O‘zbekiston | 11:26 / 19.02.2023
36772
5 daqiqa o‘qiladi

«Talabalarni odobiga ko‘ra guruhga ajratish» – Oliy ta’lim vazirligidan navbatdagi xurmacha topshiriq

OTM rektorlariga jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagi va tartib qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxatini «shoshilinch» tuzish topshirig‘i berilgan. Kun.uz’ga kelib tushgan xatda talabalarga ijtimoiy tarmoqlardagi fikr va maqolalarga tizim sha’nini himoya qiluvchi izohlar yozdirish topshirig‘i ham bor.

Foto: Kun.uz

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 14 fevral kuni respublikadagi barcha OTM rektorlari va filial direktorlariga «shoshilinch» yorlig‘i bilan topshiriq jo‘natgan.

Unda OTM rahbariyatlariga barcha talabalarni o‘rganib, ular orasidan shartli 3 guruh: jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagi va tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxatini shaklantirish va ajratib olingan talabalarga vazirlik, OTMlarning rahbar-xodimlarini biriktirish, ularning ota-onalari bilan individual suhbatlar tashkil etib borish topshirig‘i berilgan.

Xatda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘tkazgan majlisda OTMlarga berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha sifatli ma’lumotlarni 3 kunda j.mirzakarimov@mininnovation.uz elektron manziliga (asoslovchi hujjatlarni ilova qilgan holda word va pdf shaklda) birinchi rahbar imzosi bilan tasdiqlagan holda yuborish so‘ralgan.

Talaba qaysi mezonlar asosida jinoyatchilikka moyil deb topilishi haqida esa xatda hech qanday izoh yo‘q.

Mavzuga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgan ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov talabaning «jinoyatchilikka moyil»ligi, «yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasida» ekanligi qaysi mezonlar asosida belgilanishi, «yot g‘oyalar» deganda qanday g‘oyalar nazarda tutilayotgani, qaysi tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxati so‘ralayotgani borasida savollar qo‘ygan.

Jalilov, shuningdek, vazirlikning bunday tashabbusi Konstitutsiya normalariga mos emasligini ham qo‘shimcha qilib, Adliya vazirligidan holatga munosabat bildirishini so‘ragan.

«Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish ... huquqiga ega. «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega». «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. «Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi». Bular – O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi moddalari.

Talabani (umuman shaxsni) «jinoyatchilikka moyil», «yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasida» singari ro‘yxatlarga tirkash, umuman, davlat organi tomonidan bunday ro‘yxatlar shakllantirilishi va yuritilishi Konstitutsiyaning yuqorida keltirilgan normalariga va aybsizlik prezumpsiyasiga qay darajada mos keladi?» – deb yozadi jamoat faoli.

Oliy ta’lim tobora botqoqqa botib borayotgani haqida Namanganda o‘ziga o‘t qo‘ygan talaba voqeasidan keyin 5 yil Xitoyda ishlab kelgan, hozir Farg‘ona davlat universiteti Zoologiya va umumiy biologiya kafedrasi mudiri bo‘lgan biolog olim Baxtiyor Sheraliyev ham yozgandi. U tizim ichida ishlayotgan kishi sifatida oliy ta’lim nega orqaga ketayotgani sabablarini sanagan.

«Oliy ta’limni botqoqqa botirayotgan ikkinchi eng katta omil bu oliy ta’limdagi maqsadsiz, foydasiz qog‘ozbozlikning haddan tashqari ko‘pligidir. Ayni vaqtda oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlaridan tortib oddiy professor-o‘qituvchisigacha shu darajada bandki, o‘zining asosiy funksiyasi bo‘lgan ilm-fan va o‘quv jarayoni bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q. Vazirlik har kuni bir dunyo qanaqadir jadvallarni to‘ldirib berishni so‘raydi», – deb yozadi u.

Topshiriqni bajarish bo‘yicha rektorlarga jo‘natilgan ma’lumotda bir qancha vazifalar qo‘yilganki, bu haqiqatan ham OTMning vazifasi bo‘lishi mumkinmi, degan haqli savol tug‘iladi. Ular orasida:

– oliy ta’lim muassasalarida elektr energiya bilan ta’minlaydigan quyosh panellarini o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatish ishlarini amalga oshirishni tizimli boshlash;

– xodimlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bo‘yicha e’lon qilinayotgan maqola va fikrlarga tizim sha’nini himoya qilish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan ishtirok etishi bo‘yicha tushuntirishlar olib borish;

– yoshlar o‘rtasida paydo bo‘layotgan yomon illatlardan ogoh qilish maqsadida ta’sirchan qisqa hikoyalar nashr qilish nazarda tutilsin kabi vazifalar sanalgan.

Kun.uz holat yuzasidan vazirlikdan izoh so‘radi, biroq so‘rov javobsiz qolmoqda.

Bu voqea vazirlikka tayinlanganiga 1 oydan oshgan vazir Ibrohim Abdurahmonovning salbiy muhokamaga sabab bo‘lgan ikkinchi topshirig‘i. Bundan oldin vazirning ishga joylashmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan nodavlat OTM faoliyatini tugatish masalasi ko‘rilishi haqidagi ogohlantirishi e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid