Jahon | 11:56 / 15.03.2026
5125
4 daqiqa o‘qiladi

Kubada energetik inqiroz: namoyishchilar Kompartiya ofisiga hujum qildi

Shanbaga o‘tar kechasi elektr energiyasi o‘chirilishi va yoqilg‘i taqchilligidan norozi bo‘lgan kubaliklar mamlakat markaziy qismidagi Moron shahrida Kommunistik partiya ofisiga hujum uyushtirdi.

Foto: Videodan kadr

Undan oldinroq shaharda oziq-ovqat narxlari oshishi va energetika inqirozi tufayli norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tgandi.

Kuba ichki ishlar vazirligi besh kishi hibsga olingani haqida xabar bergan.

Invasor davlat nashri namoyishlar «tinch ruhda boshlangani», ammo keyin «vandalizm aktlari»ga ulanib ketganini yozib chiqqan. «Odamlarning kichik guruhi binoni toshbo‘ron qildi, keyin esa vestibyulda turgan mebellar ko‘chaga olib chiqilib, yoqib yuborildi», – deyiladi xabarda.

Boshqa bir necha davlat muassasalari, jumladan, do‘kon va dorixonalar ham hujumga uchragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Kompartiya ofisi binosiga tosh otilayotgani va odamlar «Ozodlik!» deya qichqirayotganini ko‘rish mumkin. Ko‘chalarda esa ulkan gulxanlar yoqilgan.

Kuba ichki ishlar vazirligi huquq-tartibot organlari «vandalizm aktlari» tekshirilayotgani haqida xabar bergan.

So‘nggi oylarda Kuba chuqur energetik va oziq-ovqat inqirozini boshdan kechirmoqda, orolda tez-tez blekaut kuzatilmoqda, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshib bormoqda. Bu shifoxonalar, jamoat transporti, ta’lim muassasalari va chiqindilarni yig‘ish kabi asosiy xizmatlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Kuba poytaxti ham kuniga 15 soatgacha elektr ta’minotidan uzilmoqda.

Bu yanvar oyida Kubaga do‘stona hisoblangan Venesuelada Amerika harbiylari tomonidan amalga oshirilgan harbiy to‘ntarish oqibati bo‘lmoqda, Nikolas Maduro o‘rniga kelgan muvaqqat hukumat AQSh bosimi ostida orolga neft yetkazib berishni to‘xtatgan.

Donald Tramp esa Kuba rahbariyati almashishi kerak bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida Venesuela va Erondan keyin turganini aytib, tahdid qilmoqda.

66 yil muqaddam, Fidel Kastro boshchiligidagi isyonchilar hokimiyatga kelib, Amerika kompaniyalari mulklarini musodara qilganidan keyin AQSh tomonidan Kubaga qarshi savdo embargosi joriy etilgandi.

Norozilik kuchaymoqda

Kuba konstitutsiyasida so‘z erkinligi huquqi kafolatlangan bo‘lsa-da, mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari deyarli kuzatilmaydi.

So‘nggi haftalarda ba’zi kubaliklar sodir bo‘layotgan voqealarga norozilik sifatida kechqurunlari shahar ko‘chalarida yoki o‘z uylarida kastryulkalarni taraqlatib, o‘ziga xos aksiyalar uyushtira boshlagandi.

O‘tgan hafta bir guruh talabalar Gavana universitetida norozilik namoyishi o‘tkazib, energetika inqirozi ularning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotganidan norozilik bildirgandi.

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel odamlarning shikoyatlarini «qonuniy» deb atadi, biroq «osoyishtalikka tahdid soladigan zo‘ravonlik va vandalizm»ga toqat qilmasligini ta’kidladi.

U X tarmog‘idagi postida odamlar elektr ta’minotidagi uzilishlardan charchagani, biroq bunga AQSh tomonidan qo‘yilgan blokada sabab bo‘layotganini aytgan.

Payshanba kuni Gavana Vatikan bilan muzokaralar natijalariga ko‘ra, yaxshi niyat belgisi sifatida 51 nafar siyosiy mahbusni ozod qilishini ma’lum qilgandi. Vatikan o‘tmishda ham Kuba va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan.

Mahbuslarni ozod qilish to‘g‘risidagi bayonotdan bir necha soat oldin Migel Dias-Kanel Gavana AQSh bilan muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi, ammo ularning mazmuni haqida deyarli hech narsa demagandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid