Jahon | 17:58 / 19.04.2026
14135
6 daqiqa o‘qiladi

Eron bo‘g‘ozni yana yopib qo‘ydi. Bir necha kema o‘qqa tutilgan

Eron qurolli kuchlari shanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan «qat’iy nazorat» qaytadan tiklangani haqida ma’lum qildi. Bu esa strategik muhim suv yo‘lini ochish to‘g‘risida Vashington bilan muzokaralar doirasida qabul qilingan qaror bekor bo‘lganini anglatadi.

Foto: Reuters

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qaytadan yopilganini ma’lum qildi. Harbiylarning davlat televideniyesi orqali e’lon qilingan bayonotida Vashington va’dasiga xilof tarzda Eron portlariga kelayotgan va portlardan chiqayotgan kemalarni bloklashda davom etgani qayd etilgan.

AQSh Erondan chiquvchi va Eronga kiruvchi barcha kemalar uchun to‘liq erkinlikni tiklamagunicha «Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat qat’iy nazorat ostida bo‘lishi» ta’kidlangan.

Keyinroq Islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy-dengiz kuchlari «birorta kema Fors ko‘rfazi yoki O‘mon ko‘rfazida langar tashlagan joylarini tark etmasligi» lozimligini ma’lum qildi.

«Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqinlashish dushman bilan hamkorlik sifatida baholanadi va uni buzgan kema nishonga olinadi», – deyiladi korpus bayonotida.

Shuningdek, «Donald Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha so‘zlari o‘z kuchini yo‘qotgani» qayd etilgan.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Eron hukumati o‘tish navbatini kutib turgan kemalarning kapitanlarini bo‘g‘oz bo‘ylab harakat yopilgani haqida xabardor qilgan.

Shanba kuni avvalida Donald Tramp jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Eron rahbariyati yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ymoqchiligi, ammo «AQSh o‘zini shantaj qilishga yo‘l qo‘ymasligi»ni aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu masalada qat’iy pozitsiyani egallagan.

U Eron bilan «juda yaxshi muzokaralar» olib borilayotganini aytgan, ammo Tehron o‘zini «so‘nggi 47 yil davomida bo‘lgani kabi biroz ayyorona tutayotgani»ni qayd etgan.

U keyinroq Eron bo‘yicha ayrim ma’lumotlar paydo bo‘lishini va’da qilgan, ammo mojaro haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savollarga javob berishni istamagan.

Tehron va Vashington o‘rtasidagi sulh muddati 22 aprel kuni yakunlanadi.

«Balki men uni uzaytirmasman, ammo blokada o‘z kuchida qolmoqda», – degandi Tramp avvalroq Air Force One bortida sulh bo‘yicha savol bergan jurnalistlarga.

AQSh markaziy qo‘mondonligiga (CENTCOM) ko‘ra, 13 aprel kuni boshlangan blokada davomida 21 ta kema ortiga burilib, Eronga qaytishga majbur bo‘lgan.

MarineTraffic xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tijorat kemalari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishni boshlagandi, biroq shanba kuni yopilgandan so‘ng yo‘nalishni o‘zgartira boshlagan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar o‘qqa tutildi

Shanba kuni bo‘g‘oz yana to‘sib qo‘yilganidan keyin bo‘g‘oz hududida harakatlangan kamida uchta savdo kemasi Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan o‘qqa tutilgan.

Birinchi holat O‘mon sohillaridan 20 milya (37 km atrofida) masofada ro‘y bergan. Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo tashuvlarini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, kema va ekipaj xavfsizlikda.

«Tanker kapitani unga Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikkita kateri yaqinlashgani, ular aloqaga chiqmagani, keyin esa tankerga qarata o‘t ochilganini ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, tanker va ekipaj xavfsiz holatda. Rasmiylar tergov olib bormoqda», – deyiladi xabarda.

Keyinroq UKMTO O‘mondan 25 milya shimoli-sharqda turgan konteynerovozga ham «noma’lum snaryad» kelib tushgani, shuningdek, O‘mon sohillari yaqinidagi kruiz layner atrofida ham suvga noma’lum obekt tushganini xabar qildi.

Buning ortidan Hindiston tashqi ishlar vazirligi shanba kuni o‘qqa tutilgan kemalardan ikkitasi o‘z bayrog‘i ostida harakatlanganini ma’lum qildi. Vazirlik Eronni hind kemalarini bo‘g‘ozdan o‘tkazish amaliyotiga qaytishga chaqirgan.

Axios o‘z manbasiga tayanib, uchta savdo kemasi hujumga uchragani, shundan kamida bittasi shikastlanganini xabar qildi.

Kelishuv yo‘lidagi to‘siqlar

Shanba kuni Pokiston rasmiylari armiya bosh qo‘mondoni Osim Munir Tehronga uch kunlik tashrifini yakunlagani haqida xabar berdi – u bu yerda urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida Eron rahbariyati bilan uchrashgan.

AFP iqtibos keltirgan bayonotga ko‘ra, feldmarshal prezident, tashqi ishlar vaziri, parlament spikeri va harbiy qo‘mondonlik rahbari bilan uchrashgan.

«Tashrif Pokistonning mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga va tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo‘shishga qat’iy intilishini namoyish etdi», – deyiladi harbiy idora bayonotida.

O‘tgan hafta oxirida AQSh va Eron delegatsiyalari Islomobodda Pokiston vositachiligida tinchlik muzokaralarini o‘tkazgandi. Birinchi raund muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, urushni yakunlash uchun diplomatik harakatlar davom etdi.

Tomonlar tez orada Pokiston poytaxtida yana uchrashishi kutilmoqda, biroq Eron hukumati shanba kuni uchrashuv sanasi hali belgilanmaganini ma’lum qildi.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

Tramp jurnalistlarga Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalardan «boj undirmasligi»ni aytdi.

Bundan tashqari, Tramp Vashington va Tehron tinchlik kelishuvi doirasida Eronda saqlanayotgan boyitilgan uranni topshirishni talab qilgan, biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi uran zaxiralari hech qayerga olib ketilmasligini ma’lum qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid