ldirib, mashinasini olib qochmoqchi bo‘ldi
07:50 / 25.10.2024
O‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni ikki baravar oshdi
20:41 / 24.09.2024
“5 oktyabrdan Umra turfirmalari amaldagi litsenziyasi bilan ishlay olmaydi” – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
11:58 / 04.09.2024