Jahon | 21:33
4913
11 daqiqa o‘qiladi

Eronning arzon dronlari qanday qilib urush olib borish usullarini o‘zgartiryapti?

«Eron 35 ming dollarlik dron bilan hujum qilayotganda AQSh uni 4 mln dollar turadigan raketa bilan urib tushirayotgan bo‘lsa, xarajatlar noto‘g‘ri yo‘nalishda ekanini tushunish qiyin emas». Ushbu maqolada Eronga ustunlik berayotgan «dron matematikasi» haqida so‘z yuritamiz.

Fevral oyida namoyish qilingan Shahed-136 droni – Tehron / Foto: AFP

AQSh va Isroil kuchlari 28 fevral kuni boshlagan va 4 haftadan ortiq davom etayotgan urush davomida Eron harbiy kuchlarining katta qismi: ballistik raketa maydonchalari va mamlakat harbiy-dengiz flotining katta qismini yo‘q qilganini aytmoqda. Shu bilan birga, Eron saqlab qolgan afzalliklardan biri — Shahed dronlaridir.

Shahed nomi bilan tanilgan dronning ko‘plab modellari mavjud, ammo eng ko‘p qo‘llanadigani – delta qanotli Shahed-136. U bir marta foydalaniladigan, qaytib kelmaydigan, o‘zini o‘zi portlatadigan – kamikadze zarbdor dronidir.

Shahed droni havoda. Foto: Getty Images/AFP

Uni ko‘p jihatdan sekin uchadigan, sodda qanotli raketa deyish mumkin. Uning kengligi 2,5 metrdan biroz ko‘proq va uzunligi 3,6 metr atrofida, maksimal tezligi soatiga 185 kilometr. U harbiy yoki oddiy pikapning orqa qismidagi relsli uskunadan uchiriladi.

Shahed droni o‘lchamlari / Foto: AFP

Havoga ko‘tarilgach, Shahed 2400 kilometrgacha masofaga ucha oladi va 40 kg vaznli jangovar kallagi uchun nishonni topishda GPS’dan foydalanadi. Bularning barchasi har bir dron uchun taxminan 35-50 ming dollar atrofida xarajat evaziga amalga oshadi.

Dronlar Amerikaning raketa zaxiralarini tugatmoqda

Shahed dronlari — bu faqat AQSh tomonidan nishonga olinayotgan katta zavodlarda emas, kichikroq sexlarda ham yig‘ilishi mumkin bo‘lgan, tayyor qismlardan yasalgan arzon qurollardir. Eron shu kabi dronlardan Amerika bazalari, havo mudofaa radarlarini nishonga olish, elchixonalar binolariga hujum qilishda, arab davlatlarining muhim neft va gaz infratuzilmalarini urishda foydalanmoqda.

Eronning dron hujumlari oqibatida shu kunga qadar AQShning kamida olti nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Dron BAA, Qatar, Bahrayn va Saudiya Arabistonidagi neft va tabiiy gaz obektlari uchun haqiqiy dahshatga aylandi.

Bundan tashqari, kamikadze dronlari AQSh va Isroilning tutib qoluvchi raketa (interceptor) zaxiralarini tezda tugatmoqda.

New York Times'ning yozishicha, «Shahed»lar tahdidiga qarshi kurashish uchun Fors ko‘rfazi davlatlari har biri millionlab dollar turadigan tutib qoluvchi raketalarni uchirmoqda. Ushbu past texnologiyali «vizillab» uchuvchi qurilmalar bilan shug‘ullanish uchun deyarli to‘xtash tezligigacha sekinlashishga majbur bo‘lgan qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilmoqda. Shuningdek, dronlarni osmondan pulemyotlar bilan urib tushirayotgan Apache zarbdor vertolyotlari ham bor.

Urushlarda yangi davr

Vox'ning «Today, Explained» dasturiga intervyu bergan Pensilvaniya universiteti professori, innovatsiyalar bo‘yicha katta ilmiy xodim Maykl Horovit ushbu dronlar nimalarga qodirligi va AQSh qanday qilib ularga qarshi tura olishi haqida tushuntirish berdi.

