O‘zbekiston | 08:14 / 21.12.2020
10070
2 daqiqa o‘qiladi

Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda 509 mln dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni ma'qulladi

2020 yilning 19 dekabr kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) direktorlar kengashi O‘zbekistonda umumiy qiymati 509,2 mln dollarga teng bo‘lgan ikkita yirik va iqtisodiy jihatdan ahamiyatli loyihani moliyalashtirishni ma'qulladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, 200 mln dollarlik birinchi loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bir qator infratuzilmaviy hamda ijtimoiy obektlarni modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. 

Loyiha doirasida 1161 km suv ta'minoti tizimlari, 626 km massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yo‘llar, 1154 km past kuchlanishli elektr liniyalari, 693 km irrigatsiya va drenaj tarmoqlari, 155 o‘quv, tibbiy va 100dan ortiq boshqa inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi 710 mingdan ortiq kishining turmush sharoitini yaxshilash bilan birga, ushbu hududlarning barqaror rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi.

Bank tomonidan 80 mln dollar ajratilayotgan ikkinchi loyiha mahalliy klinikalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali saraton kasalligiga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. 

Loyihaning amalga oshirilishi saraton kasalligini erta bosqichlarda aniqlashni yo‘lga qo‘yish va umuman davolash sifatini yaxshilash imkonini beradi. 1,8 mln nafardan ortiq ayollar diagnostika skriningidan o‘tishga va 150 ming saraton bilan kasallangan bemorlar sifatli tibbiy yordam olishga muvaffaq bo‘ladilar. Qayd etish joizki, avvalroq mazkur dasturning birinchi bosqichi doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan 37 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, umumiy qiymati 509,2 mln dollar bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirishda O‘zbekistonning hissasi 229,2 mln dollarni tashkil etadi. 

Mavzuga oid