O‘zbekiston | 12:15 / 23.02.2026
9088
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 62 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi shifoxonaga yotqizilgan

Bemorlarda tana harorati ko‘tarilishi, qorindagi og‘riq, holsizlik, ko‘ngil aynishi, ich o‘tishi belgilari qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz bergani yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 21 fevral kuni Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Farg‘ona shahri hududida joylashgan 2-sonli, 58-sonli va 61-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari olib kelingan.

Ularda tana harorati ko‘tarilishi, qorindagi og‘riq, holsizlik, ko‘ngil aynishi, ich o‘tishi belgilari qayd etilgan.

«Aniqlanishicha, bemorlarda qorin sohasida og‘riq, ich ketishi, harorat ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi kabi salbiy holatlar kuzatilgan. Shifoxonada davolovchi vrachlar tomonidan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, «O‘tkir diareya kasalligi, alimentar etiologiyali» tashxisi bilan diyareya bo‘limiga yotqizilgan», deyiladi boshqarma xabarida.

Hozirda bo‘limda 62 nafar bemor davolanmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari bog‘chalarning oshxonalarida va ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar o‘tkazib, bolalar iste’mol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib tekshirayotgani ma’lum qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid