Jahon | 15:42
4119
8 daqiqa o‘qiladi

Eron ikkinchi turga rozi bo‘ldi, Vens Islomobodga kelmoqda

Eron hozircha urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichida ishtirok etishini rasman tasdiqlamadi, ammo OAV xabar berishicha, islom respublikasi oliy rahbarining bu boradagi roziligi olingan.

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Pokiston poytaxtiga yo‘l oldi, deb xabar bergan Axios nashrining amerikalik manbalari.

Eron hozirga qadar muzokaralarning ikkinchi turida ishtirok etishini rasman tasdiqlamagan. Axios nashri yozishicha, «Oq uy dushanba kuni kun bo‘yi muzokaralar guruhini Islomobodga jo‘natish uchun Tehrondan signal kutgan».

Nashr manbasi fikricha, eronliklar muzokaralar jarayonini Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan ko‘rsatilayotgan bosim tufayli cho‘zishgan – harbiylar qat’iy pozitsiyada turib, Amerikaning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadasi bekor qilinmaguncha, hech qanday muzokara o‘tkazmaslikni talab qilgan.

«Eron muzokarachilari jamoasi oliy rahnamoning [Mujtaba Xominaiy] ruxsatini kutishgan. Manbaga ko‘ra, bu ruxsat dushanba kuni kechqurun berilgan», – deya xabar beradi Axios.

Reuters agentligining Erondagi manbasi shu kunlarda rasmiy bayonotlarga qaramay, Eron muzokaralarda qatnashish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini, ammo qaror hali qabul qilinmaganini aytgandi. Pokistondagi manba esa agentlikka o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Vashington vaqti bilan seshanba kuni 20:00 da yakunlanishini (Toshkent vaqti bilan chorshanbaga o‘tar kechasi soat 05:00) aytgan.

«Tramp amalda bir kun qo‘shdi. O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘zda tutilgan ikki haftalik muddat seshanba kuni tugasa-da, u dushanba kuni so‘nggi muddat – chorshanba kuni kechqurun bo‘lishini aytdi», – deya yozadi pishet Axios.

Nashrning ikki manbasi Vens Pokistonga seshanba tongida uchib ketishini aytgan, uchinchi manba xabariga ko‘ra, u dushanba kuni kechqurun uchgan.

Oldinroq Reuters manbasi Vens hamon Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib turganini xabar qilgandi. Boshqa bir suhbatdosh esa aniqlik kiritib, Amerika delegatsiyasi hali parvozga chiqmagani, ammo tez orada Islomobodga yo‘l olishini aytgan.

CNN manbalari ham shu ma’lumotni tasdiqlagan. AQSh va Eron delegatsiyalari vakillari muzokaralarning ikkinchi bosqichi, 22 aprel kuni kechqurunga belgilanganini aytishgan. Ammo CNN suhbatdoshi ikki tomonning keskin bayonotlari tufayli vaziyat beqarorligicha qolayotganini qayd etgan.

Oq uydagilar CNN so‘roviga javoban, muddat bo‘yicha rasmiy ma’lumot hozircha yo‘qligini bildirishgan, ammo shunday qo‘shimcha qilingan: «Biz delegatsiya yaqin vaqtlar ichida yo‘lga chiqishini kutmoqdamiz, ammo bu aynan qachon bo‘lishi aniq emas».

AQSh prezidenti Donald Tramp New York Post uchun bergan intervyusida Vens muzokaralarda qatnashishini anons qilgandi. U muzokaralarning 11-12 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi bosqichida ham Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qilgandi. Bundan tashqari, muzokaralarda Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Vens Pokistonga kelganida vaqtinchalik sulh muddati tugayotgan bo‘ladi. Tramp 19 aprel kuni agar yakuniy kelishuvga erishilmasa, Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qilgandi.

Bunday qisqa muddatda keng ko‘lamli kelishuv tuzish qiyin bo‘lsa-da, agar taraqqiyot belgilari paydo bo‘lsa, Tramp ham muddatni uzaytirishga rozi bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqda Axios.

Pokiston, Misr va Turkiyadagi vositachilar Eronni muzokaralarning ikkinchi bosqichida qatnashishga chaqirgan.

AQSh yakshanba kuni Amerika blokadasini buzib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tmoqchi bo‘lgan Eron kemasini qo‘lga olganidan va Tehron bunga javob qaytarishini aytganidan keyin sulh xavf ostida qolgandi.

Eron TIV vakili Ismoil Baqoiy dushanba kuni Vashington diplomatik jarayonni davom ettirishga «jiddiy yondashmayotgani» haqida gapirdi. U AQSh «ba’zi asossiz va noreal pozitsiyalarda turib olishi»ni qayd etgan. Eronlik yuqori martabali mulozim Reuters bilan suhbatda tehronning «mudofaa imkoniyatlari», jumladan, uning raketa dasturi muhokama qilinmasligini aytgan.

Pokiston xavfsizlik xizmatlaridagi manbaga ko‘ra, muzokaralardagi asosiy vositachi – Pokiston armiyasi shtabi boshlig‘i Osim Munir – Tramp bilan muloqot chog‘ida Amerikaning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadasi muzokaralar uchun jiddiy to‘siq bo‘layotganini ma’lum qilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti feldmarshal Munirning bu e’tirozini hisobga olishga va’da bergan.

Yakshanba kuni Eron bilan vaqtinchalik sulh muddati uzaytirilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban shunday dedi: «Men bilmayman. Bunday bo‘lmasligi mumkin. Men uni uzaytirmasligim mumkin. Ammo blokada saqlanib qoladi». Dushanba kuni esa u Truth Social tarmog‘ida bu fikrni takrorladi: «Biz kelishuv bo‘lmagunicha bekor qilmayotgan blokada Eronni to‘liq yakson etadi. Ular kuniga 500 mln dollar yo‘qotmoqda».

Ikki tomonlama blokirovka

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon iqtisodiyoti uchun juda muhim – jahon bo‘ylab tashiladigan neftning 20 foizi shu suv yo‘lidan o‘tadi. 28 fevral kuni AQSh va Isroil boshlagan hujumdan keyin Eron bo‘g‘ozdan o‘tish hech qaysi kema uchun xavfsiz emasligini e’lon qildi.

Eron suv yo‘lini minalashtirganini ma’lum qilgan, bundan tashqari, blokadani buzuvchi kemalar o‘qqa tutilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Dastlabki kunlarda bu tahdid realligi ma’lum bo‘ldi va bo‘g‘ozni kesib o‘tishga uringan bir necha tankerga dronlar hujum qildi. Natijada yuzlab tankerlar joyida qoldi, neft narxi esa keskin ko‘tarildi.

Eron uchun bu oldindan o‘ylangan strategiya edi: jahon bozorida yoqilg‘i narxi ko‘tarilishi AQShni urushni to‘xtatishga majbur qilishi ko‘zda tutilgandi.

Shu bilan bir vaqtda, Eron o‘z tankerlarini bo‘g‘oz orqali harakatlantirmoqda – bu esa Amerika ham Eronni neftdan ko‘riladigan daromadlardan mahrum etish uchun bo‘g‘ozni bloklashga undadi. 12 aprel kuni AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi o‘z harbiy kemalari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Eron portlariga borayotgan va Eron portlaridan chiqayotgan kemalar yo‘lini to‘sishini ma’lum qildi.

17 aprel kuni Eron bo‘g‘ozni ochgandi, ammo bir kun o‘tib, Amerika blokadasi bekor qilinmagani tufayli o‘z blokadasini tikladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid