O‘zbekiston | 10:48 / 17.12.2018
5708
4 daqiqa o‘qiladi

Texnik reglament sertifikatlashtirish majburiyligini talab qiladi

Foto: Lynda.com

Prezidentning 12.12.2018 yildagi PQ-4059-son qarori bilan mahsulotlarni majburiy sertifikatlashtirish uchun qo‘shimcha asos joriy etildi.
 
Norma’ning yozishicha, sertifikatlashtirish majburiy va ixtiyoriy bo‘ladi (“Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga qarang). “O‘zstandart” agentligi, milliy sertifikatlashtirish organi sifatida majburiy ravishda sertifikatlanadigan mahsulotlarning ro‘yxatini belgilaydi, Vazirlar Mahkamasi esa – uni tasdiqlaydi. Amaldagi Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxati 2011 yilda tasdiqlangan.
 
Biroq, sertifikatlashtirish bilan bir qatorda texnik jihatdan tartibga solish mexanizmlari mavjud ("Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun). Xususan, ular mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligiga majburiy talablarni belgilaydigan normativ hujjatlar – texnik reglamentlarni nashr etish vositasida amalga oshiriladi. Bu hujjatlarning o‘zi sertifikatlashtirish amalga oshirilishini nazarda tutmaydi. Tegishincha, agar xavfsizligiga talablar texnik reglamentda mustahkamlangan mahsulotlar Ro‘yxatda mavjud bo‘lmasa, uni sertifikatlashtirishni amalga oshirmasa bo‘lar edi. Shu paytgacha shunday bo‘lgan edi.
 
Endi esa texnik jihatdan tartibga solish va sertifikatlashtirish dastaklari o‘zaro bog‘liq holda qo‘llaniladi. Texnik reglamentlar amalga kiritilishi bilan xavfsizligiga ushbu hujjatlar bilan majburiy talablar o‘rnatiladigan mahsulotlar majburiy sertifikatlanishi lozim. Muallif fikriga ko‘ra, bu quyidagilar bilan tushuntiriladi:
 
birinchidan, odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlar realizatsiya qilinishini nazorat etib borish sertifikatlashtirishning maqsadlaridan biri hisoblanadi. Texnik jihatdan tartibga solish esa mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qo‘llash va bajarishni o‘z ichiga oladi. Ya'ni, mexanizmlar, mohiyatiga ko‘ra, xuddi shunday maqsadlarni ko‘zlaydi;
 
ikkinchidan, texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratining aniq tartibi bayon etilmagan, garchi bu iste'molchi manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Mazkur holatda sertifikatlashtirishning qo‘llanishi “g‘ildirak ixtiro qilmagan” holda kamchilikni bartaraf etadi;
 
uchinchidan, sertifikatlashtirish ko‘rinishida texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish preventiv chora bo‘lib xizmat qiladi – bu MJTKning 212-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni oldini olish va bartaraf etish.
 
Shu tariqa, endi ishlab chiqarilayotgan (olib kirilayotgan) mahsulotlar majburiy sertifikatlanishi masalasini hal etishda nafaqat Ro‘yxat bilan solishtirilishi, balki tegishli texnik reglamentlarning mavjudligi inobatga olinishi zarur. Ularni, shu jumladan Norma online tizimi yoki kompaniyaning dasturiy mahsulotlaridan foydalangan holda topish mumkin.
 
Mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayoni sezilarli darajada soddalashtirilgan.
 
Hujjat 13.12.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid