Jahon | 17:26 / 02.03.2025
9549
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uydagi dahanaki tortishuv – ekspertlar nigohida

Zelenskiy Oq uydan quruq qo‘l bilan qaytdi, dahanaki jang butun dunyoda turli munozaralarga sabab bo‘lyapti.

Ukrainadagi urush istiqboli masalasida AQShning qat’iy pozitsiyasi va Kiyevning strategik ehtiyojlari o‘rtasida jiddiy tafovutlar yuzaga chiqdi. Shu bilan birga, Yevropada ham yangi kuch markazlari paydo bo‘lishi mumkin: Germaniya yangi hukumati orqali Parij va London bilan yaqinlashmoqda. Bu Ukraina uchun nimani anglatadi? G‘arbdagi strategik bo‘linish urush natijalariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Bu mavzular Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” haftaligida muhokama qilinadi.

Reallik nuqtayi nazaridan endi buyog‘iga vaziyat qanday davom etadi?

Kamoliddin Rabbimov: Ikki tomon ham bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan yaxshigina xulosa chiqarsa kerak. J.D. Vens Oq uyda Trampni manipulatsiya qilib, Zelenskiy bilan tirashuvga undadi.

Oldinlari Qo‘shma Shtatlardagi saylovlarda ikkita asosiy partiya g‘alaba qozonib kelsa ham, qandaydir bog‘liqlik va tadrijiylik, ya’ni uzviylik bor edi, bugun shu narsa yo‘q. Hozir AQShning an’anaviy siyosati 180 darajaga o‘zgardi, ya’ni bu qadar qutblashuv Amerikani, albatta, holsizlantiryapti. Bundan keyin ittifoqchilari o‘ylaydiki: «Hozir men bu prezident bilan kelishsam, to‘rt yildan keyin boshqa odam bo‘ladi, u bilan qanday bo‘ladi munosabat? Hech qanday kafolat yo‘q», degan fikrga boradi. Bu jarayonlar Kreml foydasiga, lekin ma’lum bir muddatdan keyin bu Putinga uning salbiy aks sadosi, albatta, bo‘ladi.

Ayni vaqtda butun Yevropa Ittifoqi Ukraina tarafida turibdi. Donald Tramp oldida katta murakkab dilemmasi bor. Tramp Putinni deb Yevropa Ittifoqidan voz kecha olmaydi. Odatda katta kelishuvlar ko‘pchilikning asosiy roziligi bilan bo‘ladi. Bu yerda ko‘pchilikning asosiy roziligi bo‘lmayapti. Juda ham kuchli qutblanish ketmoqda.

Oqibatda mana, Ukraina, Yevropa Ittifoqi va dunyoning ko‘pgina hamjamiyati, masalan, Turkiya ham Zelenskiy tarafida. Yaqinda Erdo‘g‘an bilan uchrashganda u aytdiki, Erdo‘g‘an hali Yevropa liderlari aytmayotgan gapni aytyapti: «Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti degan qadriyatdan chekingani yo‘q». Bu aslida uning yaqin do‘sti Putin «ogorod»iga katta tosh otishdan boshqa narsa emas.

Mavzuga oid