O‘zbekiston | 13:28 / 25.11.2019
21044
7 daqiqa o‘qiladi

Qishloq joylarda quyoshdan tok oluvchi «termos» uylar qurilmoqda: bunday uylarning afzalligi nimada?

Qishloq joylarda istiqomat qiluvchi aholini yaxshilangan, atrof-muhitga zarari kam va arzon uy-joylar bilan ta'minlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasida ham o‘z aksini topgan.

Foto: KUN.UZ

Siz «yashil ipoteka» vositasida energiya samarador va past uglerodli turar joylar qurilishi haqida eshitganmisiz?

Respublikaning olti viloyatida 800ta uyda anu shunday qurilish ishlariga sinov tariqasida qo‘l urilgan. Loyiha BMT rivojlanish dasturi va Global ekologik fond (Global Environment Facility — GEF)ning «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» dasturi asosida amalga oshirilmoqda.

Qayd etib o‘tish joizki, mazkur loyiha 2017-2023 yillar mobaynida amalga oshiriladi va uning budjeti 136 million AQSh dollaridan ham ziyodroq. Buning uchun GEF 6 mln dollar, BMT RD – 300 ming, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi 32,8 mln dollar ajratgan bo‘lsa, 97 mln dollardan ziyod ipoteka kreditlari beriladi.

Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsadlar — qishloq joylardagi turar joylar uchun «yashil ipoteka»ni joriy etish, energiya samarador va past uglerodli qishloq uylarini loyihalash uchun moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, birinchi navbatda turar joylarga tegishli qurilish me'yorlari va qoidalariga oid normativ-qonunchilik bazasini takomillashtirish, energiya samarador va past uglerodli qishloq uylarining foydasi va afzalliklari haqida ma'lumotlarni ko‘paytirish.

Ana shu 800ta uydan 121tasi Buxoro viloyatida qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Uylarni monitoring qilish uchun BMT Rivojlantirish dasturi O‘zbekistondagi doimiy vakilining o‘rinbosari Doyna Muntyanu va bir qator soha vakillari Buxoroda bo‘lishdi.

Buxoro Muhandislik-texnologiya institutida Qurilish vazirligi hamda «INFORM RIA SERVIS» MChJ hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada zamonaviy va innovatsion energiya tejovchi qurilish, pardozlash, fasad, materiallar va keramika mahsulotlari, laminatsiyalangan pol usti qoplamalari, pollar va devor panellari, qurilish plitalari kabi mahsulotlar bilan tanishildi.

Shu yerda qurilish korxonalari bilan loyihadan ko‘zda tutilgan maqsadlar yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng Doyna Muntyanu va Buxoro viloyat hokimining sanoat, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Narzullo Hamdamov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv mobaynida energiya samarador tizimni ko‘p qavatli uylarda ham sinovdan o‘tkazish masalasi muhokama etildi.

Monitoring guruhi Buxoro tumanidagi «Dehoji» massivida barpo etilgan energiya samarador namunaviy uylarni borib ko‘rishdi. Bu uylarning fasadi, shifti va poli issiqlik saqlovchi ashyolar bilan qoplangan. Uylar quyosh panellari bilan jihozlangan va yoritish uchun elektr energiyasini quyosh nuridan oladi. Uglerodli yoqilg‘ilarni ishlatish darajasi minimumga tushirilgan.

Amalga oshirilayotgan ishlar borasida Doyna Muntyanu Kun.uz muxbiriga shunday dedi:

— Biz bu yerga energiya samarador va past uglerodli turar joylar qurilishi qanday joriy etilayotganini monitoring qilish uchun keldik. Loyihamiz bo‘yicha dastlabki uylar qurib foydalanishga topshirilganidan juda xursandmiz. Bu dasturning innovatsiyasi va yangiligi nimadan iborat? Biz «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida Qurilish vazirligi bilan hamkorlik qilmoqdamiz.

Shu yil qishloq joylarda qurilayotgan 15 mingta uydan 800tasini loyihaga jalb qildik. Jumladan, Buxoroda ham. Ularda muqobil energiya manbalari jalb etilmoqda. Albatta, bunday uylarning tannarxi biroz baland bo‘ladi. Shuning uchun bizning loyihamiz subsidiya loyihasi hisoblanadi. Bu yerda innovatsiya nafaqat energiya samaradorligida, shuningdek, moliyaviy imkoniyatlar jihatidan ham innovatsiya bor. Biz ko‘p qavatli turar joylarga ham bu loyihani joriy etmoqchimiz. Biroq bunday uylarda energiya samaradorligini qanday joriy etish, quyosh panellaridan qanday foydalanishga bog‘liq ba'zi savollar o‘rtaga chiqadi. O‘sha masalani birgalikda yechishimiz kerak.

Qishloq joylarda energiya samardor turarjoylar barpo etish loyihasining moliya komponenti rahbari Ravshan Yunusov shunday dedi:

— Bunday uylarning bahosi izolyatsiya hisobiga o‘rta hisobda 7 foizga oshiqroq bo‘ladi. Lekin bu baribir o‘zini oqlaydi. Mana shunday monitoringlar natijasida qancha vaqt ichida bu uylarga qilingan xarajatlar o‘zini oqlashini hisoblaymiz. Chunki bu uylarda elektr toki o‘rta hisobda 30 foizga kamroq ishlatiladi, aql bilan bu ko‘rsatkichni 50 foizgacha olib borish mumkin. Hozir ko‘rgan uylarimiz «termos»dek qilib qurilgan: bunday uylar qishda issiqlikni saqlaydi, yozda salqinni. Qilingan qo‘shimcha xarajatlar 4-5 yil davomida o‘zini qoplab, foydaga o‘tiladi. Bu albatta, oilaning o‘z hamyoniga ham, iqtisodiyotga ham foyda, ham atrof-muhit ifloslanishi bartaraf etiladi.

Respublika oliy biznes va boshqaruv maktabi vakili Ravshan Qahhorov loyiha doirasida bank xodimlariga trening o‘tkazmoqda. U loyiha borasidagi o‘z fikrlarini quyidagi tarzda bayon etdi:

— Albatta, bunday uylar global iqlim isishi bartaraf etilishida muhim omil bo‘la oladi. Hozir barpo etilayotgan muqobil energiyaga asoslangan energiya samarador uylar — bunaqalari allaqachon Yevropa davlatlarida ko‘plab barpo etilmoqda — energiya passiv uylar, deyiladi. Ya'ni ular tashqaridan umuman elektr energiyasi olishmaydi. O‘zbekistonda ham maqsad shunday uylarni ommalashtirish bo‘lmoqda. Albatta, bu yangilik bo‘lgani uchun bunday uylar o‘z-o‘zidan biroz qimmatroq bo‘ladi. Bunda esa «yashil ipoteka» yordamga keladi. Bunday ipotekada garovga olingan uyda turli risklar kam bo‘ladi. Ularda kommunal xarajat kam bo‘lishi sababli ularning egalarida kreditni to‘lash uchun mablag‘lar ko‘proq bo‘ladi. Bank uchun bu omil kredit xatarini kamaytiradi. Bu esa «yashil ipoteka»ni imtiyozli shartlarda taqdim etish imkoniyatini yaratadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, fotomuxbir.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid