16:35 / 09.03.2021
3625

Islom taraqqiyot banki prezidenti may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilyapti

Joriy yilning 9 mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi bosh kotibi Hassan al-Baba bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda 2021 yilda O‘zbekistonda ITB boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan ITB guruhi bosh kotibi tayyorgarlik ishlarining bugungi holati, ITB hamda O‘zbekistonning vazirlik va idoralari vakillaridan iborat tashkiliy qo‘mita hamda tegishli ishchi guruhlari faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Xalqaro media va ommaviy axborot vositalarida bo‘lajak uchrashuvni keng yoritishga bag‘ishlangan “roud-shou” o‘tkazish uchun bank rahbariyati shu yil may oyida ITB prezidenti Bandar Hajarning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish istiqbollarini ko‘rib chiqayotgani haqida ma'lum qilindi.

Yillik yig‘ilishda bankka a'zo 57 mamlakat, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalarining 2 mingga yaqin vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir o‘tkazilishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga keng jamoatchilik e'tiborini jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining eng muhim tashabbuslari bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kengaytirish va O‘zbekistonda bank investitsiya portfelini oshirishni nazarda tutgan holda, ITB bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga imkon yaratadi, deyiladi xabarda. 

Top