O‘zbekiston | 14:47 / 23.05.2018
22242
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikada yangi O‘zbekiston vujudga kelgani tan olinmoqda – Sodiq Safoyev

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidentining bugungi kunda xalqaro miqyosda katta obro‘ga ega ekanligi, eng yetakchi davlatlar rahbarlari tomonidan yuqori hurmat bilan tilga olinayotgani AQShga tashrifning muvaffaqiyatli tashkil etilishida muhim rol o‘ynadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Xalq so‘zi”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga rasmiy tashrifi O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasida strategik sheriklikni, birinchi navbatda, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga to‘laqonli mos keladigan yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. 

“Fikrimcha, tashrifning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, dunyoda, jumladan, Amerikada yangi O‘zbekiston vujudga kelgani tan olinmoqda. Yangi davlat, avvalambor, yangi imidjga, yangi xalqaro obro‘ga va yangicha hurmatga ega bo‘lgan davlat deganidir. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, Amerikaga tashrif, ushbu mamlakat siyosiy elitasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi”, - deya aytib o‘tdi Safoyev.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev AQShga 15-17 may kunlari amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi davomida prezident Donald Tramp, davlat kotibi Mayk Pompeo va Pentagon rahbari Jyeyms Mettis bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Mavzuga oid: Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi yakunlandi. Nimalarga erishildi?

Mavzuga oid