Jahon | 09:22
2264
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga yaqin haftalarda kuchli zarbalar berilishini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp millatga murojaatida Eronga qarshi urushda asosiy strategik maqsadlar deyarli amalga oshirilganini aytib, yaqin ikki-uch hafta ichida “juda kuchli zarbalar” berilishini ma’lum qildi.

Foto: Alex Brandon/AFP

2 aprel, payshanba kuniga o‘tar kechasi Oq uyda millatga murojaat qilgan Trampning aytishicha, AQSh qo‘shinlari Eronga qarshi urushda tez orada “ishni yakuniga yetkazadi”, chunki “asosiy strategik vazifalar bajarilish arafasida”.

“Biz ularga (Eronga) kelasi ikki-uch hafta ichida nihoyatda kuchli zarbalar beramiz. Biz ularni o‘z o‘rni bo‘lgan tosh davriga qaytarib qo‘yamiz”, — dedi Tramp.

U shuningdek, agar Eron Vashington shartlari asosida kelishuvga rozi bo‘lmasa, AQSh “ularning barcha elektr stansiyalariga juda kuchli va ehtimol bir vaqtning o‘zida zarba beradi”, deb tahdid qildi.

Tramp yana bir bor Eron tomonidan to‘sib qo‘yilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft oluvchi davlatlarni uni o‘zlari ochishga chaqirdi.

“Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft oladigan davlatlar bu yo‘lak haqida o‘ylashi kerak. Ular uni qadrlashi kerak. Uni himoya qilishi kerak. Boringlar va uni olinglar. Himoya qilinglar. O‘zlaringiz uchun foydalaninglar”, — dedi u.

Tramp, shu bilan birga, AQSh bu yo‘lakka muhtoj emasligini ta’kidladi. Bu bayonot uning avval Eron 6 aprelgacha bo‘g‘ozni ochmasa, energetika infratuzilmasiga zarba berish haqidagi tahdididan ma’lum ma’noda chekinish sifatida baholanmoqda.

Trampning 20 daqiqalik nutqini Associated Press agentligi jonli efirda namoyish etgan. Biroq jurnalistlarga ushbu chiqishda ishtirok etishga ruxsat berilmagan.

Oq uy avval nutq videosini o‘z saytiga joylagan, ammo keyinchalik hech qanday izoh bermasdan uni o‘chirib tashlagan.

Tramp bir kun avval jurnalistlar bilan muloqotda AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi yaqin ikki-uch hafta ichida yakunlanishi mumkinligini aytgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto kelishuv bo‘lmagan taqdirda ham hujumlar to‘xtatilishi mumkin.

“Ularda rejim almashdi. Bu mening rejamda yo‘q edi. Mening yagona maqsadim — ularda yadroviy qurol paydo bo‘lishining oldini olish edi va bu maqsadga erishildi. Biz ishni tugatyapmiz. Bu, ehtimol, ikki hafta, balki biroz ko‘proq vaqt oladi”, — dedi Tramp (CNN ma’lumotiga ko‘ra).

U, shuningdek, agar kelishuvga erishilsa, urush yanada tezroq tugashi mumkinligini aytdi. Biroq uning fikricha, kelishuv bo‘ladimi-yo‘qmi — “katta ahamiyatga ega emas”.

Tramp AQSh Eronga hujumlarni to‘xtatgan zahoti neft narxlari keskin tushishini ham ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid