O‘zbekiston | 20:39 / 03.04.2024
2458
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi ayrim tadbirkorlarga subsidiya beriladi

Yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash, quritish, qayta ishlash hamda ularni eksport qilish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan jami 1,5 trillion so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit resurslari yo‘naltiriladi. 

Foto: Getty Images

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida 2024 yilda yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash, quritish, qayta ishlash hamda ularni eksport qilish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan jami 1,5 trillion so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit resurslari yo‘naltiriladi. 

Mahalliy mahsulotlar stendlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda jozibador lokatsiyalarda joylashtirish uchun ariza kiritish va Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga amalda ajratilgan mablag‘lar hisobidan oldindan 100 foiz to‘lab berish tartibi joriy qilinadi. 

Bunda, ko‘rgazma va yarmarka tadbirlarida ishtirok etish xarajatlari uchun tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingidagi toifasiga mutanosib ravishda, jumladan «AAA» bo‘lganda 100 foiz, «AA» – 95 foiz, «A» – 90 foiz, «VVV» – 85 foiz, «VV» – 75 foiz hamda «V» – 65 foiz miqdorida subsidiyalar ajratiladi. 

2024 yil 1 apreldan:

- meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan jarima qo‘llanmaydi; 

2026 yil 1 yanvargacha mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib, faqat mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga sotish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beriladi. 

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tegishli davlatda mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish va realizatsiya qilishda savdo agentlari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Mavzuga oid