Jahon | 12:21 / 08.09.2022
31853
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «hech narsa yo‘qotmadi», G‘arb hammani «otdi», YeI esa «ahmoqona qarorlar» qabul qilyapti - Putinning bayonotidan asosiy iqtiboslar

7 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vladivostokda bo‘lib o‘tgan Sharqiy iqtisodiy forum plenar sessiyasida chiqish qildi. U Ukrainadagi urush sabablari, Rossiya energiyasi narxiga chegara qo‘yishga urinish, xalqaro ekspertlarning Zaporijjya AESga tashrifi borasida fikr bildirdi. Quyida uning bayonotidan asosiy iqtiboslar keltiriladi.

Vladimir Smirnov / EPA / Scanpix / LETA

Ukrainadagi urush va uning Rossiya uchun oqibatlari haqida

Biz hech narsa yo‘qotmadik. Hech narsa yo‘qotmaymiz ham. Eng asosiy erishganimiz – suverenitetimizning mustahkamlanishi. Ha, ma’lum darajadagi qutblashuv sodir bo‘lmoqda, ammo men dunyoda ham, mamlakatimizda ham bu faqat foydali bo‘ladi deb hisoblayman. Chunki barcha keraksiz narsalar va olg‘a yurishimizga xalaqit berayotgan barcha narsa uloqtirib tashlanadi...

Eng asosiysi esa, yana bir bor ta’kidlamoqchiman, biz harbiy harakatlar nuqtayi nazaridan hech narsani boshlamadik, balki yakunlashga urinyapmiz. Harbiy harakatlarni 2014 yilda tinch rivojlanishni istamagan va o‘z xalqiga bosim o‘tkazishga uringanlar boshlagan

Rossiya muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘p marta uringanidan keyin xuddi shu yo‘l bilan – qurolli yo‘l bilan javob berishga qaror qildi. Biz buni ongli ravishda qildik, barcha harakatlarimiz Donbassda yashayotgan odamlarga yordam berishga qaratilgan. Bu bizning burchimiz va uni oxirigacha ado etamiz. Oxir-oqibat bu mamlakatimizning ichkaridan va tashqi siyosat nuqtayi nazaridan mustahkamlanishiga olib keladi. 

Rossiya gazi narxini chegaralashga urinish haqida

Kimdir bu ahmoqona qarorni amalga oshirishga urinadigan bo‘lsa, bu mazkur qarorni qabul qilganlar uchun yaxshilikka olib kelmaydi. Shartnomaviy majburiyatlar bor. Shartnomaga zid siyosiy qarorlar qabul qilinadimi? Biz ularni bajarmay qo‘ya qolamiz. Agar manfaatlarimizga zid keladigan bo‘lsa, hech narsa yetkazib bermaymiz. Na neft, na ko‘mir, na mazut. Bizga o‘zinikini o‘tkazmoqchi bo‘layotganlar hozirda bizga buyruq beradigan holatda emas. O‘ylab ko‘rishsin. Biz esa xuddi ertakdagidek: «Muzla, muzla, bo‘rining dumi» deyishimiz qoldi.

Zaporijjya AESdagi vaziyat va XAEA missiyasi tashrifi haqida

Men Xalqaro atom Energetikasi agentligining hisobotiga shubhasiz ishonaman. XAEA — juda mas’uliyatli xalqaro tashkilot. Rahbari — juda professional inson. Ular AQSh, Yevropa mamlakatlari bosimi ostida turadi. O‘qqa tutishlar Ukraina hududidan amalga oshirilayotganini to‘g‘ridan to‘g‘ri ayta olishmaydi. Bu yaqqol narsa. Axir stansiyani biz nazorat qilyapmiz. U yerda bizning harbiylarimiz turibdi. Xo‘sh,o‘zimizni o‘zimiz o‘qqa tutyapmizmi? Shunchaki bema’nilik... u yerda qancha HIMARS va boshqa G‘arb qurollari qoldiqlari yotibdi. Bu tahdid soladimi? Albatta soladi... stansiya hududida Rossiya harbiy texnikasi yo‘q.

G‘alla kelishuvi natijalari haqida 

Geosiyosiy raqiblarimiz tomonidan bizga qilingan bosim Rossiyani kambag‘al davlatlar manfaatlarini ta’minlash, bu mamlakatlarda ocharchilikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishga asoslangandi. Biz bu kelishuv amalga oshishi uchun hamma narsani qildik, bunga rioya qilyapmiz. Ma’lum bo‘ldiki, bu safar ham xalq tili bilan aytganda «otishdi». Ahmoq qilishdi. Nafaqat bizni, balki kambag‘al mamlakatlarni...

Balki g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining bu yo‘nalishda (Ukrainadan Yevropaga) tashilishini cheklash haqida o‘ylab ko‘rish kerakdir. Men bu mavzuda Turkiya prezidenti janob Erdo‘g‘an bilan albatta maslahatlashaman. Zero Ukraina g‘allasini tashish mexanizmini u bilan birga ishlab chiqqanmiz. 

Rossiyaliklar uchun viza cheklovlari haqida

Biz hech kimga qandaydir qarorlarini bizga o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymaymiz, ularning qo‘llari kalta. Ammo bu sohada ham manfaatlarimizga zid hech narsa qilmasligimiz kerak. Biz yoshlar mamlakatimizga kelib o‘qishlaridan manfaatdormiz. Biz barcha cheklovlarga qaramasdan biznes kelishi va ishlashidan manfaatdormiz. Ularni nima uchun cheklash kerak? Biz bu aloqalarni uzmaymiz. Ular (G‘arb mamlakatlari) buni siyosiylashtirmoqda, ular bizni emas, o‘zlarini ihotalamoqda.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning Rossiya to‘g‘risidagi gaplari haqida

U shunchaki tiliga erk beryapti. U bu masalada yirik mutaxassis. Biz Yevropa diplomatiyasi rahbarining Rossiyani jang maydonida yengishga chaqiriqlarini ko‘rdik. G‘aroyib diplomatiya... Unga Xudo bor.

Fashistlar rejimiga kelsak, bunga nima deyish mumkin? Agar u (Borrel) 30-yillarda yashaganida edi, u ispaniyalik... Menimcha, u davlat to‘ntarishiga urinuvchilar tarafida bo‘lardi, chunki u bugun Ukraina hududidagi ana shunday odamlarni qo‘llab-quvvatlayapti… U balki o‘sha davrda fashistlar tomonida bo‘lgan bo‘lardi...

Bugun u butun Yevropa kabi Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlayapti... Agar o‘sha janob (Borrel) ruslarni ham, yahudiylarni ham, polyaklarni ham otgan Bandera, Shuxevich va boshqa neonatsistlar kimligini bilganida edi... Mana shulardan kelib chiqib fikr qilganida edi, haqiqiy natsizm qayerda gullab-yashnayotgani va qayerda davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganini bilgan bo‘lardi.

Jurnalist Ivan Safronovga chiqarilgan hukm haqida

(Safronov ishi bo‘yicha) tafsilotlarni bilmayman. U nafaqat jurnalist, balki «Roskosmos» rahbari maslahatchisi bo‘lgan va nafaqat jurnalistik faoliyat, balki tegishli ma’lumotlarni to‘plash hamda G‘arb razvedkalaridan biriga berish orqali ham pul topgan. Sud buni isbotlangan deb topdi va tegishli qaror chiqardi. Uning qilgan ishi uchun muddat nuqtayi nazaridan bu qanchalik adolatli — buni muhokama qilmayman. Prokuror har doim hukmga norozilik bildirishi mumkin va mahkumning advokatlari ham yuqori turuvchi sud instansiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etishi mumkin. 

Urush boshlanganidan so‘ng mamlakatni tark etgan rossiyalik jurnalistlar haqida

Ha, ishontirib aytamanki, ular keta olganlari uchun xursand. Ular bu yerdaligida har doim mamlakatimizga qarshi ishlashgan. Endi esa bu yerda ularga nimadir xavf solayotgandek shu yerda olgan oyliklarini o‘sha yerda olish uchun jon-dillari bilan ko‘chib o‘tishdi.

Mavzuga oid