Jamiyat | 23:59 / 05.01.2021
40036
6 daqiqa o‘qiladi

Yozyovonda 16 yashar bola Katta Farg‘ona kanaliga tushib, qaytib chiqmadi. Qidiruv jarayonidan reportaj

Qidiruv ishlari 2 haftadan buyon davom etmoqda. Bola noma'lum sababga ko‘ra qish bo‘lishiga qaramay sovuq suvga tushgan. Ayni shu kuni uning Rossiyada muhojirlikda bo‘lgan otasi uyga qaytib, fojiadan xabar topgan.

Farg‘onalik Abduhoshim Ergashev ro‘zg‘or tebratish, ishlab pul topish ilinjida ikki yil avval Rossiyaga ketgan edi. Pandemiya sharoitida, qiyinchiliklar bilan mehnat qilib qaytgan ota uyga kirib kelgan kun o‘g‘li suvga tushib, izsiz yo‘qoldi.

Ota ostona hatlashidan bir necha soat avval 16 yashar bola Katta Farg‘ona kanaliga tushib, qaytib chiqmadi.

22 dekabr kuni soat 19:00larda Yozyovon tumani IIB navbatchilik qismiga berilgan xabarga ko‘ra, 2004 yilda tug‘ilgan A.A. Katta Farg‘ona magistral kanalining Taraqqiyot mahallasi hududidan o‘tgan qismida o‘zini tashlab, oqib ketgan va suvdan qaytib chiqmagan.

Bolani qidirish shundan buyon hozir ham davom etmoqda. «Taraqqiyot» MFYga kiraverishda mahalla ahli chaylalar qurib olishgan. Mahalladoshlar bola suvdan bexos chiqib qolishini poylab, chayla atrofida gulxan yoqib isinib o‘tirishibdi.

O‘zini bolaning qarindoshi deb tanishtirgan Abduvahob Abdulazizov biz bilan suhbatda mas'ullar suv sathini pasaytirib berishgani, g‘avvoslar ham jasadning topilishida qo‘lidan kelganicha harakat qilishayotgani, bola do‘stlari bilan garov o‘ynab suvga tushgani va undan qaytib chiqmagani, eng achinarlisi esa o‘sha kuni 2 yil deganda Rossiyadan qaytgan dadasi Abduhoshim aka o‘g‘lining diydoriga to‘ya olmay bo‘zlab qolgani haqida so‘zlab berdi.

Mahalla faoli Husanboy Qo‘chqorov ham Bo‘tqachi qishlog‘i ahli jabrdiyda oilaga madad bo‘layotgani haqida aytib o‘tdi.

«Internetda kezib yurgan lavhani ko‘rib, ochig‘i o‘zimni to‘xtata olmadim. Keyin bilsam, hamqishlog‘imiz boshiga musibat tushgan ekan. Ota o‘g‘lini suv ostidan qidirib topa olmay adoyi tamom bo‘ldi», – deydi Husanboy aka.

Yo‘lda davom etarkanmiz, bola cho‘kkan joygacha bo‘lgan oraliqda yana shunday 3 ta chayla tikilganiga guvoh bo‘ldik. Kanal yoqalab ancha odam yig‘ilgan, kimdir o‘tin yorgan, kimdir qayiqda suzib yurgan qutqaruvchilarni arqonda tortgan, yana kimlardir esa kiyimini alishtirib qayiqqa chiqqan.

Asosiy qutqaruvchilar yeng shimarib ishlayotgan joyda Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchiboy Boyigitov, tuman prokurori Ilhom Xo‘jayev, tuman IIB boshlig‘i Hojiakbar Toshmatovni uchratdik.

Bevosita otaning o‘zi bilan ham suhbatda bo‘ldik.

«Qo‘llaridan kelganicha yordam berishyapti, rahmat. Lekin baribir suv ko‘p. FVB xodimlari suv ko‘pligidan qiynalishyapti. Mas'ullarga murojaat qilganimiz ortidan suv kamida 2 metrga pasaytirilib, yordam qilishdi. Lekin baribir suvning hozirgi chuqurligi ham ko‘plik qilyapti.

O‘zbekistonga kelib tushib, uyga «men keldim» deb qo‘ng‘iroq qilsam, mash'um xabarni yetkazishdi. Taqdir ekan. Bu xabarni eshitib, karaxt bo‘ldim. Hech bir otaning boshiga tushmasin ekan.

Samolyotimiz O‘sh shahriga qo‘ngan edi. Qirg‘izistondan chiqib, O‘zbekistonga o‘tib, uyga taksi gaplashib, taksichi telefonidan uyga qo‘ng‘iroq qilgandim...

Hokimiyatdan hech narsa so‘ramayman, faqat menga suvni pasaytirib berishsin. O‘g‘limning jasadini bir marta bo‘lsa ham bag‘rimga bosay, amallarini qilib tuproqqa qo‘yay. Yaratgandan birgina o‘tinchim shu.

Suv pastlagan holatda turishi uchun menga bir yarim kun muhlat berishyapti. Agar shu fursat oralig‘ida o‘g‘lim topilmasa, men boshimni qayga uraman?» – deya so‘zlarini oxiriga yetkaza olmadi Abduhoshim Ergashev.

Hamyurtimizga sabr tilab, mas'ullarga quloq tutdik.

«FVBga 22 dekabr kuni fuqaro kanalga tushib ketgani haqida xabar keldi. 23 dekabrdan boshlab hududdan o‘tgan Katta Farg‘ona kanalidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirib kelinmoqda. FVB mintaqaviy qutqaruv otryadidan g‘avvoslar jalb etilgan. Hamkor tashkilotlar shu yerda. G‘avvoslar qish paytida ham almashib astoydil harakat qilmoqda», – dedi viloyat FVB matbuot xizmati rahbari, leytenant Ahliddin Alijonov.

Qutqaruv ishlarida qatnashayotgan g‘avvoslar suv ichida 1 soatdan ko‘proq vaqt bo‘lib, navbat almashib, chiqib olovda isinishmoqda. Qutqaruv otryadi g‘avvosi Zafarbek Kattabekov suv tubidagi chiqindi va xashaklar ishlashga xalal berayotgani, 13 kundan buyon tinimsiz harakat qilayotganliklari, suv sathi pasaytirilgani ishlashga qulay bo‘layotganini ta'kidladi.

Bola qishning sovuq kunida suvga tushishiga asl sabab nima bo‘lgani bizga qorong‘i. Biz ham u tezroq topilishi, otaning, yaqinlarining ko‘ngli biroz bo‘lsa-da taskin topishini tilab qolamiz.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid