20:48 / 21.06.2024
17830

“Qizil yo‘lak bilan kutib olishadi deb o‘ylaganman, lekin menga ish yo‘qligini aytishgan” - oliy ta’lim vaziri

Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlar bilan uchrashuvda maktab vaqtlarini esladi. Uning aytishicha, paxta terishga ko‘p chiqqan, butun o‘quv yilida atigi 2 oy darsda bo‘lgan. “Chizmachilikdan 3 olganman, olim bo‘lishni orzu ham qilolmasdim”, – deydi u.

Foto: Oliy ta’lim vazirligi

21 iyun kuni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlar bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbir qatnashchilaridan biri vazirga maktab davrini qanday o‘tkazgani, bu lavozim egasi bo‘lishni o‘ylaganmi yoki yo‘qligi haqida savol berdi. 

Vazirning aytishicha, u Qoraqalpog‘istonning eng uzoq, chekka qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

“Qo‘ng‘irotning narigi chekkasi, Orol dengizining bo‘yida Borsa-kelmas degan joyda, qo‘shni qishlog‘imizning joyi Borsa-kelmas. O‘sha yerda o‘qidik, ta’lim oldik, maktabda 1-sinfida o‘qidik. U vaqtda ja zo‘r bo‘lmasdi, eski partalar bo‘lardi. Bizda yangi partalar bo‘lmasdi, hozirgilari bilan solishtirib bo‘lmaydi. [Sinfxonaning] o‘rtasida katta pech bo‘lardi, qishda shu temir pech qizdirardi. Maktabni bitirgandan keyin Irrigatsiya institutiga o‘qishga kirdim, birinchi yil kirolmadim. Chunki bir paytlar maktabdan qochib ketgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Bundan tashqari, u vaqtda paxtaga ko‘p borardim, 1 sentabrdan to 20 dekabrgacha paxta bo‘lardi. Keyin yana o‘qish va may oyidan paxtaga chiqib ketardim. Chizmachilikdan 3 olganman, olim bo‘lishni orzu ham qilolmasdim.  

Sovet Ittifoqi tarqalayotgan vaqt "sovxoz", "kolxoz" degan narsalar bo‘lardi, ularning kelajagi qandaydir mavhum bo‘lib turgan vaqtda 3 yil o‘tsa, tartibga tushib ketadi deb Moskvaga borib, o‘qib qaytib kelsam, 1991 yilning oxirida Sovet Ittifoqi tarqalib ketdi. 1992 yilda Irrigatsiya institutiga kelib, oddiy laborant sifatida ish boshladim, muovin bo‘ldim, o‘zimcha unvonim bor, qizil yo‘lak bilan hamma kutib oladi, deb o‘ylaganman. Lekin menga ish yo‘qligini aytishgan. U vaqtda pulning qadri yo‘q, har kun pul sinardi, oyliklar ham ma’lum emasdi, "propiska"miz yo‘q edi, "propiska" bo‘lmaganidan keyin do‘konga borsak, unday narsalar olmasdik. Bozordan xarid qilardik”, – deydi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. 

Uning ta’kidlashicha, bularning hammasi u uchun maktab bo‘lgan, endi barcha o‘z ustida ishlashi kerak, “harakat qilishimiz kerak, bundan ham yaxshi yashasa bo‘ladi”, – deydi u.

Top