Sog‘lom hayot | 13:18 / 08.08.2025
3054
5 daqiqa o‘qiladi

Chivinlar orqali yuqadigan kasallik: chikungunya haqida nimalarni bilish kerak?

Tropik va subtropik mintaqalarda uchraydigan mazkur virus chivin chaqishi oqibatida tarqaladi, kuchli bo‘g‘im og‘rig‘i va isitma bilan kechadi. Hozirgacha unga qarshi maxsus preparat ishlab chiqilmagan. Buyuk Britaniya joriy yilning fevral oyida ilk bor virusdan himoyalovchi vaksinani tasdiqladi. JSST esa hozirda 5,6 milliard kishi xavf ostida qolayotganini ma’lum qildi. O‘zbekistonda virus bilan bog‘liq holatlar aniqlanmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar xorijga chiqayotgan fuqarolarga chivin chaqishidan saqlanish choralarini ko‘rishni tavsiya etmoqda.

Foto: AP

Chikungunya – tropik va subtropik mintaqalarda uchraydigan virusli kasallik. U odamdan odamga o‘tmaydi, faqat chivin chaqishi orqali yuqishi mumkin.

Dastlab 1952 yilda Tanzaniyada aniqlangan. “Chikungunya” so‘zi makonde tilidan olingan bo‘lib, “bukchaytirib qo‘yadigan” degan ma’noni anglatadi, bu atama kasallik bo‘g‘im og‘rig‘i tufayli odamning bukchayib yurishiga ishora qiladi.

Asosan, Amerika, Afrika va Osiyoda uchraydi. Yevropada tarqalishi esa boshqa mintaqalardan virus yuqtirib qaytgan sayohatchilar va ularning yuklariga qo‘shilib kelgan chivinlar bilan bog‘liq.

Belgilari

Kasallik odamlarda kuchli isitma va bo‘g‘im og‘riqlari bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, quyidagi simptomlar ham kuzatiladi:

  • mushak og‘rig‘i;
  • charchoq;
  • toshma;
  • bosh og‘rig‘i;
  • ko‘ngil aynishi;
  • bo‘g‘im shishi.

Bo‘g‘im og‘rig‘i, odatda, bir necha kun davom etadi, ammo ba’zan hafta, oy yoki hatto yillab o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Ayrim hollarda ko‘z, yurak va asab tizimi bilan bog‘liq asoratlar qoldirishi ehtimoli mavjud. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va surunkali kasalligi bor keksa yoshdagilarga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Odam chikungunya kasalligidan bir marta tuzalganidan so‘ng, odatda, bu virusni qayta yuqtirib olmaydi, chunki tanada unga qarshi immunitet hosil bo‘ladi.

Tarqalishi

2025 yil boshidan iyul o‘rtalarigacha 16 mamlakatda jami 240 000 dan ortiq chikungunya holati hamda 90 ta o‘lim qayd etilgan.

Amerika mintaqasi. Virus tarqalishi eng ko‘p Braziliyada kuzatilgan – 185 553 ta. Boliviyada 4 721 ta, Argentinada 2 836 ta va Peruda 55 ta kasallanish holati aniqlangan.

Osiyo va Afrika mintaqasi. Hindiston, Shri-Lanka, Mavritaniya, Pokiston va Xitoy bo‘ylab jami 34 000 dan ortiq holat ro‘yxatga olingan. Xitoyning Guangdong viloyati, ayniqsa Foshan shahri iyun oyidan beri 7 000 dan ortiq infeksiya tarqalishi bilan epidemiya markaziga aylangan. Hududda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilgan: bemorlar shifoxonalarda yotqizilgan, dronlar yordamida suv to‘planadigan joylar aniqlangan, shuningdek, chivin lichinkalarini yo‘q qiluvchi biologik usullar qo‘llangan.

Yevropa mintaqasi. Fransiyada 30 ta mahalliy yuqish holati aniqlangan bo‘lib, ular, asosan, janubiy viloyatlar, jumladan Salon-de-Provence atrofida qayd etilgan. Italiyada esa 2025 yil 15 iyulgacha 1 ta mahalliy yuqish holati ro‘yxatga olingan. Fransiyaning dengiz orti hududlari bo‘lmish Reunion orolida 54 000 dan ortiq, Mayotte orolida esa 1 098 ta kasallanish holati kuzatilgan.

JSST mutaxassisi Diana Rojas Alvarezning ma’lumotiga ko‘ra, global miqyosda 5,6 milliard kishi virus yuqish xavfi ostida qolmoqda.

O‘zbekistonda bu borada hech qanday holat aniqlanmagan. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Xitoyda ko‘paygan chikungunya virusi mamlakatimizda tarqalmaydi. Negaki ushbu kasallikni tashuvchi chivinlar O‘zbekiston tabiatida uchramaydi. Biroq bu to‘liq xotirjam bo‘lish mumkin degani emas: boshqa davlatga ish yoki sayohat maqsadida chiqayotganlar chivin chaqishidan ehtiyot bo‘lishlari va kasallik yuqishining oldini olishga qaratilgan ehtiyot choralarini ko‘rishlari lozim.

Vaksina

Buyuk Britaniya 2025 yil fevral oyida dunyoda ilk marta chikungunya virusiga qarshi vaksinaning qo‘llashini rasmiy ravishda tasdiqladi. Bu vaksina katta yoshdagilar uchun mo‘ljalangan bo‘lib, tarkibida zaiflashtirilgan, ko‘paymaydigan virus mavjud, u odam organizmiga xavf tug‘dirmaydi, ammo immun tizimga virusni tanib olish va unga qarshi antitelalar ishlab chiqarishni “o‘rgatadi”. Natijada odamda kasallikka qarshi uzoq muddatli himoya shakllanadi. Shu yilning 1 may sanasida esa mamlakatda vaksinaning Vimkunya deb nomlanuvchi yana bir varianti ishlab chiqildi.

Vaksina faqat shifokor retsepti bilan beriladi. Preparatning ikki varianti mavjud:

  • 18-59 yoshdagilar uchun (IXCHIQ);
  • 12 yoshdan kattalar uchun (Vimkunya)

Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash agentligi (UKHSA) sayohatchilarga vaksina bilan bir qatorda quyidagi ehtiyot choralarini ham tavsiya qiladi:

  • hasharot chaqishidan saqlovchi (repellent) vositalardan muntazam foydalanish;
  • qo‘l, oyoq va bo‘yni yopadigan engil, ammo uzun kiyimlar kiyish;
  • insektitsid bilan ishlov berilgan moskit to‘rlarda (mosquito net) uxlash.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, yangi vaksina sayohatchilarga qo‘shimcha himoya beradi. Oldin faqat chivinlardan saqlanish choralari mavjud edi, endi vaksina orqali uzoq muddatli himoyani ta’minlash mumkin.

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid