Jahon | 16:00 / 12.11.2025
6314
8 daqiqa o‘qiladi

Pokistondagi terakt, Turkiyaning qulagan harbiy samolyoti va Pokrovskka «Mad Max» uslubida kirayotgan Rossiya kuchlari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Pokistonda terakt

11 noyabr kuni Pokiston poytaxtida sodir etilgan o‘z joniga qasd hujumi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. Mudofaa vaziri bu hodisani «urush holati» deb atab, mamlakat terrorchilik zo‘ravonligining keskin kuchayishiga guvoh bo‘layotganini aytdi.

Ichki ishlar vaziri Naqvining aytishicha, Islomoboddagi sud binosi yaqinidagi o‘zini portlatgan xudkush hujumi natijasida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi yaralangan. Portlash tushlik paytida, kirish eshigi yaqinida sodir bo‘lgan.

Mahalliy OAV kadrlarida qon bilan qoplangan odamlar, yonayotgan mashina va shikastlangan avtomobillar ko‘rinadi. Politsiya hududni o‘rab olgan. «Terrorchi piyoda holda sud binosiga kirishga urinib ko‘rgan, ammo kirish imkonini topolmagach, politsiya mashinasi yonida o‘zini portlatgan», — dedi vazir.

Bosh vazir Shahboz Sharif portlashni qoralab, Hindistonni «mintaqada o‘z qo‘g‘irchoqlari orqali terrorizmni yoyayotganlikda» aybladi. «Dunyo endi Hindistonning bunday yovuz fitnalarini qoralaydigan payt keldi», — dedi u. Sharifga ko‘ra, bu hujumlar «Afg‘oniston hududidan Hindiston ko‘magi bilan amalga oshirilgan».

Biroq Hindiston bosh vazirligi bu ayblovlarni «asossiz va uydirma» deb rad etdi.

Pokiston hozir toliblar va Hindiston bilan keskin qarama-qarshilikda. May oyida Hindiston bilan to‘rt kunlik urush olib bordi, o‘tgan oy esa Kobulni ham o‘z ichiga olgan Afg‘onistonga aviatsiya zarbalari uyushtirdi.

Kobuldagi «Tolibon» ma’muriyati esa bayonotida «hujumlarni qattiq qoralashini va chuqur hamdardlik bildirishini» ma’lum qildi. Pokiston ayblovlariga izoh so‘ralganda, «Tolibon» vakili javob bermagan. Kobul o‘z hududi boshqa davlatlarga qarshi hujumlar uchun ishlatilayotganini rad etadi.

Pokistondagi bu hujumlardan bir kun avval Hindiston poytaxtida portlash bo‘lib, sakkiz kishi halok bo‘lgan edi.

Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchradi

11 noyabr kuni Turkiya harbiy-havo kuchlariga tegishli C-130 yuk tashuvchi samolyot Gruziya–Ozarboyjon chegarasi yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 20 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan.

Turkiya Mudofaa vazirligi samolyot Ozarboyjondan parvoz qilayotgan paytda halokat sodir bo‘lganini tasdiqladi va 20 nafar halok bo‘lgan harbiylarning ism-sharifini e’lon qildi.

Gruziya qidiruv-qutqaruv guruhlari kun davomida samolyot qulagan joyni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, samolyot qoldiqlari endilikda qo‘riqlov ostida va Turkiya tergov guruhi halokat sabablarini rasmiy o‘rganishni boshlagan.

OAVga ko‘ra, harbiy yuk samolyoti halokati dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, ikki asosiy versiya bo‘yicha o‘rganilmoqda:

Birinchi versiyaga ko‘ra, samolyot uzoq vaqt davomida ekspluatatsiyada bo‘lgan va uning korpusida korroziya (zanglash) yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Bu metall qoplamaning bosim ostida yemirilishiga olib kelib, halokatga sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Ikkinchi versiyaga ko‘ra, samolyotdagi yuk — qoidalarga zid tarzda mahkamlangan bo‘lishi mumkin. Parvoz chog‘ida yukning siljishi samolyot konstruksiyasiga zarar yetkazib, falokatning bevosita sababiga aylangan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Voqea mintaqadagi ittifoqchi davlatlar tomonidan chuqur hamdardlik bilan kutib olindi.

Rafahda qamalib qolgan Hamas a’zolari qo‘yib yuborilishi mumkin

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi, sobiq maslahatchi Jared Kushner Rafah shahridagi taxminan 200 nafar HAMAS askarlarini Falastin hududlaridan tashqariga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda Isroil OAVlari xabar bermoqda.

Yediot nashrining Xavfsizlik kengashidagi ismi oshkor qilinmagan manbasi Rafah tunnelida qamalib qolgan guruhning a’zolari deportatsiya qilinishini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv doirasida Isroil ularga Falastin hududlaridan xavfsiz chiqib ketishiga ruxsat berishi lozim. Rasmiy manbaga ko‘ra, hozircha ularni qabul qilishga birorta davlat rozi bo‘lmagan.

Rafah — 10 oktyabrda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish bitimi bo‘yicha Isroil armiyasi nazoratidagi hudud hisoblanadi. Falastinliklarga bu chiziqning g‘arbiy tarafida harakatlanishga ruxsat etilgan.

Yakshanba kuni esa HAMAS Rafahda qamalib qolgan o‘z jangchilari bilan to‘qnashuvlar uchun Isroilni mas’ul deb hisoblashini e’lon qildi.

Rossiya kuchlari Pokrovskka kirmoqda

Rossiya armiyasi 11 noyabr kuni o‘z qo‘shinlari sharqiy Ukrainadagi Pokrovsk va Kupyansk shaharlari ichkarisiga chuqurroq kirganini ma’lum qildi. Rossiya OAV Pokrovskni «Donetsk darvozasi» deb atab, bu shaharni qo‘lga kiritish – Donetsk viloyatidagi eng yirik shaharlarga shimoldan yurish imkonini berishini ta’kidlamoqda.

Rossiya Pokrovskni bir yildan ortiq vaqt davomida qurshab olishga uringan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Pokrovsk atrofidagi vaziyatni «qiyin» deb atadi. Bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy esa Zaporijjya janubi-sharqidagi ayrim joylarda Ukraina pozitsiyasi «sezilarli darajada yomonlashganini» tan oldi.

Rossiyalik harbiy blogerlar seshanba kuni Pokrovskka kirayotgan rus kuchlarini aks ettirgan videoni e’lon qildi. Videoda tuman bilan qoplangan yo‘lda turli darajada shikastlangan mashinalar harakatlanmoqda — ayrimlarining eshiklari va oynalari yo‘q, ba’zi askarlar esa tomda o‘tirgan. Yo‘l bo‘yida dron ko‘rinadi.

Ba’zi foydalanuvchilar bu manzarani 1979 yilgi «Mad Max» filmidagi post-apokalipsis sahnalarga qiyosladi. Reuters videodagi yo‘l joylashuvi, belgilar, elektr ustunlari va daraxtlarni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan taqqoslab, manzilning haqiqatan Pokrovsk ekanini tasdiqladi, biroq video sanasini mustaqil aniqlay olmadi.

Ukraina harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Pokrovsk ichida taxminan 300 rus askari bor, Rossiya esa so‘nggi kunlarda bu yerga qo‘shimcha kuchlar kiritishga urinmoqda. Sirskiy New York Post nashriga bergan intervyusida Rossiya Pokrovsk yo‘nalishida 150 mingga yaqin askar to‘plaganini ma’lum qildi.

To‘qayev Rossiyaga bordi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQShdan qaytgach, bir necha kun o‘tib — 11 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Rossiyaga keldi. Kecha ikki yetakchi Kremlda norasmiy suhbatlashdi.

To‘qayev Kremlda Putin bilan o‘tkazilgan norasmiy muzokaralarda aytishicha, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida hech qanday jiddiy muammolar mavjud emas, barcha masalalar operativ hal etiladi.

«Ikki taraflama hamkorlikka kelsak, u strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlari xarakteriga ega. Biz birgalikda ishlamaydigan biror bir soha yo‘q. Davlatlarimiz o‘rtasida hech qanday jiddiy muammolar mavjud emas», — dedi To‘qayev.

Uning ta’kidlashicha, muammolar paydo bo‘lsa — bu tabiiy hol — ular avvalo davlat rahbarlari va hukumatlar sa’y-harakatlari bilan bartaraf etiladi.

Bugun boshlanadigan rasmiy dasturda ikki lider Rossiya va Qozog‘istonning 21-forumi yalpi majlisida videokonferensiya tarzida ishtirok etadi, OAV uchun bayonot beradi va hujjatlar imzolaydi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid