Sport | 11:47 / 02.01.2025
5633
6 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» yilni yorqin kambek bilan boshlab, o‘yin taqdirini uch daqiqada hal qildi

Arteta shogirdlari «Liverpul»ni ta’qib qilishda davom etadi.

Foto: Shaun Brooks - CameraSport via Getty Images

«Brentford» — «Arsenal» 1:3
Gollar:
Mbeumo (13) — Jyezus (29), Merino (50), Martinelli (53).
«Brentford» – Flekken, van den Berg (Kim Ji Su, 75), Kollinz, Lyuis-Potter, Roerslev, Yarmolyuk, Nergor (Yyensen, 75), Yanelt, Damsgor (Magoma, 75), Vissa (Shade, 75), Mbeumo.
«Arsenal» – Rayya, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 78), Gabriel, Saliba, Timber, Merino (Rays, 78), Parti, Edegor (Jorjinio, 88), Martinelli, Nvaneri (Trossar, 78), Gabriel Jyezus (Zinchenko, 90+2).
Ogohlantirishlar: Timber (17), Nyorgor (26), Kalafiori (57).

APLda 2025 yilning ilk o‘yinida «Arsenal» «Brentford» maydonida irodali g‘alabaga erishdi. Mikel Arteta jamoasi turnir jadvalida «Nottinghem Forest»ni quvib o‘tib, peshqadam «Liverpul» bilan oradagi farqni olti ochkoga qisqartirdi.

«Arsenal» Brentfordda o‘zining bu mavsumdagi asosiy to‘purari Havers, eng yaxshi assistenti Saka va yarimhimoya chizig‘i yetakchisi Rayssiz maydonga tushdi. Ulardan dastlabki ikkisi sog‘ligidagi muammo tufayli jamoaga yordam bera olmayapti, Deklan esa formasini tiklamagani uchun zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Markaziy hujumchi Gabriel Jyezusni qanotlarda Nvaneri va Martinelli qo‘llab-quvvatladi.

Arteta jamoasi kuchli bosim bilan boshladi, «Brentford» o‘yinning dastlabki o‘n daqiqaligida jarima maydoniga qamalib qoldi. «Kanonir»lar uchrashuv debyutining 80 foizdan ortiq vaqti davomida to‘pga egalik qildi. Ammo hisob 0:0 ekanida mehmonlar baribir yaqqol golli vaziyat yarata olmadi, mezbonlar esa 13-daqiqadagi ilk vaziyatidan foydalandi. Edegor maydon markazida pas berishda xato qildi – Damsgor to‘pni egallab oldi va qarshi hujumni boshlab berdi. Jarima maydonida Mbeumo Kalafiorini osonlik bilan aldab o‘tib, uning oyoqlari orasidan to‘pni yerlatib yo‘lladi. «Brentford» hujumchisi uchun bu APLning joriy mavsumidagi 11-gol bo‘ldi.

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Arsenal» futbolchilari o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek harakat qilib, tashabbusni topshirdi. O‘yinning yarim soati ortda qolayotganida «Brentford» ikkinchi golni urishga yaqin keldi, ammo hisob 2:0 bo‘lishi o‘rniga 1:1 ko‘rinishiga o‘zgardi. Lyuis-Potterning zarbasidan keyin «kanonirlar» darvozaboni Rayya ishonchsiz harakat qildi – to‘p uning qo‘lidan sirg‘alib o‘tib darvoza to‘ri tomon yo‘naldi. Ispaniyalik posbon mo‘jizaviy harakati bilan to‘pga chiziq ustida ulgurdi va xatosini tuzatdi.

«Arsenal» esa darhol javob hujumida hisobni tenglashtirdi. Bu epizodda Mbeumo o‘z jamoasi uchun antiqahramonga aylandi. U jarima maydoni yaqinida to‘pni o‘zi bilan olib yurmoqchi bo‘ldi, ammo uni yo‘qotdi. Parti jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, mezbonlar darvozaboni Flekken to‘pni Gabriel Jyezusning oldiga tashlab berdi va braziliyalik hujumchi to‘pni darvoza to‘riga kiritib yubordi.

Birinchi bo‘limda «Arsenal» xG ko‘rsatkichi (0,16 ga 0,69) va zarbalar soni bo‘yicha ustunlikka erishdi (9:4), ammo jamoalar tanaffusga durang hisobda yo‘l olishdi. 

Ikkinchi bo‘limda esa «Arsenal» bu mavsumdagi asosiy qurolini ishga soldi. Standart vaziyatlar vaqtida «kanonirlar» futbolchilari guruhi odatdagi kabi darvozabon atrofiga yugurishdi, mezbonlar mudofaasida esa vahima yuzaga keldi. 50-daqiqada Arteta shogirdlari burchak zarbasidan keyin ikkinchi golni urishdi. Flekken atrofidagi raqib futbolchilari tufayli to‘pga yeta olmadi, himoyachilar to‘pni uzoqlashtira olmadi, Merino himoyachidan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi.

Uch daqiqa o‘tib «Arsenal» hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. «Brentford» mudofaasi ikkinchi bo‘lim boshidagi oraliqni juda yomon o‘tkazdi. Nvaneri va Martinelli kombinatsiyasi «kanonirlar»ning uchinchi golini yuzaga keltirdi. Shu kuni APLda boshlang‘ich tarkibdagi debyutini o‘tkazgan yosh vinger jarima maydoni burchagiga bordi va to‘pni markazga uzatdi, himoyachi Kollinza uzoqlashtirishga uringan to‘pni Martinelli to‘rga yo‘lladi. «Brentford» himoyachisi bu vaziyatda o‘zini turtishganidan shikoyat qildi, ammo hakamlar unga ishonishmadi.

Tomas Frank jamoasi qolgan vaqt davomida «Arsenal»ga muammo tug‘dira olmadi, mezbonlar 32-daqiqadan keyin faqat bir bor zarba berdi va 63-daqiqadan keyin birorta zarba bo‘lmadi. «Kanonirlar» esa ortiqcha kuch sarflamasdan, tartibli o‘yini bilan g‘alabani saqlab qoldi. Gol mualliflaridan tashqari Partining o‘yinini alohida e’tirof etish mumkin, u bir bo‘limning o‘zida to‘rt marta to‘pni raqibdan olib qo‘ydi. Statistikaga ko‘ra ushbu tayanch yarimhimoyachisi deyarli barcha yakkakurashlarda ustun kelgan (10 tadan 9 tasida).

«Arsenal» zarbalar bo‘yicha «Brentford»ni uch barobar farq bilan ortda qoldirdi – 14:5 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 5:2, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 11:4). Bu g‘alabadan keyin jamoa turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa qaytdi.

Mavzuga oid