Ko‘chmas mulk | 17:25 / 14.10.2025
16951
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi 12 qavatli “qo‘ziqorinsimon” bino buzib tashlandi

Samarqandda noqonuniy qurilgan 12 qavatli qo‘ziqorinsimon binoni buzish ishlari yakunlanmoqda. Hozircha inshootning to‘rt qavati qolgan, ijro harakatlari esa hali davom etmoqda. Kun.uz jurnalisti voqea joyidan reportaj tayyorladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ushbu bino qurilishi 2012 yilda boshlangan bo‘lib, 2015 yilda beton ishlari to‘liq yakunlangan. Mulk egasi Furqat Xalilovning aytishicha, loyiha yaponiyalik arxitektorlar tomonidan chizilgan. Biroq bino qurilishi uchun hokim qarori yoki tegishli davlat organlaridan ruxsat olinmagan – faqat atrofda yashovchi qo‘shnilar rozilik xati berishgan.

Mutaxassislar inshoot qurilish me’yorlariga javob bermasligini, seysmik jihatdan xavfli ekanini ma’lum qilgan.

Majburiy ijro byurosi Samarqand tuman bo‘limi davlat ijrochisi Qahramon Abdushukurovning ma’lumot berishicha, binoni buzish fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2022 yil 6 iyuldagi qarori bilan mulk egasi Furqat Xalilov zimmasiga yuklatilgan.

Biroq mulkdor sud qarori ijrosini ta’minlamagan. Shu sababli MIB sud orqali binoni majburiy tartibda buzish to‘g‘risida murojaat qilgan va buzish xarajatlari da’vogar – Samarqand tumani hokimligiga yuklatilgan. Keyinchalik bu xarajatlar Furqat Xalilov tomonidan qoplanadi.

Jamoatchilik binoni qisman saqlab qolish taklifini bildirgandi. Biroq MIB bino to‘liq buzilishini ma’lum qildi.

Furqat Xalilovning so‘zlariga ko‘ra, u bino buzilayotgan paytlarda ham mas’ul idoralarga murojaat qilishni to‘xtatmagan, ammo uning dalillari yetarlicha o‘rganilmagan. U taqdirga tan berganini aytsa-da, binoning mustahkamligi hatto buzish jarayonlarida ham sinovdan o‘tganini ta’kidladi.

“Mutaxassislar binoni buzish ham xavfli bo‘lishi mumkinligini aytgan, betonlarni ehtiyotkorlik bilan qirqib olish usuli tavsiya etilgan edi. Biroq amalda maxsus og‘ir texnika yordamida buzilyapti. Yuqori qavatlar buzilgan paytda pastki qavatlarda hech qanday shikastlanish bo‘lmadi. Buning o‘zi bino mustahkamligini isbotlaydi. Hozir to‘rt qavati qoldi, kamida shu qismini mutaxassislar kelib tekshirib, xulosa bersalar yaxshi bo‘lardi”, - dedi Xalilov.

Eslatib o‘tamiz, “qo‘ziqorinsimon” bino haqidagi bahs va muhokamalar qariyb o‘n yildan buyon to‘xtamay kelayotgan edi. Bino bir necha bor ishchi guruhlar tomonidan o‘rganilgan, matbuot anjumanlari o‘tkazilgan va jurnalistik surishtiruvlari olib borilgan.

Furqat Xalilovning ta’kidlashicha, tez orada tarixga aylanishi mumkin bo‘lgan ushbu bino qurilishiga taxminan 3 million dollar sarflangan.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid