Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistondagi tuman va shaharlarda adliya bo‘limlari tashkil etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PF-5415-son “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda PQ–3666-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Respublikadagi tuman va shaharlarda Adliya vazirligining bo‘limlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyatning Andijon, Asaka, Izboskan, Paxtaobod va Xo‘jaobod tumanlari hamda Andijon shahrida ana shunday bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Faoliyati yo‘lga qo‘yilgan tuman adliya bo‘limlari uchun alohida bino ajratilib, talab darajasida jihozlandi. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta'minlandi. Fuqarolar uchun kutish xonasi va unda kompyuter orqali qonunlar hamda normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
– Tumanimizda adliya bo‘limi tomonidan mahallalarda targ‘ibot ishlari keng yo‘lga qo‘yilishi aholining huquqiy bilimsizlik ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarining, shu bilan birga, tumanda jinoyatchilik, huquqbuzarlik kabi illatlarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi, - deydi Marhamat tuman hokimi Shuhratbek Qamchiyev. - Ushbu ishlarda tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda ish olib borishadi.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishni monitoring qilish mustaqil instituti Andijon hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Tohirjon Axmadaliyev esa ushbu bo‘limlar haqida shunday fikrni bildiradi: “Joylarda ma'muriy va iqtisodiy sudlarning tashkil etilganligi odil sudlovga erishish darajasini oshirish imkonini bergan bo‘lsa, tuman (shahar)larda adliya bo‘limlari faoliyat boshlagani huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tanqidiy tahlil asosida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi”.