O‘zbekiston | 18:34 / 09.09.2020
20265
2 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy qurilishga nisbatan afv aksiyasi yana o‘tkaziladimi?

Biror shaxsning o‘ziga qarashli bo‘lgan, lekin noqonuniy qurilgan uyiga qonuniy egalik qilish huquqini taqdim etgan bir martalik umumdavlat aksiyasidan so‘ng, uni qayta o‘tkazishga ehtiyoj sezilmayapti. Bu haqda Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Sherzodxo‘ja Habibullayev Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Sherzodxo‘ja Habibullayev

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 apreldagi «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilingandan so‘ng, qariyb 600 ming nafar fuqaro ushbu masala bilan Davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilgan.

Sherzodxo‘ja Habibullayevning aytishicha, aksiya yakuniga yetgandan keyin yana 100 ming nafar aholi aksiya doirasida murojaatini bildirmagani ma'lum bo‘lgan. Ayni paytda ularga qarashli, ammo noqonuniy uy-qurilmasi bo‘lib, ushbu shaxslarda mulk huquqini e'tirof etish ehtiyoji sezilmagan.

«Ularning murojaat qilmagani o‘rganilgan. Buning sababi, qurilma egalarining mulk huquqini e'tirof etilishiga ehtiyoji bo‘lmagan hamda dolzarb emas», — deydi u.

Habibullayevning ta'kidlashicha, davlat xizmatlarini ko‘rsatish reglamentiga muvofiq, noqonuniy qurilmaga ega shaxslar auksion orqali o‘z mulki joylashgan yerni sotib olish tartibi soddalashtirilgan.

Adliya vazirligining ma'lumot berishicha, ushbu aksiya davomida 200 mingga yaqin murojaat bo‘yicha noqonuniy qurilmaga nisbatan mulk huquqi e'tirof etilgan. Bu esa umumiy murojaatlarning 33 foizini tashkil etadi. 

Aksiya doirasida qabul qilingan 25 mingga yaqin murojaat bo‘yicha esa komissiya ijobiy xulosasiga qaramasdan, tuman (shahar) hokimlari tomonidan asossiz ravishda qaror qabul qilinmagan.

Mavzuga oid