Jahon | 21:38 / 01.03.2026
19842
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron muzokaralarni tiklashni so‘radi

AQSh prezidenti eronliklar bilan gaplashishga rozi bo‘lganini aytdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp The Atlantic nashriga ma’lum qilishicha, Eronning yangi rahbariyati undan muzokaralarni tiklashni so‘ragan.

«Ular gaplashib olishni xohlashmoqda va men rozi bo‘ldim, shuning uchun men ular bilan gaplashaman. Ular buni ertaroq qilishlari kerak edi. Ular qilish qulay va oson bo‘lgan ishni oldinroq qilishi kerak edi. Ular cho‘zib yuborishdi», – degan Tramp.

AQSh prezidenti muzokaralar qachon o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi savolga javob bermadi.

«Bu odamlarning aksariyati endi yo‘q. Biz bilan ishlaganlarning ba’zilari allaqachon halok bo‘lishdi, chunki bu juda katta zarba edi. Ular buni ertaroq qilishlari kerak edi, Maykl. Ular bitim tuzishlari mumkin edi. Ular buni ertaroq qilishlari kerak edi. Ular ortiqcha aqllilik qilib yuborishdi», – degan Tramp.

AQSh prezidenti CNBC uchun bergan intervyusida Erondagi amaliyot «grafikdan ilgarilab ketgani»ni aytgan. «Hozir voqealar juda ijobiy yo‘nalishda rivojlanmoqda», – degan Tramp.

Fox News uchun intervyusida esa u agar AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlamaganida, «ular ikki hafta ichida yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgani»ni aytgan. «U holda bularning barchasi imkonsiz bo‘lib qolardi», – deya qo‘shimcha qiladi Tramp.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi urush boshlashidan oldin Vashington va Tehron vakillari Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar olib borgandi. Muzokaralarda AQSh Eronning yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishini talab qilgan, Tehrondagilar esa buni qabul qilmagandi.

Isroil va AQSh zarbasi oqibatida Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy halok bo‘ldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid