Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amnesty AQShni JCh oldidan “avtoritar amaliyotlar”da aybladi
Amnesty International xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkiloti futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati arafasida AQShda inson huquqlari bilan bog‘liq “favqulodda vaziyat” mavjudligini ta’kidladi. Meksikada esa, huquq himoyachilari bahosiga ko‘ra, zo‘ravonlik va jazosizlik keng tarqalgan.
Foto: Jim Watson/AFP/Getty Images
2026 yil yozida AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbon mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq keskin inqiroz sharoitida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Amnesty International'ning 30 mart, dushanba kuni e’lon qilingan “Insoniyat g‘alaba qozonishi kerak: FIFA-2026 jahon chempionatida huquqlarni himoya qilish va repressiyalarga qarshi kurash” nomli hisobotida so‘z boradi.
Musobaqa o‘yinlarining asosiy qismi bo‘lib o‘tadigan AQShda “inson huquqlari sohasida favqulodda vaziyat” kuzatilmoqda va u “tanish avtoritar amaliyotlar” bilan kechmoqda, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari. Amnesty International asosiy muammolar sifatida quyidagilarni sanab o‘tadi: “Qurollangan agentlar eshiklarni buzib kirmoqda, bolalarni ushlab ketmoqda va allaqachon yuz minglab kishilarni deportatsiya qildi. Ayrim futbol muxlislari omma oldida ko‘rinish xavfli bo‘lib qolganini aytmoqda, to‘rt davlat — Kot-d’Ivuar, Haiti, Eron va Senegal fuqarolariga esa mamlakatga kirish taqiqlangan”.
Amnesty International fikricha, AQShda jahon chempionati vaqtidagi eng jiddiy xavf “qattiqqo‘l, kamsituvchi va ko‘p hollarda o‘limga olib keluvchi migratsiya nazorati” tizimidan kelib chiqadi. Hisobot mualliflari shunday yozadi: “Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) hamda AQSh Chegara-bojxona xizmati harbiylashtirilgan tuzilmalarga aylandi: niqobli, qurollangan agentlar ordersiz uylarga bostirib kirmoqda, odamlarni asossiz ushlamoqda, hibsda saqlamoqda, zo‘ravonlik qilmoqda va o‘ldirmoqda”.
Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil boshidan buyon ICE saqlash markazlarida 43 kishi vafot etgan, agentlar esa “o‘limga olib keluvchi kuch ishlatgan, jumladan noqonuniy o‘ldirish holatlari ham bo‘lgan”. Bundan tashqari, rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili 500 mingdan ortiq kishi deportatsiya qilingan, ICE tomonidan ko‘chalarda amalga oshirilgan hibslar soni o‘n bir barobarga, hibsda saqlanayotgan bolalar soni esa olti barobarga oshgan. Amnesty International Mayami yaqinidagi saqlash markazlaridagi sharoitlarni shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni tahqirlovchi muomalaga, ayrim hollarda esa qiynoqqa tenglashtirgan.
Hisobotda shunday deyiladi: “Futbol migrant jamoalar orasida ommabop bo‘lishiga qaramay, na FIFA, na AQSh hukumati etnik profillash, o‘zboshimchalik bilan ushlash va deportatsiyadan himoya bo‘yicha kafolat berdi. Bundan tashqari, ICE vakillari agentlik jahon chempionati xavfsizlik tizimining bir qismiga aylanishini aytgan”.
Meksikada inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar allaqachon “chuqur ildiz otgan”, deya qayd etadi huquq himoyachilari. Ular “keng tarqalgan zo‘ravonlik, jazosizlik va tizimli tahdidlar”ga ishora qiladi. Amnesty International rasmiy ma’lumotlarga tayanib yozishicha, Meksikada qotilliklar darajasi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, har 100 ming aholiga 17,5 holat to‘g‘ri keladi, o‘g‘irlab ketish holatlari soni esa so‘nggi 10 yil ichida 200 foizga oshgan.
Zo‘ravonlik darajasi yuqori bo‘lgani sababli turnir uchun 100 ming nafar xavfsizlik xodimi, jumladan 20 ming harbiy safarbar qilingan. Amnesty International bunda harbiylarni jalb etishni ham Meksikaning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini buzish deb baholaydi, chunki jamoat tartibini saqlash, avvalo, fuqaroviy politsiya vakolati bo‘lishi kerak.
Kanada misolida esa Amnesty International'ni eng ko‘p tashvishlantirayotgan masala mamlakatda davom etayotgan uy-joy inqirozidir. Tashkilot ogohlantirishicha, bu 2010 yil Vankuver qishki Olimpiadasi oldidan bo‘lgani kabi, yana uysizlarni majburiy ko‘chirishga olib kelishi mumkin. Hisobot mualliflari: “Torontodagi uysizlar uchun mo‘ljallangan qishki boshpana FIFAga maydon ajratilishi sababli bir oy oldin yopildi”, deb yozadi.
Tashkilot fikricha, global vaziyat ham tarangligicha qolmoqda. Amnesty International bu borada “AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining xalqaro hamkorlik mexanizmlarini yemirishga qaratilgan qadamlari”ni tilga oladi va bunga Venesuela hamda Eronga qilingan hujumlarni misol sifatida keltiradi.
Amnesty International inson huquqlari bilan bog‘liq asosiy chaqiriqlar qatorida AQSh va Meksikada jurnalistlarga bosim kuchayganini ham keltiradi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi — CPJ Meksikani “G‘arbiy yarimsharda matbuot uchun eng xavfli mamlakat” deb atagan. 2025 yil davomida Meksikada o‘z kasbiy faoliyati tufayli yetti jurnalist o‘ldirilgan. Hisobot mualliflari shunday yozadi: “Yuzlab qayd etilgan hujumlar va o‘nlab qotilliklarga qaramay, Meksikaning maxsus prokuraturasi 2012 yildan 2023 yilgacha jurnalistlar qotilligi bo‘yicha atigi sakkizta ayblov hukmiga erishgan, federal hokimiyat esa qotillikka buyurtma berganlarni javobgarlikka tortmagan”.
Bundan tashqari, huquq himoyachilari har uchala mamlakatda, turli darajada bo‘lsa-da, tinch yig‘inlar o‘tkazish huquqiga qo‘yilayotgan cheklovlar va ayrim shaxslarga nisbatan kamsitish holatlarini qayd etadi. Mualliflar yozishicha, AQShda Donald Trampning ayrim odamlar huquqlariga oid siyosati tufayli yevropalik ayrim muxlislar guruhlari o‘yinlarga borishdan voz kechgan. Meksikada esa zo‘ravonlik darajasi yuqori bo‘lib qolmoqda; Amnesty International ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. 2024 yilda Meksikada ayrim shaxslarni o‘ldirish bilan bog‘liq 59 holat qayd etilgan.
Amnesty International AQSh, Kanada va Meksikani fikr bildirish erkinligi va tinch yig‘inlar o‘tkazish huquqini kafolatlashga, AQShga kirish taqiqlarini bekor qilishga, ayrim shaxslarni himoya qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga, migratsiya reydlari va noqonuniy deportatsiyalarni to‘xtatishga, shuningdek jahon chempionati o‘tkaziladigan joylar migratsiya nazorati organlari tomonidan ta’qib qilinmasligini ta’minlashga chaqirdi.
Germaniyadagi Amnesty International bo‘limi bosh kotibi Yuliya Duxrov shunday dedi: “Agar ICE reydlari, ommaviy hibslar va kirish taqiqlari davom etsa, bu turnir davlat qo‘rqituvining ramziga aylanadi. FIFA va mezbon mamlakatlar hozirning o‘zida barcha ishtirokchilarga qo‘rquv va yakkalanishsiz jahon chempionatidan bahra olish imkonini beruvchi majburiy kafolatlarni taqdim etishi lozim”.
Mavzuga oid
22:35 / 30.03.2026
“U aqldan ozgan” – millionlab amerikaliklar Trampga qarshi bosh ko‘tardi
21:33 / 30.03.2026
Eronning arzon dronlari qanday qilib urush olib borish usullarini o‘zgartiryapti?
11:55 / 30.03.2026
Saudiyada AQShning razvedkachi samolyoti yo‘q qilindi
10:20 / 30.03.2026