Jamiyat | 15:13 / 13.04.2021
3843
4 daqiqa o‘qiladi

Tomorqa – daromad manbayi. Sohada Toshkent viloyati erishgan yutuqlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yilning 26 aprelidan aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va yuqori daromad beradigan ekinlarni to‘liq ekishni ta'minlash borasida boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Pirovardida, fuqarolarga tomorqalaridan unumli foydalanish va bu orqali daromad topishi va yetishtirgan hosilni avvalo o‘z oilasi, undan keyin esa dehqon bozorlariga arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni yetkazib berish yuzasidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.

Buning ustiga 2021 yil 1 aprelda tasdiqlangan «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan tomorqachilarning huquqiy manfaatlari yanada mustahkamlandi.

Bu qonunning qabul qilinishi tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin sotish, narx belgilash va olingan daromadlarni tasarruf etishga, eksportga chiqarishga muhit yaratadi.

Keyingi 4 yilda tomorqa rizq-nasiba, mo‘may daromad manbayiga aylandi.

Ochig‘i, tomorqa xo‘jaligi orqali aholi turmush farovonligini yaxshilash va bandligini ta'minlashdek mustahkam poydevor yaratildi.

Mamlakatimizda ichki talabni to‘liq ta'minlash bilan birga, eksportbop mahsulotlarni ham yetkazishda juda katta imkoniyatlarimiz mavjud.

Xususan, Toshkent viloyatida 2018 yildan boshlab tomorqa maydonlari mavjud oilalar daromadini oshirish uchun barcha masalalar ijobiy hal etilib berilmoqda. Shuningdek, joylardagi mutasaddi rahbarlarning mas'uliyati oshirildi hamda oila sohiblari ham hosil va daromadni ko‘paytirish uchun yangicha yondashishlari natijasida har bir sotix yerdan 2-3 martadan hosil olisha boshladi.

Bundan tashqari, aholiga tomorqa uchun subsidiyalar va issiqxona tashkil etish borasida tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar o‘zining samarasini bera boshladi.

Tomorqadan hosil olish yil sayin ko‘paymoqda.

Masalan:

2018 yilda 657 ming tonna, 2019 yilda 829 ming tonna, 2020 yilda 1 mln 40 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti olishga erishildi.

2021 yilda esa 1 mln 304 ming tonna mahsulot yetishtirilishi qutilmoqda.

Shuningdek, 4 yil ichida aholi tomorqasidagi issiqxonalar soni 3152 tadan 40672 taga yetdi.

Bugungi kunda viloyatning Bekobod tumanidagi aholi tomorqalarida 8 mingga yaqin issiqxonalar tashkil etilgan.

Bunga qanday erishildi, degan savol paydo bo‘ladi.

Xususan, tumanda 2018 yilda bor-yo‘g‘i 250 ta issiqxona mavjud bo‘lgan va shu yili O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamg‘arma hisobidan 1,0 mlrd so‘m kredit ajratildi va qo‘shimcha 150 taga yaqin issiqxona qurildi, oilalarning oladigan daromadi osha boshladi. Buni bir-biridan ko‘rgan qo‘ni-qo‘shnilarning issiqxona qurishga qiziqib ketishgani mana shunday natijalarga erishishga olib keldi.

Bekobod tumanining Mallaboy, Mustaqillik, Parchayuz mahallalari; Chinoz tumanining Sutbuloq, Birlik mahallalari; Yangiyo‘l tumanining Yuksalish, Niyazbosh, Binokor, Farovon mahallalari; Zangiota tumanining Ekiqa'la, Nazarbek, Bo‘ston mahallalari va Toshkent tumanining Hasanboy, Hasanboygo‘zari kabi mahallalarida issiqxonasi bo‘lmagan xonadonni topish qiyin.

Issiqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar, olinayotgan daromadlar sarhisobini eshitib, guyoki bu mehnatkash mahallalar ahlini xayolan xitoyliklarga tenglashtirib yuborasan kishi.

Rustam Qosimov,
Toshkent viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid