Jahon | 22:23 / 11.11.2025
3108
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi

Endi Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat, X (Twitter), YouTube, Reddit, Discord, Kick va boshqa platformalar 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar tomonidan akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazish va undan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka majbur bo‘ladi.

Foto: AP

Avstraliya bolalarning onlayn xavfsizligi sohasida keskin qadam tashlashga qaror qilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. 2025 yil 10 dekabrdan boshlab 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini butunlay taqiqlovchi qonun kuchga kiradi.

Qabul qilingan qonun - Online Safety Amendment (Social Media Minimum Age) Act 2024 - ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun minimal yoshni belgilaydi. Endi platformalar 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar tomonidan akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazish va undan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka majbur bo‘ladi.

Qonun dunyodagi eng yirik platformalarni qamrab oladi: Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat, X (Twitter), YouTube, Reddit, Discord, Kick va boshqa xizmatlar «yoshga qarab cheklangan ijtimoiy tarmoqlar» sifatida tasniflanadi.

Bunda kontentni to‘liq bloklash haqida gap ketmayapti - o‘smirlar ommaviy sahifalarni akkaunt ochmasdan ham ko‘rishi mumkin. Talablarga rioya qilish mas’uliyati foydalanuvchilar yoki ularning ota-onalariga emas, balki platforma egalariga yuklatiladi.

Avstraliya rasmiylariga ko‘ra, yangi choradan maqsad o‘smirlarning ruhiy salomatligi va farovonligini himoya qilish, algoritmlar va onlayn bosim ta’sirini kamaytirish, shuningdek, kiberhujum va raqamli qaramlikning oldini olishdir.

Hukumat o‘smirlar ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etishdan oldin tanqidiy fikrlash va raqamli savodxonlikni rivojlantirish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Bir qator ekspertlar va inson huquqlari tashkilotlari qonunning amalda qanchalik samarali bo‘lishiga shubha bildirmoqda. Asosiy savol - platformalar qanday qilib foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi va VPN, soxta akkauntlar yoki ota-onalar ma’lumotlari orqali cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini olishi mumkinligida.

Bundan tashqari, tanqidchilarning fikricha, to‘liq taqiq o‘smirlarning o‘zini ifoda etish va raqamli jamiyatda ishtirok etish huquqlarini cheklashi mumkin.

Shunga qaramay, Avstraliya hukumati qonun bolalar uchun xavfsizroq raqamli muhit yaratish yo‘lida muhim qadam va ehtimol boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lishiga ishonchi komil.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid