Jamiyat | 14:20 / 07.02.2019
83184
4 daqiqa o‘qiladi

Prokuror Kenjayev ishi bo‘yicha voqealar aniq aks ettirilgan videoni sudga taqdim etdi

Foto: KUN.UZ

​7 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida marhum Jamshid Kenjayev yuzasidan davom etayotgan sud jarayonining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudda Jamshid Kenjayev va uning sheriklarini ziyofatdan so‘ng «Aurum-898» tungi klubga mashinada eltib qo‘ygan guvoh Sanjar Tursunov so‘roq qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda. Sudya guvohning huquq va majburiyatlarini tushuntirgandan so‘ng, Tursunov sudda ko‘rsatma berdi. 

Uning aytishicha, marhum Kenjayev, Shohruh Tursunov, Ulug‘bek Hayitboyev va boshqalar avval Toshkent shahridagi China Town nomli maskanda tug‘ilgan kunni nishonlagan. 

«U joyda 8-9 kishi stol atrofida o‘tirgandi. Ziyofat taxminan soat 23.40ga qadar davom etdi. Keyin dam olish joyini o‘zgartirib, «Aurum-898» tungi klubiga borish taklif etildi. Men Spark mashinani boshqarib, boshqalarni klubga eltib qo‘ydim. Mashina kalitini o‘ziga topshirib, taksi to‘xtatib uyga qaytmoqchi bo‘lganimda, ur-to‘polon boshlandi. Bir zumdan keyin atrofga qarasam, akam Shohruh​ Tursunov yerda qonga belanib yotibdi. Uni darhol yerdan olib, shifoxonaga ketdik», — deydi guvoh.

Sudya tergovda bergan ko‘rsatmasida Jamshid Kenjayev mast bo‘lgani uchun mashina boshqaruvini o‘zi olgani haqidagi Sanjar Tursunovning gaplarini eslatdi. Guvoh esa bunday bo‘lmagani, China Town'dagi ziyofatda haqiqatan spirtli ichimlik stolda bo‘lgani, ammo kim iste'mol qilganini bilmasligini aytdi. 

«Kimdan «Aurum-898» klubiga borish taklifi chiqqanini ham bilmayman. Shunchaki dam olmoqchi bo‘lishgandi. Men ularni eltib qo‘yib, ketmoqchi bo‘lganimda esa baqir-chaqir avjiga chiqdi. Atrofga qarab, asl vaziyatni anglolmay qoldim. Kimlardir boshqalarni quvib ketishdi, yana kimlardir to‘s-to‘polon qildi. Shu orada akamning yerda qonga belanib yotganini ko‘rdim. U orqasidan ikki marta yaralangandi. Qo‘rqib ketdim. Uni darhol shifoxonaga olib ketdim. Boshqalarning oldiga yaqinlashib bo‘lmadi. Qo‘lida turli qurollari bo‘lgan kishilar yerda yotgan odamning oldiga yaqinlashtirmadi, hammani urib ketishdi», — deydi guvoh.

Prokuror sud majlisida iltimosnoma kiritib, ish bo‘yicha voqealar aniq va sifatli aks ettirilgan videolavhani taqdim etib, uni tomosha qilishni taklif etdi. Sudya prokurorning iltimosini qanoatlantirib, barcha guvohlar so‘rov qilingandan so‘ng, video ko‘rib chiqilishini bildirdi. Tomonlar bunga qarshi emas. 

Sud majlisi 14 fevral kuni soat 11.00 da o‘z ishini davom ettiradi.

Mavzuga oid