«Men kabi insonlarni xavotirga soladigan narsa shundaki, Amerikaning aviatashuvchi kemalari, odatda, juda yaxshi himoyalangan. Dronning o‘zi hech qachon Amerika aviatashuvchi kemasini yo‘q qila olmaydi. Ular shunchaki juda kichik. Ammo ularning ko‘p miqdori buni uddalashi mumkin.

Foto: New York Times

Haqiqiy xavf shundaki, faraz qiling, siz bitta yoki yuzta emas, balki bir vaqtning o‘zida 500 ta dronni Amerika aviatashuvchisiga qarata uchirdingiz. Hatto AQSh ulardan 450 tasini urib tushira olgan taqdirda ham, hali ham juda ko‘p dronlar nishonga yetib boradi», deydi professor.

Eron uchira oladigan bu bir tomonlama zarbdor dronlarning ko‘lami nafaqat infratuzilma va obektlarni, balki haqiqatan ham muhim harbiy nishonlarni, jumladan, AQSh kemalarini ham urish imkoniyatini yaratadi. Eron, ehtimol, bu dronlarning cheksiz miqdoriga ega emasdir.

Eronda qancha dron bor?

«Eron ixtiyorida aniq qancha dron borligini bilmaymiz, lekin ularda minglab borligini bilamiz. Shuningdek, Rossiya ham bir necha haftada o‘zining Shahed-136 nusxasidan mingta yoki undan ko‘proq ishlab chiqarish qobiliyatiga ega ekanligini bilamiz. Eron ham taxminan shunday miqyosda ish tutish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin.

AQSh va Isroil, shubhasiz, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini nishonga olmoqda, ammo Eronning ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari yer ostida joylashgan va bu tizimlarni qurish uchun tijorat ishlab chiqarishidan (oddiy sanoatdan) foydalanish mumkinligi sababli, buni deyarli hamma joyda amalga oshirish mumkin», deydi Horovit.

Professorning aytishicha, AQShning Eronga qarshi o‘zining birinchi aniq ommaviy tizimi — LUCAS dronini qo‘llashni boshlagan. Lekin u ham hozircha ommaviy tarzda ishlatilmayapti.

Amerika harbiy arsenali miqdordan ko‘ra – sifatga asoslangan. U dunyodagi eng yaxshilaridan biri bo‘lgan, oz sonli, qimmat va ishlab chiqarish qiyin bo‘lgan tizimlarga ega bo‘lishga tayanadi. Ammo ular mohiyatan «eksklyuziv» mahsulotlar sifatida ishlab chiqilgan va ommaviy ishlab chiqarilmagan. Muammo shundaki, endi bular yetarli emas.

«Agar Eron AQShga qarata 35 ming dollarlik dron uchirayotgan bo‘lsa va AQSh uni – har bir o‘qi 1 million dollardan 4 million dollargacha tushadigan qurol bilan urib tushirayotgan bo‘lsa, nimadir noto‘g‘ri. Bu yerda xarajatlar egri chizig‘i noto‘g‘ri yo‘nalishda ekanligini tushunish uchun mudofaa bo‘yicha rejalashtiruvchi bo‘lish shart emas», deydi tahlilchi.

Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi / Foto: Department of War

AQSh va uning Yaqin sharqdagi ittifoqchilari so‘nggi bir oyda Eronning aralash hujumlarini qaytarishda asosan Patriot qisqa va o‘rta masofali havo hujumidan mudofaa tizimlarini ishlatmoqda. Patriot raketalarining har biri bir necha million dollardan boshlanadi hamda samolyotlar, qanotli va ballistik raketalarni yakuniy bosqichda urib tushiradi.

Eron qanday qilib bu qadar yaxshi qurollandi?

Ehtiyoj — kashfiyotlarning «onasi»dir. Eron kabi davlat mintaqada kuchli xavfsizlik tahdidlarini his qilgan. Bu qisman Eronning o‘z mafkurasi bilan bog‘liq: agar siz «Amerikaga o‘lim» deb hayqirib yursangiz, u holda AQSh va mintaqa davlatlari sizga beradigan ba’zi savollariga tayyor turishingiz kerak.

Eron 1980 yillarda Iroqqa qarshi urush olib bordi. Eron yillar davomida turli qo‘shnilari bilan doimiy to‘qnashuvlarda bo‘lib keldi. Shunday qilib, Eron ancha keng harbiy arsenal yaratdi. U AQSh yoki Isroilniki kabi yaxshi emas. Ammo Eron ushbu arzon, uzoq masofali va aniq uroladigan ommaviy qurollarni ishlab chiqishda kashfiyotchi bo‘ldi. Keyinchalik ularni Rossiya bilan baham ko‘rdi.

AQSh qanday himoyalanmoqchi?

AQShda shunchalik katta pul sarf qilmasdan Eron dronlaridan himoyalanishning yo‘li bormi? AQShda variantlar bor. Faqat u yerga yetib borish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi.

«Ehtiyoj – kashfiyotlarning onasi» bo‘lgan yana bir davlat bu – to‘rt yildan beri Rossiya bosqiniga qarshi turgan Ukrainadir. Ukraina deyarli har kuni Rossiyaning o‘nlab Shahed (Geran) dronlari qurboni bo‘lmoqda. Shu sababli u ham arzonroq havo mudofaa tizimlarini joriy etishda kashfiyotchilik qildi. Masalan, ukrainlar o‘sha 35 000 dollarlik dronlarni yo‘q qilish uchun yanada arzonroq dronlardan foydalanmoqda. Hatto ba’zi hollarda Ikkinchi jahon urushi uslubidagi eski zenit qurollarini qo‘llamoqda.

Ukrainaning dronlarni tutib qoluvchi droni / Foto: MilitarNYI

Agar ancha arzon bo‘lgan uchuvchisiz dron milliard dollarlik aviatashuvchi kemani mag‘lub eta olsa, AQSh urush olib borish usullarini qayta ko‘rib chiqishi kerak, yuz foiz.

Faqat ushbu nafis, qimmat va ishlab chiqarish qiyin bo‘lgan qurollarga tayanish rejasi AQSh uchun endi yetarli bo‘lmay qoldi. Bu, ayniqsa, AQSh duch kelishi mumkin bo‘lgan Xitoy yoki Rossiya kabi eng murakkab potensial dushmanlarga qarshi urushda to‘g‘ri keladi.

Qo‘shma Shtatlar intilishi kerak bo‘lgan narsa, bu yuqori va quyi kuchlar aralashmasi – «high /low mix» deb ataladigan strategiyadir.

Maykl Horovitning aytishicha, ba’zi yuqori darajadagi tizimlar, masalan, Tomahawk raketalari va F-35 samolyotlari kabi texnologiyalar ham bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, ushbu arzonroq tizimlarning yangi to‘lqini ham bo‘lishi lozim. Ularga 50 yil davomida saqlab qolinadigan narsa sifatida emas, balki arzonroq, bir marta foydalaniladigan va muntazam ravishda yangilanib turadigan vositalar sifatida qarash kerak.

Keyin avlod urushlari

Urushning xarakteri har doim o‘zgaruvchan. Men buni Birinchi jahon urushida pulemyotlarning keng miqyosda joriy etilishi kabi deb o‘ylagan bo‘lardim, deydi tahlilchi. Bu urushning xarakterini tubdan o‘zgartirgan holat edi.

Masalan, o‘shandan keyin pulemyot hamma joyda uchraydigan qurolga aylandi. Hamma pulemyotga ega edi. Keyin Ikkinchi jahon urushida janglarga ta’sir qilgan qurol – tanklar bo‘ldi. Va o‘shandan beri hamma joyda tanklar bor.

Tehronda namoyish qilinayotgan dron / Foto: Getty Images

Rossiya-Ukraina urushi va Eron bilan bo‘layotgan urushda bizlar hozir ko‘rayotgan narsa — bu bir tomonlama zarbdor dronlardir. Gap shundaki, ular harbiylar uchun kerak bo‘lgan yagona narsa emas, lekin ular endi kelajakdagi arsenalning ajralmas qismi bo‘ladi. Agar sizda ular bo‘lmasa yoki ulardan himoyalana olmasangiz, demak, katta muammoga duch kelasiz.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid