Jahon | 08:50 / 15.12.2025
24838
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda universitetdagi otishmada o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi

Rod-Aylend shtati, Providens shahridagi Braun universiteti hududida sodir bo‘lgan otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umrzoqov halok bo‘ldi. O‘zbekistonning AQShdagi vakolatxonasi marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada ekani va AQSh idoralari bilan hamkorlikda zarur masalalarni hal etish bo‘yicha ish olib borayotganini ma’lum qildi.

Foto: Steven Senne/AP

AQShning Rod-Aylend shtati, Providens shahrida joylashgan Braun universiteti hududida sodir bo‘lgan otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umrzoqov halok bo‘ldi. O‘zbekistonning AQShdagi vakolatxonalari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur fojia natijasida begunoh insonlarning hayotdan ko‘z yumgani og‘ir yo‘qotish ekani ta’kidlangan. AQSh OAV xabariga ko‘ra, Braun universitetidagi voqea oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan va bir necha nafar yaralangan. 

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi vakolatxonalari vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQShning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib bormoqda.

AQSh OAV va rasmiy idoralar ma’lumotiga ko‘ra, otishma 13 dekabr kuni tushdan keyin universitetning Barus & Holley muhandislik binosida, yakuniy imtihonlar jarayonida sodir bo‘lgan. Voqeadan so‘ng kampusda shelter-in-place (binolarda qolish) tartibi joriy etildi, atrof hududga yuzlab xodimlar jalb etilgan holda keng ko‘lamli qidiruv ishlari olib borildi. 

14 dekabr tongida politsiya hodisa bo‘yicha “ahamiyatli ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin” deb baholanayotgan shaxsni qo‘lga olganini ma’lum qildi. U person of interest sifatida so‘roq qilinmoqda, hozircha unga rasman ayblov e’lon qilingani haqida xabar berilmagan. 

Braun universiteti rahbariyati hodisani “fojiali kun” deb atab, kampusda motam kayfiyati hukm surayotganini bildirgan va talabalar hamda xodimlar uchun psixologik yordam resurslari ishga tushirilganini ma’lum qilgan. 

Otishma yuzasidan tergov ishlari federal va mahalliy huquq-tartibot idoralari ishtirokida davom etmoqda.

Mavzuga oid